Koreya eksport-import banki bilan hamkorlikda “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 1 Avgust 2023 4743

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatini kengaytirish, hududiy tibbiyot muassasalarida koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:

    1. Quyidagilar:

    Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasini (keyingi oʻrinlarda – Loyiha) amalga oshirish uchun Koreya eksport-import bankining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – IRH jamgʻarmasi)dan Oʻzbekiston Respublikasiga 10 yil imtiyozli davr bilan 40 yil muddatga jami 74 million AQSH dollari ekvivalentidagi Koreya vonida imtiyozli qarz ajratilishi maʼqullanganligi;

    Loyihaning umumiy qiymati 88,78 million AQSH dollarini, jumladan, 74 million AQSH dollari qarz mablagʻlari hamda 14,78 million AQSH dollari soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish shaklida Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushini tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

    2. Belgilansinki:

    Sogʻliqni saqlash vazirligi Loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish, uni muvofiqlashtirish, shuningdek, IRH jamgʻarmasining qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

    “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ IRH jamgʻarmasining qarz mablagʻlari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish borasida moliyaviy agent hisoblanadi;

    IRH jamgʻarmasining qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq va foizlar, boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

    Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Oʻzmedimpeks” davlat muassasasi Loyihani amalga oshirish doirasida tender komissiyasining ishchi organi va tuzilgan shartnomalar boʻyicha kontragent hisoblanadi;

    Loyihani amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan va olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi. Bunda, soliq va bojxona imtiyozlari qoʻllanishi yoki byudjet mablagʻlari hisobidan toʻlab berilishi natijasida iqtisod qilingan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishga qoʻshgan ulushi sifatida hisobga olinadi.

    3. Quyidagilar:

    “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

    “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasini amalga oshirish doirasida IRH jamgʻarmasining qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq va foizlar toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;

    “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasi doirasida xarid qilinadigan tibbiy jihozlarning hududlar boʻyicha taqsimoti 3, 3a–3n-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

    4. Adliya vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Eksport-import banki oʻrtasida imzolangan qarz bitimi boʻyicha yuridik xulosa bersin.

    5. “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJga IRH jamgʻarmasi qarzi boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun Koreya Respublikasining vakolatli banki bilan banklararo shartnoma imzolash vakolati berilsin.

    6. Belgilansinki, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot muassasalarining ehtiyojlari hamda xatlov natijalari asosida tibbiy asbob-uskunalarning roʻyxati, miqdori va texnik tavsiflariga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

    7. Sogʻliqni saqlash vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Loyiha doirasida:

    manfaatdor vazirlik va idoralarga zarur hisobot va hujjatlar IRH jamgʻarmasining talablari hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻz vaqtida tayyorlanishi va taqdim etilishini;

    Loyihani amalga oshirish davrida Loyihaga jalb qilinishi koʻzda tutilgan tibbiyot muassasalarining samarali faoliyat olib borishini;

    xarid qilinadigan tibbiy asbob-uskunalar hamda materiallar yetkazib berilguniga qadar tibbiyot muassasalarida jihozlarni joylashtirish va oʻrnatish uchun tegishli binolar tayyorlanishini;

    tibbiyot xodimlarining yetkazib beriladigan tibbiy asbob-uskunalar hamda zamonaviy texnologiyalar va axborot texnika vositalaridan foydalanish boʻyicha oʻqitilishini;

    belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur sharoitlarning yaratilishini taʼminlasin.

    8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

    Loyihani amalga oshirish davrida Sogʻliqni saqlash vazirligining soʻrovnomasiga asosan tovarlar va uskunalarni sotib olish, belgilangan manzilga yetkazib berish boʻyicha xizmatlarni, shuningdek, Loyihani moliyalashtirish boʻyicha boshqa xarajatlarni amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan zarur mablagʻlar ajratsin;

    Loyihani moliyalashtirish uchun 2024-yildan boshlab zarur mablagʻlarning Davlat byudjeti parametrlarida koʻzda tutilishini taʼminlasin.

    9. Hisob palatasi Loyiha doirasida jalb etiladigan va ajratiladigan mablagʻlardan samarali foydalanilishi, shuningdek, Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida koʻzda tutilgan koʻrsatkichlarga erishilishi yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

    10. Tashqi ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining viza talabnomalariga binoan mazkur Loyihani amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari konsullik yigʻimlari va boshqa haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

    11. Ichki ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmasiga asosan Loyihani amalga oshirish uchun jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik viza muddatlari uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turar joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.

    12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh.Inoyatov belgilansin.

    Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2023-yil 31-iyul