Dunyoning eng tez taraqqiy etgan mamlakatlaridan biri — Singapurda “oltin toʻrtlik qoidasi” ijtimoiy modeli, anʼanasi mavjud. Unga koʻra, inson baxtli boʻlishi uchun bitta uy, bitta mashina, bitta ish, bitta oilaning oʻzi kifoya. Aynan “oltin toʻrtlik qoidasi” rasmiy qonun hujjati sifatida mavjud boʻlmasa-da, insonlarni ayni shu davlat siyosatiga yoʻnaltiradigan, barqaror va intizomli hayot modeliga moslashtirishga xizmat qiladigan bir qator hujjatlar bor. Jumladan, uy-joy bilan taʼminlash borasida Housing & Development Board (HDB), “Build-to-Order” (BTO) tizimlari, oilani himoya qilish Womenʼs Charter qonuni, mashinaga ega boʻlish borasida Certificate of Entitlement (COE) tizimi joriy etilgan.
Aslini olganda, ushbu qoida faqatgina singapurliklar emas, oʻzbekistonliklar uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Aksariyat yurtdoshlarimizdan “Oʻzingizni toʻlaqonli baxtli his qilishingiz uchun nima kerak?” deya soʻrasangiz, “Oʻz uyim, oʻgʻil-qiz farzandlarim boʻlsa, yana bitta mashina olsam. Menga boshqa narsa kerak emas”, deya javob beradi odatda. Ularning orasida, ayniqsa, oʻz uyiga ega boʻlish katta ahamiyatga ega.
Shu bois, mamlakatimizda toʻqqiz yil oldin boshlangan ortga qaytmas islohotlardan biri aynan shu — uy-joy qurish, uni sotish va sotib olish tizimini oʻzgartirish boʻldi. Keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari olib borilib, zamonaviy koʻp qavatli uylardan iborat, oʻziga xos infratuzilmasiga ega “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod etildi. Oʻtgan davr mobaynida bu tarmoq takomillashib bordi, yil sayin bunyodkorlik shiddati kuchaysa kuchaydiki, kamaymadi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida bu boradagi ishlar 2026-yil yangi bosqichga koʻtarilishini taʼkidladi. Jumladan, oʻtgan yilda aholiga 8 million 100 ming kvadrat metrli, 135 ming xonadondan iborat koʻp qavatli uylar topshirildi. Umuman, soʻnggi toʻqqiz yilda 210 million kvadrat metrli turar va noturar joy obyektlari foydalanishga topshirildi. Bu koʻrsatkichlar yanada koʻtarilishi nazarda tutilgan.
Aholi ehtiyojidan kelib chiqqan holda, koʻp qavatli turar joylar koʻpaygani yaxshi, ammo koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasini ham shunga mos takomillashtirish, faoliyatini yanada jadallashtirish zarur.
Prezidentimiz shu yil 14-yanvar kuni koʻp kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish va aholiga sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Yigʻilishda sohadagi muammolar va ularning oqilona yechimi toʻgʻrisida soʻz bordi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 44 mingdan ziyod koʻp kvartirali uyda 7,1 million aholi istiqomat qiladi. Ularga 900 dan ortiq boshqaruv servis kompaniyalari va 200 dan ortiq shirkatlar xizmat qiladi. Shuningdek, 856 ta uyda oʻzini oʻzi boshqarish tizimi joriy etilgan. Boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati barqarorligi va samaradorligini taʼminlashda xizmatlar sifatini oshirish, qoʻshimcha servis turlarini joriy etish dolzarb ahamiyatga ega.
Qayd etilganidek, boshqaruv kompaniyalarining aksariyati majburiy badal hisobidan faoliyat yuritmoqda, ularning faoliyatiga investitsiya kiritishga tayyor tadbirkorlar kam. Shuningdek, ekspertlarning dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, yirik shahar va viloyat markazlarida boshqaruv servis kompaniyalarining yashirin daromadlari rasmiy tushumlardan kamida ikki barobar koʻp.
Bularning barchasi sohaga daromad keltiradigan yangi model ishlab chiqish zarurligini isbotlab turibdi. Shuningdek, tarmoqni raqamlashtirish, sunʼiy intellektdan foydalanish samaradorligini orttirish ham bugungi davr talabi. Shu munosabat bilan 2026-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar Toshkent shahrida koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimini huquqiy eksperiment sifatida joriy etish taklif qilindi.
Unga koʻra, uylar holati tahlil qilinib, “yashil, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi, kamida 7 ming xonadondan iborat lotlar shakllantiriladi hamda 5 yillik rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Lotlar va master-rejalar tuman kengashlari tomonidan tasdiqlanadi, boshqaruvchi tashkilotlar esa “Mening uyim” tizimi orqali mulkdorlar tomonidan ovoz berish yoʻli bilan tanlanadi.
Bu, oʻz navbatida, aholi vakillarining uylariga xizmat koʻrsatish kompaniyalari faoliyatini onlayn kuzatib borishi va ularning samarador faoliyatiga koʻra ovoz berish orqali tanlay olishi imkonini beradi. Natijada esa kompaniyalar oʻrtasidagi raqobat yanada kuchayadi.
Kompaniyalar uchun talablarning oshirilishi koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatishda professionallikni talab qiladi. Xususan, bunday kompaniyalar kamida oʻz mablagʻi, moddiy-texnik bazasi, 24/7 dispetcherlik xizmatiga ega boʻlishi shart.
Faqatgina talab emas, bunday tashkilotlarga ragʻbat va qoʻshimcha daromad topishi uchun imkoniyat ham berilmoqda. Jumladan, hududda tashkilotlarga maishiy xizmat markazlarini tashkil etish, yengil konstruksiyali qurilmalarni barpo etish va ulardan uzoq muddatli foydalanish imkoniyatlari yaratilishi koʻzda tutilgan.
Yigʻilishda yana bir masala — sohani raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi. Avvalo, boshqaruv servis kompaniyalarining dispetcherlik xizmatlarida sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan tizimlar joriy qilinishi, murojaatlar bilan ishlash va xizmat koʻrsatish tezligi oshirilishi kerakligi qayd etildi.
Sohadagi ushbu yangilanish va islohotlar nazoratini olib borish tizimi takomillashtirilishi ham koʻzda tutilgan. Jumladan, faoliyatida shaffoflikni taʼminlamagan kompaniyalar faoliyati vaqtincha yoki butunlay toʻxtatiladi. Agar har chorak yakuni boʻyicha “Mening uyim” tizimiga hisobot maʼlumotlari kiritilmasa, keyingi oylar uchun majburiy badallarni hisoblash maʼlumotlar kiritilgunga qadar vaqtincha toʻxtatiladi va orqaga qayta hisob-kitob qilinmaydi. Majburiy badallar hamda boshqaruvchi tashkilotlarning xizmatlardan tushadigan barcha qoʻshimcha daromadlari faqat “Mening uyim” billing tizimi orqali hisobga olinadi. Ushbu tartibga rioya etmasdan badallar hisobini yuritish buxgalteriya hisobi va hisobot talablarini buzish hisoblanadi.
Umumiy mol-mulkni ijaraga yoki tekin foydalanishga berish boʻyicha shartnomalar soliq organlarida majburiy tarzda hisobga qoʻyiladi. Belgilangan tartib buzilgan taqdirda boshqaruvchi tashkilot elektron reestrdan chiqarib tashlanadi. “Mening uyim” axborot tizimi orqali umumiy yigʻilishni tashabbus qilish, muhokama oʻtkazish, qaror qabul qilish, shartnoma tuzish, hisobot taqdim etish hamda murojaatlarni yuborish va koʻrib chiqish imkoniyatlari toʻliq yoʻlga qoʻyiladi.
Koʻp kvartirali uyni foydalanishga qabul qilishda kadastr pasporti rasmiylashtirilib, u “Turar joy” tizimida avtomatik aks etishi, oʻrnatilgan quyosh panellari esa umumiy mol-mulk sifatida boshqarish organiga topshirilishi shart etib belgilandi. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda uy foydalanishga qabul qilinmaydi.
2026-2030-yillarda sohadagi institutsional islohotlarni davom ettirib, hokimliklar huzurida uy-joy kommunal sohasini nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tashkil etish, ularning byudjetdan tashqari jamgʻarmalarini shakllantirish, hokimning uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari lavozimini joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Albatta, bu oʻzgarishlar mahallalarimizning yanada obod boʻlishi, aholi yashash sharoiti yaxshilanishi, atrof-muhit koʻkalamzorlashtirilib, yanada chiroy ochishi yoʻlida xizmat qilishi bor gap. Ayniqsa, aholi farovonligini oshirish, odamlarni rozi qilishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Sanjar ESHMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri