Konstitutsiyaviy sud axboroti mamlakat tarixida birinchi marta ochiq majlisda koʻrib chiqildi

    Mamlakatimizda 7 Dekabr 2023 1485

    Shuningdek, majlisda ayrim jarimalar mutanosibligini qayta koʻrib chiqishni taklif qilindi.

    2023-yil 5-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda Oliy Majlis palatalari, Hukumat, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari, taʼlim va ilmiy tashkilotlar vakillari hamda Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari qatnashdilar.

    Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq Konstitutsiyaviy sudning mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axboroti koʻrib chiqildi.

    Majlisda 2023-yil 30-aprel kuni referendumda umumxalq ovozi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlat va jamiyat hayotini modernizatsiya qilish va mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylik muhitini yanada mustahkamlash uchun mustahkam huquqiy asos boʻlgani, Asosiy qonun davlat organlarining faoliyatini demokratlashtirishga, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarni yaratgani qayd etildi.

    Xalqimiz tafakkurining mahsuli sifatida Konstitutsiya fuqarolarning dunyoqarashi va huquqiy ongini sezilarli darajada yuksaltirdi, ayniqsa, uning toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllaniladigan huquqiy hujjat sifatida qabul qilinishi natijasida kundalik hayotda Konstitutsiyaga murojaat qilish imkoniyatining kengayishi, oʻz navbatida, davlat organlari va mansabdor shaxslarning masʼuliyatini yanada oshirganligi taʼkidlab oʻtildi.

    Konstitutsiyaviy sud majlisida Asosiy qonunning mamlakatning butun hududida toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi uning ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishini, davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan yoki mavjudligidan qatʼi nazar qoʻllanilishini anglatishiga eʼtibor qaratildi. Xususan, oʻtgan qisqa davrda umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan 21 mingdan ziyod jinoyat, maʼmuriy, iqtisodiy va fuqaroviy ishlar boʻyicha Konstitutsiya va uning moddalari toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanilganligi qayd etildi.

    Majlisda Konstitutsiyaviy sud tomonidan 2022–2023-yillarda 119 ta qonun va 1384 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha murojaatlar va huquqni qoʻllash amaliyoti oʻrganilganligi, Konstitutsiyaviy sud birinchi navbatda huquqiy normalarni qoʻllashning konstitutsiyaviy-huquqiy masalalarini eʼtiborga olishi taʼkidlandi.

    Konstitutsiyaviy sud Asosiy qonun uning normalarini toʻlaqonli amalga oshirish boʻyicha davlat organlari oldiga keng koʻlamli va masʼuliyatli vazifalar qoʻyishi va ayni paytda uni toʻgʻridan toʻgʻri qoʻllash bilan bogʻliq ayrim masalalar ham mavjudligiga eʼtibor qaratdi.

    Konstitutsiya ustuvorligi, inson va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini taʼminlash oʻz navbatida qonuniylik va huquq ustuvorligiga taʼsir etayotgan omillarni vakolatli davlat organlari tomonidan oʻz vaqtida aniqlash va tezkor chora koʻrishni taqozo etadi.

    Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud aholi murojaatlarida koʻtarilgan konstitutsiyaviy huquqlarni taʼminlash bilan bogʻliq quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratdi:

    bola huquqlari buzilishi holatlari kuzatilayotganligini inobatga olib, bolalarni turli koʻrinishdagi zoʻravonliklardan himoya qilish, bu borada ota-onalar, taʼlim muassasalari, boshqa mutasaddi idoralar masʼuliyatini oshirish, tegishli qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq;

    mulk huquqi kafolatlariga rioya etmaslik holatlari sezilarli kamaygan boʻlsa-da, hali bu sohada muammolar saqlanib qolayotganligini inobatga olib, mahalliy davlat hokimiyatining ushbu masalalarda huquqiy madaniyatini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mulq huquqi buzilishi holatiga mutlaqo toqatsiz munosabatini shakllantirish, bu borada profilaktik choralarni kuchaytirish zarur;

    – baʼzi hududlarda tadbirkor oʻz mahsulotini viloyat hududidan erkin olib chiqib ketishda toʻsqinliklarga uchrashi holatlarini eʼtiborga olib, barcha masʼullardan tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi boʻyicha konstitutsiyaviy kafolatlarga soʻzsiz rioya etish talab etiladi.

