Konstitutsiya – inson huquq va erkinligi ustuvorligi poydevori

    Mamlakatimizda sanoqli kunlardan keyin Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 30 yilligi nishonlanadi. Asosiy Qonunimizda ifodalangan qoidalar eng avvalo inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishga qaratilgan.

    Konstitutsiyada shaxs manfaatlarining davlat manfaatidan ustun, eng oliy qadriyat sifatida mus­tahkamlab qoʻyilganini alohida taʼkidlash oʻrinli. Kons­titutsiya davlatning ijtimoiy va davlat tuzumi, saylov tizimi, davlat organlarining tashkil etilishi va faoliyatini belgilab beruvchi Asosiy Qonun ekanligidan ­tashqari, u bugun inson huquq va erkinliklari ustuvorligining gʻoyaviy poydevoridir.

    Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekistonda barcha sohalar qatori sud-huquq yoʻnalishida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

    Maʼlumki, mustaqil va xolis sudni talab qilish har bir insonning huquqi hisoblanadi. Bu huquq Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 10-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilgan boshqa xalqaro huquq hujjatlarida belgilab qoʻyilgan. Faqat mustaqil sudgina har bir fuqaroning ishini sudda xolis va oshkora koʻrish orqali toptalgan haq-huquqlarni himoya qilishi mumkinligiga ishonch uygʻota oladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonida qoʻyilgan ustuvor vazifalar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlashga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan boʻlib, shu bilan birga sud tizimiga bogʻliq bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga, moddiy va protsessual qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni taqozo etdi.

    Davlatimiz rahbarining 2017-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoniga koʻra mamlakatimiz tarixida ilk bor sud hokimiyati mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipini taʼminlashga koʻmaklashuvchi Sudyalar oliy kengashi tashkil etilib, unga konstitutsiyaviy maqom berildi.

    Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi birlashtirilib, fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi – Oliy sud tashkil etildi. Harbiy sudlar Qurolli Kuchlar tarkibidan Oliy sud tizimiga oʻtkazildi. Xoʻjalik sudlari iqtisodiy sudlarga oʻzgartirilib, 71 ta tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etildi. Quyi sud sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshi 65 yoshgacha, Konstitutsiyaviy va Oliy sud sudyasi uchun 70 yoshgacha belgilanishi sudyalar mustaqilligini kafolatlash bilan birga professional sudyalar korpusini shakllantirishga zamin yaratdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi komissiya tuzildi. Uning asosiy vazifalari etib sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni aniqlash, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish kabilar belgilandi

    Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda mustaqil sud hokimiyatining shakllanish va rivojlanish bosqichlarini tizimli va mantiqiy izchillikda tadqiq etish asosida chiqarilgan xulosalar Konstitutsiyamizda va Taraqqiyot strategiyasida sohaga oid aniq va asoslantirilgan maqsad va vazifalarni belgilash hamda ularni ijtimoiy hayotga tatbiq etishning muhim omili boʻlib xizmat qiladi.

    Dilbar Suyunova,

    yuridik fanlar doktori