Unda xorij kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti Kim Ikdong va viloyat hokimi Rustam Xolmatov ishtirokida viloyat hududida markazlashgan savdo majmuasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish xususida muzokaralar olib borilib, ikki tomonlama kelishuv imzolandi.

Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston-Janubiy Koreya davlatlari oʻrtasidagi yaqin doʻstlik va hamkorlik aloqalari eʼtirof etilib, loyihaning tashkiliy ishlarini amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Kelishuvga koʻra, Toshkent viloyatida Janubiy koreyalik investorlar bilan hamkorlikda avtomobil savdosi bilan shugʻullanuvchi markazlashgan savdo majmuasi va avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchalari ish boshlaydi. Hozirda loyihaning qurilish ishlari uchun viloyat hududidan 1 gektar yer maydoni ajratilgan. Umumiy qiymati 1 million AQSH dollarini tashkil etuvchi loyiha ishga tushirilgach, 100 ta ish oʻrni yaratiladi. Loyiha joriy yilning IV-choragiga qadar ishga tushirilishi koʻzda tutilmoqda.