2023-yil 30-aprel mamlakatimiz tarixi sahifalariga ulkan siyosiy voqea sifatida muhrlanishi shubhasiz. ushbu sanada yurtdoshlarimiz oʻz xohishirodasini umumxalq referendumi orqali bildirib, yangi tahrirdagi xalqchil Konstitutsiyamizning qabul qilinishiga xayrixohlik bildirdi. Shu oʻrinda Asosiy qonunimizda yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilgani aholining salmoqli qismini tashkil etuvchi navqiron avlodni mamnun etdi.
Xususan, Konstitutsiyamizning XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan. Mazkur bobning 79-moddasi bevosita yoshlarga qaratilgan boʻlib, unda, jumladan, shunday deyiladi: “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi.
Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shartsharoitlar yaratadi”. Shu va boshqa moddalarda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, mamlakatidan hamda xalqining boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik va Vatanga mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirish, ularning qator haq-huquqlari roʻyobga chiqishi uchun shart-sharoit yaratish, maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi hamda bandligini taʼminlash majburiyatini davlat oʻz zimmasiga olayotir.
Bunga Konstitutsiya darajasida kafolat berildi. Mana shunday imkoniyatlar yoshlarga ragʻbat beradi, ruhlantiradi. Ularning oʻz isteʼdodini toʻlaqonli namoyon etishiga eshik ochadi, davlat va jamiyatga ishonchli munosabatini shakllantiradi. Eʼtiborli yana bir jihat shuki, Konstitutsiyamizda yoshlarning tanlov asosida bepul oliy taʼlim olishi ham kafolatlanmoqda. Soʻnggi oʻn yilda yoshlarning davlat granti asosida bepul taʼlim olishi uchun ajratilgan kvotalar miqdori ancha kamayib ketgan edi.
Ayni paytda davlat granti asosidagi kvotalar ikki barobar koʻpaytirilib, salmoqli koʻrsatkichga yetkazildi. Buning natijasida, yigit-qizlarda bilim olishga qiziqish va ishtiyoq yanada oshadi. Ilmli avlodning shakllanishi va koʻpayishiga mustahkam zamin yaratiladi. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirish kabi ulugʻvor vazifalarni oldimizga qoʻyganmiz.
Bunday ulkan maqsadlarga faqat bilimli, salohiyatli va intiluvchan yoshlar orqaligina erishish mumkin. Navqiron avlod mamlakatimizning kelajagi va istiqboli kafolati hamdir. Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va erkinliklari hamda manfaatlari kafolatlangani masalaning bir jihati boʻlsa, ikkinchi muhim jihati uni amalga oshirish va hayotga tatbiq etishdir. Bosh qonunimizdagi moddalarning amaliyotda samara berishi zamirida intilish va saʼy-harakatlarimiz yotishini unutmaslik kerak.
Zotan, Vatanimizning yanada gullab-yashnashi aynan navqiron avlodga bogʻliq. Bu, oʻz navbatida, Yoshlar parlamenti aʼzolari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.