birinchidan, avval amal qilgan “davlat – jamiyat – inson” paradigmasini yangi “inson – jamiyat – davlat” paradigmasiga oʻzgartirib, konstitutsiyaviy qonunchilik va konstitutsiyaviy amaliyotda mustahkamlash;

ikkinchidan, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini taʼminlash;

uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va maqomini, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini konstitutsiyaviy mustahkamlash;

toʻrtinchidan, oila institutini rivojlantirish, boʻlajak avlodlarga anʼanaviy insoniy qadriyatlarni asrab-avaylagan holda yetkazish, mamlakatda millatlararo totuvlikni mustahkamlashning konstitutsiyaviy asoslarini belgilash;

beshinchidan, Konstitutsiyada davlat yoshlar siyosatini, yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari – yoshlarning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishini, ularning huquqi, manfaatlari va majburiyatlarini aks ettirish;

oltinchidan, hozirgi kunda Oʻzbekiston ijtimoiy davlat va odil fuqarolik jamiyatini qurish sari ildam borayotganini hisobga olgan holda “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilini konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlash;

yettinchidan, inson huquqlarini himoya qilish tizimi samaradorligini oshirish, bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik, nogironligi bor shaxslar va keksa avlod vakillari huquqlarining ishonchli muhofazasini taʼminlash;

sakkizinchidan, Konstitutsiyaga maxsus ekologik qoidalar, global iqlim oʻzgarishlariga tegishli huquqiy meʼyorlarni kiritish;

toʻqqizinchidan, bolalar bogʻchalari, maktablar, Uchinchi Renessans asoslarining oʻzaro bogʻliq jihatlari boʻlgan oliy taʼlim va fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash.

Shu oʻrinda, bugungi kunda turli mamlakatlarda konstitutsiyaviy islohotlarning amalga oshirilishi bir nechta tendensiyalar kuzatilmoqda.

Ulardan birinchisi konstitutsiyaning aksiologik tarkibiy qismini, davlatning milliy qadriyatlarini va milliy oʻzlikni mustahkamlashni oʻz ichiga oladi. Bu yoʻnalishda konstitutsiyaviy islohotlar Vengriya (2011), Latviya (2014), Qozogʻiston (2017), Rossiya Federatsiyasi (2020) va boshqalarda amalga oshirildi.

Zamonaviy dunyoda konstitutsiyaviy islohotlarning ikkinchi tendensiyasi – bu davlatning institutsional tizimini takomillashtirish (davlat organlari tizimini modernizatsiya qilish). Ushbu vektor koʻp qirrali xususiyatga ega boʻlib, unda konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida quyidagi oʻzgarishlarni koʻrish mumkin:

– boshqaruv shaklini uning sezilarli darajada oʻzgarishi bilan bogʻliq modernizatsiya qilish, xususan, boshqaruvning bir shaklidan boshqasiga oʻtish. Misol uchun, Armanistonda 2015-yilgi konstitutsiyaviy islohot aralash respublikadan parlament respublikasiga oʻtishni muhrlab qoʻydi. Ushbu transformatsiya natijasida parlamentning vakolatlari kengaytirildi, parlament saylovlarida proporsional saylov tizimiga oʻtildi, prezidentga faqat vakillik vakolatlari saqlanib qoldi, uni saylash tartibi oʻzgartirildi (bundan buyon u toʻgʻridan-toʻgʻri umumiy saylovlar orqali emas, balki parlament tomonidan saylanadi);

– davlat hokimiyati organlari oʻrtasida vakolatlarni qayta taqsimlash bilan bogʻliq boʻlgan boshqaruvning amaldagi shakli doirasida oʻzgarishlarni amalga oshirish. Masalan, Qozogʻistonda bosqichma-bosqich xarakterga ega boʻlgan prezidentlik boshqaruv shaklini modernizatsiya qilish doirasida parlament va hukumatning roli, mustaqilligi va masʼuliyati kuchaytirildi, davlat hokimiyatining birligi va boʻlinishi prinsipini hisobga olgan holda prezident, parlament va hukumat oʻrtasida individual vakolatlar qayta taqsimlandi;

– davlatning institutsional tizimini takomillashtirishning yoʻnalishlaridan biri – yangi davlat organlarini konstitutsiyaviylashtirish, ularning samaradorligini oshirish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini tashkil etish va faoliyatini takomillashtirishdir.

