Koreya Respublikasida bo'lib turgan ovoz beruvchilarning maksimal faolligi ta'minlanadi

    Mamlakatimiz elchixonasi vakillari Koreya Respublikasining Pyontek shahriga xizmat safari bilan bo'ldilar.

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvanju shahridagi vakolatxonasi hamda “Koreyadagi oʻzbekistonliklar uyushmasi” koʻmagida ushbu shaharda vaqtincha istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

    Tadbirda yurtdoshlarimizga Oʻzbekiston hukumati tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan mamlakatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bogʻliq qator masalalarni hal etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi. Shu bilan birga yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish asosiy maqsadlardan biri ekanligi qayd etildi.

    Shu bilan birga, vatandoshlarga boʻlajak muhim siyosiy tadbir – Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish boʻyicha referendum toʻgʻrisida maʼlumot berilib, unda xorijda istiqomat qilayotgan fuqarolarimizning ovoz berishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, shuningdek, vatandoshlarni xabardor qilish va referendum kuni Koreya Respublikasida boʻlib turgan ovoz beruvchilarning maksimal faolligini taʼminlashning tashkiliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Oʻz navbatida, yurtdoshlarimiz respublikamizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy sohalardagi yutuqlarini yuqori baholab, boʻlajak muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Tadbir yakunida fuqarolarga zarur konsullik xizmatlarini oʻz vaqtida koʻrsatish maqsadida ushbu shakldagi uchrashuvlarni muntazam oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.