Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov oʻz nutqida oʻtkazilayotgan anjumanning ahamiyatini alohida taʼkidladi.
«Toshkent forumi mintaqalar oʻrtasidagi ilmiy-ekspert muloqotini mustahkamlashda burilish nuqtasi boʻlib, hamkorlikning umumiy kun tartibini yangi strategik mazmun bilan boyitishga qaratilgan gʻoyalar almashish va tashabbuslarni ishlab chiqish uchun samarali maydon yaratadi» — deya takidladi E.Aripov.
Shundan soʻng u Markaziy Osiyo va KADHK oʻrtasidagi tez surʼatlar bilan rivojlanayotgan munosabatlarning har tomonlama tahlilini taqdim etdi.
Institut rahbarining taʼkidlashicha, mintaqalarni nafaqat umumiy oʻtmish, balki kelajak rejalardagi oʻxshashlik ham bogʻlab turadi. Asrlar davomida Markaziy Osiyodan Arabiston yarimoroli sohillarigacha boʻlgan bozorlar, madaniyatlar va gʻoyalarni bogʻlagan Buyuk Ipak yoʻli iqtisodiy va sivilizatsiyaviy oʻzaro bogʻliqlikning asosi boʻlib xizmat qilgan. Bu jarayonda Bagʻdoddagi “Donishmandlik uyi” alohida oʻrin tutgan, unda Markaziy Osiyo va arab dunyosi olimlari hamkorlikda jahon tarixi yoʻnalishini oʻzgartirib yuborgan ilmiy asarlar yaratishgan.
«Bugungi kunda «ushbu tarixiy aloqalarni qayta tiklash orqali biz energetika, logistika, ilmiy-texnika va investitsiya sohalarida hamkorlikning yangi koʻpriklarini barpo etmoqdamiz»- deya taʼkidladi E.Aripov
Uning taʼkidlashicha, bu yoʻldagi eng muhim qadam 2023-yil iyulda Jiddada oʻtkazilgan tarixdagi ilk “Markaziy Osiyo — Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” sammiti boʻldi. Mazkur tadbir mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi va muntazam siyosiy muloqot uchun institutsional asos yaratdi. Uning doirasida tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlari, investitsiya forumlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi, 2023-2027-yillarga moʻljallangan Qoʻshma harakatlar rejasi qabul qilindi.
SMTI direktori ushbu hamkorlik allaqachon amaliy natijalar berayotganini taʼkidladi. Xususan, soʻnggi uch yil ichida Oʻzbekistonning KADHK mamlakatlari bilan savdo aylanmasi uch barobarga (257 million dollardan 812 million dollargacha) oshdi, qoʻshma korxonalar soni esa ikki barobar koʻpayib, qariyb 400 taga yetdi.
Koʻrfaz davlatlarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalarining umumiy hajmi 3 milliard dollardan oshdi.
- BAA — 1,5 mlrd;
- Ummon — 250 mln;
- Quvayt — 220 mln).
Bundan tashqari, umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq boʻlgan 100 ga yaqin loyiha ishlab chiqilmoqda. Turistik almashinuvlarda ham ijobiy siljishlar roʻy bermoqda. 2024-yilga kelib, Koʻrfaz davlatlaridan respublikaga sayyohlar oqimi 12 ming kishidan oshdi, bu 2021-yilga nisbatan ikki baravar koʻp degani.
Shu bilan birga, u taʼkidlaganidek, soʻnggi yillarda erishilgan ulkan yutuqlarga qaramay, hamkorlik koʻlami hali-hanuz mintaqalar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarning mavjud salohiyatini toʻliq namoyon etmayapti.
Hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga toʻxtalar ekan, E.Aripov yaqin yillarda hamkorlikni sifat jihatidan chuqurlashtirishga hissa qoʻshadigan bir qator muhim jihatlarga batafsil toʻxtalib oʻtdi.
Birinchidan, u mintaqalar oʻrtasida jiddiy ziddiyatlarning yoʻqligi va ularning global barqarorlik hamda izchil taraqqiyotga umumiy intilishini taʼkidladi. Ikki mintaqa davlatlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Qoʻshilmaslik harakati kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqda.
Ikkinchidan, investitsiyaviy pasayish, proteksionizmning kuchayishi, savdo urushlari va global logistika zanjirlaridagi beqarorlik kabi yangi global tahdidlarga birgalikda javob berish muhim, deb hisoblaydi ekspert. «Faqat saʼy-harakatlarni birlashtirish orqali yuqoridagi chaqiriqlarga javob berishning samarali va barqaror modellarini ishlab chiqishimiz mumkin,« — deya aniqlik kiritdi u.
Uchinchidan, ikkala mintaqa ham jadal oʻzgarishlarning tarixiy muhim bosqichini boshdan kechirmoqda. Shu bilan birga, nafaqat zamonaviy iqtisodiy jarayonlar, balki Koʻrfaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarining rivojlanish strategiyalari ham juda oʻxshashdir. “Saudi Vision 2030,« «Qatar National Vision 2030,« «Oman Vision 2040” — ushbu strategik hujjatlar «Qozogʻiston-2050,« «Uzbekistan Vision-2030,« Qirgʻiziston va Tojikistonning 2030-yilgacha rivojlanish strategiyasi va Markaziy Osiyodagi boshqa modernizatsiya dasturlari bilan koʻp jihatdan oʻxshashdir.
Toʻrtinchidan, mutaxassis taʼkidlaganidek, har ikki mintaqada ham faol mintaqaviylashuv jarayonlari kuzatilmoqda: koʻrfaz mamlakatlari bu borada koʻp yillik tajribaga ega boʻlsa, Markaziy Osiyo hamkorlik va birlashtirish asoslarini qurishga endigina kirishdi. Mutaxassisning fikricha, bunday sharoitda KADHKning Markaziy Osiyodagi mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan umumiy mintaqaviy tashabbus va loyihalarni qoʻllab-quvvatlashi alohida ahamiyat kasb etadi.
SMTI vakilining fikricha, muloqotni qoʻllab-quvvatlashda tahlil markazlari muhim rol oʻynashi lozim.
«Bugungi va kelgusidagi hamkorligimiz oliy darajadagi uchrashuvlarni axborot-tahliliy jihatdan taʼminlashga hamda mintaqalar oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlashga yangi turtki berishiga ishonchim komil," — deya yakunladi Eldor Aripov.
SMTI va Saudiya Arabistonining “Gulf Research Center” tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari va KADHK davlatlaridan 70 dan ortiq nufuzli ekspertlar, shuningdek, KADHK Kotibiyati, diplomatik korpus va ishbilarmon doira vakillari ishtirok etmoqda.
Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koʻrfaz arab davlatlari oʻrtasidagi joriy va istiqboldagi hamkorlikning muhim jihatlarini muhokama qiladilar. Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha siyosiy muloqotni va oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni mustahkamlash, savdo va investitsiya aloqalarini chuqurlashtirish, “yashil” energetika va transport yoʻlaklarini rivojlantirish sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari ekspertlar diqqat markazida boʻladi.