    Majlisda konstitutsiyaviy huquqlarga rioya etmaslik holatlari vakolatli davlat organlari diqqat-eʼtibori markazida boʻlishi kerakligi, bu bilan bogʻliq har bir holat zudlik bilan oʻrganilishi hamda buzilgan huquqlarni tiklash boʻyicha zarur choralar koʻrilishi lozimligi taʼkidlandi.

    Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy normalarga rioya etmaslik boʻyicha tezkor choralar koʻrish bilan cheklanmasdan, ularni yuzaga keltirgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha tizimli choralarni koʻrib borish zarurligini ham qayd etdi.

    Fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish institutini fuqarolar uchun yanada qulay qilish, konstitutsiyaviy odil sudlovga erishishni taʼminlash maqsadida fuqarolarga malakali yuridik yordam koʻrsatish masalalari boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrilishi qayd etildi.

    Shu bilan birga sudlarning muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisida Oliy sud orqali Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish vakolatini amalga oshirish tartibini aniqlashtirish tavsiya etildi.

    Konstitutsiyaviy sud har qanday huquqiy taʼsir chorasi asoslangan, adolatli, zarur va oʻz maqsadiga erishish uchun yetarli hajmda boʻlishi va fuqarolarning huquq va erkinliklarini asossiz, yaʼni taʼsir chorasi maqsadiga erishish mumkin boʻlgan meʼyordan ortiqcha darajada cheklamasligi lozimligini qayd etdi.

    Shu munosabat bilan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashda mutanosiblik, yetarlilik konstitutsiyaviy prinsiplariga rioya etishni taʼminlash maqsadida ayrim jinoiy va maʼmuriy jazo choralarini, moliyaviy sanksiyalar, neustoyka (penya, jarima) hamda boshqa huquqiy taʼsir choralarini qayta koʻrib chiqishni taklif qildi.

    Konstitutsiyaviy sud viloyat, tuman (shahar) sudyalarining tegishli xalq deputatlari Kengashlari oldida axborot berish amaliyoti sudyaning mustaqilligi va xolisligiga rahna solishi mumkinligini inobatga olib, vakolatli davlat organlarini ushbu tartibni bekor qilishga chaqirdi.

    Aholi takliflaridan kelib chiqib, alohida jinoyatlar, birinchi navbatda firibgarlik boʻyicha jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishda sudlanuvchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning qoplanilganligini inobatga olish talabini kiritish orqali jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

    Shuningdek, dastlabki konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish tartibini aniqlashtirish, sud qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda sudya oʻz lavozimini saqlab qolishi kafolatlarini amalga oshirish mexanizmini qonunlarda belgilash, normativ-huquqiy hujjatlarga sharh berish uslubiyotini ishlab chiqish kabi masalalar boʻyicha masʼul tashkilotlarga tavsiyalar berildi.

    Konstitutsiyaviy sud oʻz axborotida barcha davlat organlarini Asosiy qonunni amalga oshirish va mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlashda masʼuliyatni toʻlaqonli his qilishga, oʻz faoliyatida Konstitutsiyada kafolatlangan huquq va erkinliklarning cheklanishiga yoʻl qoʻymaslikka, ularni buzishning har qanday holatlari boʻyicha tezkor va qatʼiy choralarni koʻrib borishga chaqirdi.

    Majlisda Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari va huquqshunos olimlarning koʻrib chiqilayotgan masala yuzasidan fikr va mulohazalari ham tinglandi. Muzokaralarda soʻzga chiqqanlar tomonidan Konstitutsiyaviy sud axboroti mamlakat tarixida birinchi marta ochiq majlisda koʻrib chiqilayotganligi, unda koʻtarilgan masalalar mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylik muhitini taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.

    Konstitutsiyaviy sud muhokama qilingan masalani har tomonlama oʻrganib chiqib, mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalarini hisobga olib, mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborotni tasdiqlash hamda uni Konstitutsiya talablari asosida Oliy Majlis palatalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborish haqida qaror qabul qildi.

    Konstitutsiyaviy sud qarori Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida va Konstitutsiyaviy sudning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.