Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi tomonidan “Oltin daftar”ga kiritilgan mamlakatimizda investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqchi boʻlgan Koreya Respublikasidagi sirdaryolik vatandoshlar hamda Sirdaryo viloyati va tumanlari hokimliklari vakillari oʻrtasida videomuloqot oʻtkazildi.
Onlayn-muloqot Sirdaryo viloyati va tuman hokimliklari hamda Janubiy Koreyada mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan ularning investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan mavjud masalalarni birgalikda muhokama qilish va amaliy vazifalarni belgilab olish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda vatandoshlarimiz sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, maishiy xizmat koʻrsatish va boshqa sohalardagi loyihalar yuzasidan fikr almashdi hamda oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Viloyat hokimligi vakillari sarmoyador vatandoshlarga mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyatlar, jumladan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish loyihalarini tashkil etish hamda taklif etilayotgan loyihalarni amalga oshirish uchun yer maydoni, bino va inshootlarni ajratish tartiblari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Oʻz navbatida, yurtdoshlarimiz qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur dastgohlarni sotib olish va yetkazish boʻyicha tegishli shartnomalarni imzolash ishlarini olib borayotganligi hamda yangi ish oʻrinlari yaratishga eʼtibor qaratayotganligini maʼlum qildi.
Muloqotda ushbu loyihalarni tatbiq etishda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida hududiy boshqaruv organlari tomonidan tegishli mutasaddi vakillar belgilandi va hamkorlikni jadal olib borish boʻyicha rejalar aniqlab olindi, deb xabar beradi “Dunyo”.