Konstitutsiyaviy islohotlarning eng muhim tendensiyalaridan biri shaxsning huquqiy holatini isloh qilishdir. Bunda asosiy yoʻnalishlar bilan birga turli sohalarga (ekologik, axborot, ijtimoiy, biotibbiyot va boshqalar) ham eʼtibor qaratilib, shaxsning huquqlari, erkinliklari va burchlari doirasi kengaytiriladi.

Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari uchun (masalan, Fransiya) konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy tendensiyasi demokratik institutlarni kuchaytirishdir. Shunga koʻra, mazkur mamlakatda fuqarolarning faolligi va demokratik ishtiroki bilan bogʻliq masalalar yangicha hal etilyapti, shu jumladan, fikrni bevosita ifoda etishning yangi usullari paydo boʻlyapti.

Konstitutsiyaviy oʻzgarishlarning istiqbolli yoʻnalishlari, fikrimizcha, yana quyidagilarni oʻz ichiga olishi maqsadga muvofiq:

– zamonaviy ichki va tashqi chaqiriq va tahdidlarni, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan inqirozli hodisalarni hisobga olgan holda konstitutsiyaga xavfsizlikni mustahkamlash, umuman konstitutsiyaviy qadriyatlarni singdirishga qaratilgan qoidalarni kiritish yoki kengaytirishni davom ettirish;

– milliy manfaatlarni konstitutsiyaviy darajada himoya qilish, milliy manfaatlarni (shu jumladan, xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlar sohasida) taʼminlash maqsadida davlatning mavqeini mustahkamlashni davom ettirish. Davlat suverenitetini himoya qilish alohida ahamiyat kasb etadi;

– davlat organlari va mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini rivojlantirish orqali ularning xalq oldidagi masʼuliyatini yanada kuchaytirish, shuningdek, bu borada jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish.

Shuni ham hisobga olish kerakki, bugungi zamonaviy sharoitda mansabdor shaxslar (birinchi navbatda ularning rahbarlari) yangi chaqiriqlarga zudlik bilan javob qaytarishi, qabul qilingan qarorlar uchun masʼuliyatli boʻlishi lozim boʻlgan davlat organlarining samarali tizimi zarur. Qarorlarni qabul qilish tezligi oʻzgarib borayotganligi sababli tezkorlik davlat boshqaruvi samaradorligiga taʼsir qiluvchi yetakchi tamoyillardan biriga aylanadi.

Bundan tashqari, demokratiyani rivojlantirish tendensiyasi yaqin kelajakda ham davom etadi. Bu yerda, bizningcha, davlat boshqaruvida demokratik tamoyillar va fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash (mamlakat fuqarolari va siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalarining davlat va jamiyat hayotida ishtirok etish koʻlami va shakllarini kengaytirish) istiqbolli yoʻnalishlardan iborat. Umuman olganda, xalqning hokimiyat manbai sifatidagi rolini kuchaytirish, jumladan, fuqarolarning siyosiy huquqlari doirasini kengaytirish ham konstitutsiyaviy islohotlarda muhim oʻrin tutadi.

Xulosa oʻrnida, konstitutsiyaviy islohotlar huquqiy islohotlarning asosi boʻlib, tamoyillar, normalar va institutlarning konstitutsiyaviy va huquqiy yangilanishini oʻz ichiga oladi. Dunyoning turli davlatlari va mintaqalarida qoʻllaniladigan turli xil konstitutsiyaviy modellardan qatʼi nazar, konstitutsiyaviy yangilanishning ayrim tendensiyalari umumiy xususiyatga ega, boshqalari esa turli davlatlarning siyosiy va huquqiy tizimlarining rivojlanish xususiyatlari bilan bogʻliq.

Oʻylaymizki, mamlakatimizda start berilgan konstitutsiyaviy islohotlarning pirovard natijasi “inson qadri uchun” ustuvor tamoyilini hayotga toʻla tatbiq etishga, mamlakatda huquqiy va ijtimoiy davlatni rivojlantirishga, demokratik institutlarni mustahkamlash va insonning asosiy huquqlarini himoya qilishga qaratiladi hamda fuqarolarning mamlakatimizning bugungi va ertangi taraqqiyotiga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eldor Maxkamov,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori.