Koreya Eksimbanki Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini kengaytirmoqda

    Investitsiyalar 16 Dekabr 2021 913

    Seul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Koreya Eksimbanki prezidenti Bang Mun Kyu bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Suhbat davomida oʻzaro munosabatlarning faolligi hamda Koreya Respublikasining EDCF Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʻarmasi bilan birgalikda moliyalashtirilayotgan va amalga oshirilayotgan loyihalar sonining oʻsishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Jumladan, 2014-2017-yillarda Eksimbank bilan hamkorlikda qariyb 180 million dollarlik 4ta loyiha hayotga joriy etilgan boʻlsa, 2018-2020-yillarda 660 million dollarlik 7ta loyiha amalga oshirildi. Bank bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sogʻliqni saqlash, taʼlim va infratuzilmaviy rivojlanish sohalaridir.

    Muloqot davomida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni jadallashtirish maqsadida ishlab chiqilayotgan loyihalarni tayyorlash, oʻrganish va tasdiqlash jarayonlarini tezlashtirish imkonini beruvchi oʻzaro hamkorlik mexanizmlari koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston tomoni mamlakatda yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun EDCF tomonidan imtiyozli moliyalashtirish hajmini 1 milliard dollargacha koʻpaytirish yuzasidan qabul qilingan qaror uchun minnatdorlik bildirdi. 2021-2023-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi umumiy qiymati 1,2 milliard dollarga teng boʻlgan 13ta loyihadan iborat boʻladi. Tomonlar ushbu loyihalarni faol ilgari surish va amaliyotga tatbiq etish boʻyicha yaqin hamkorlik oʻrnatishga kelishib oldilar.

    Elektrotexnika, biofarmatsevtika, metallurgiya va kimyo sanoati sohalarida yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun yangi tashkil etilgan EDPF Iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish jamgʻarmasi bilan hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.

    Muzokaralar yakunida tomonlar muhokama etilgan sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha tizimli ishlarni davom ettirishga sodiqliklarini bildirdilar. Shuningdek, qiymati 88,8 million dollar boʻlgan “Oʻzbekiston Respublikasi tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasi hamda 150 million dollarlik “Onkologik klinikasini qurish” loyihasi boʻyicha qarz shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.