Dunyoda koronavirus bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat tarangligicha qolmoqda. Yangi omikron shtammining keng tarqalishi turli xavotirlarni keltirib chiqarayotir. Garchi, u emlanganlar uchun oddiy respirator virusli infeksiyadek yengil kechayotgan boʻlsa-da, emlanmaganlar uchun ogʻir asorat va oqibatlari bilan tahdid soladi.

Epidemiologik vaziyatni yaxshilash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar koʻrilayotganiga qaramay, soʻnggi kunlarda mamlakatimizda ham koronavirusga chalinish holati keskin oshdi. Olib borilayotgan tahlillarga asosan, bemorlarning 13,5-14 foizi maxsus yuqumli kasalliklar shifoxonalarida, 85,5 foizi esa uyda davolanmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, davolash-profilaktika muassasalarining birlamchi boʻgʻini (oilaviy poliklinikalar)ni kuchli bosim ostiga qoʻyadi.

Omikron boshqa shtammlardan yuquvchanligi, odamdan odamga tez oʻtishi bilan farqlanadi. Ammo gap shundaki, bu respirator infeksiya hali ham immuniteti zaif odamlarda turli aʼzo va tizimlarga jiddiy zarar yetkazishi, shuningdek, oʻlimga olib kelishi bilan xavfli. Shu bois, mutaxassislar oʻz salomatligimizga oʻzimiz masʼul boʻlishimiz, emlanish xavfli kasallikdan himoyalanishning yagona chorasi ekanini tushunishimiz, qolaversa, karantin qoidalariga qatʼiy amal qilish orqali infeksiyaga chalinishning oldini olishimiz mumkinligini bot-bot takrorlamoqda. Ammo ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, joylarda karantin qoidalari buzilayotgani ham bor gap. Shu sababli butun xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday ishlarga nisbatan keskin chora koʻrilishini vaziyatning oʻzi taqozo etmoqda.

Jumladan, Toshkent shahrining 12 ta tumanida bittadan maxsus COVID poliklinikalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ular rentgen, kislorod kondensatorlari, PZR test va koronavirusga qarshi zarur dori-darmonlar, sarflov materiallari, dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan taʼminlangan. PZR testlar har kuni 24 soat davomida topshirilishi mumkin. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Toshkent shahri boshqarmasi, har bir tuman boʻlimlarida ham shunday imkoniyatlar yaratildi.

Emlash organizmda maʼlum xotira hujayralari paydo boʻlishi orqali moslashuvchan immunitet reaksiyasini ragʻbatlantiradi. Vaksina tanada kasallikka qarshi immunitet ishlab chiqishga koʻmak beruvchi xavfsiz va samarali biologik vosita sanaladi.

COVID-19 ga qarshi emlash pandemiyani jilovlashga yordam beradi. Ayni paytda qoʻllanayotgan vaksinalar yangi shtammga nisbatan ham samarali ekani aytilmoqda. Oʻrganishlar natijasida shifoxonalarga ogʻir ahvolda keltirilayotgan bemorlarning aksariyati emlanmaganlar orasida uchrayotgani ayon boʻlmoqda. Toʻgʻri, emlanganlar orasida ham kasallikka chalinganlar bor, ammo ularda kasallik yengil kechayotir.

Ayni kunlarda poytaxtimizdagi barcha oilaviy poliklinikalarda koronavirus infeksiyasining oldini olish maqsadida yetti turdagi vaksina bilan emlash ishlari olib borilmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent shahri boshqarmasi hamda hududiy boʻlimlari xodimlari tomonidan qator chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Jumladan, kasallikning oldini olish maqsadida aholi gavjum joylar va savdo nuqtalarida tushuntirish ishlari olib borilishi barobarida kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ham choralar koʻrilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining 78-sonli yigʻilish bayonida davlat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va boshqa tashkilotlarning xodimlari (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlgan xodimlar bundan must asno) 2021-yil 1-sentyabrga qadar koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinaning kamida 1-dozasi, 1-oktyabrga qadar 2-dozasi, 1-noyabrga qadar 3-dozasi bilan emlanmagan taqdirda, mazkur tashkilotlar (obyektlar)ning faoliyat yuritishi vaqtinchalik toʻxtatilishi taʼkidlangan.

Shu nuqtayi nazardan, poytaxtimizdagi 6 849 ta obyektda, jumladan, 1972 ta byudjet tashkilot hamda 4877 ta tadbirkorlik subyektida oʻrganish ishlari olib borildi. 11 596 ta byudjet tashkilot va 7835 ta tadbirkorlik subyektining 19 431 nafar xodimi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanmagani aniqlandi. Natijada 5524 nafar ishchi-xodim vaqtinchalik ishdan chetlatildi, 108 ta byudjet tashkilot rahbarlariga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirib, jarimaga tortildi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun 38 ta obyekt faoliyati vaqtincha toʻxtatildi. 64 ta tadbirkorlik subyekti bir necha bor berilgan tavsiyalarga amal qilmagani uchun Toshkent shahri tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonini xabardor qilib tekshirildi hamda chora koʻrish uchun 58 ta tadbirkorlik subyektiga doir ishlar jinoyat ishlari boʻyicha hududiy sudlarga yuborildi.

Joriy yil 24 - yanvardan boshlab Respublika maxsus komissiyasining 77-, 78-, 92-sonli yigʻilish bayoni ijrosini taʼminlash va karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilish uchun 943 ta tadbirkorlik subyekti rahbarlariga rasman ogohlantirish xati berilib, ulardan kafolat xati olindi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent shahri boshqarmasining tuman boʻlimlari xodimlari tomonidan koronavirus infeksiyasining yangi turi shahar hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha tunu kun navbatchilik asosida profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar davom etmoqda.

Yurtdoshlarimiz esa niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, jamoat joylarga borishdan tiyilish, antiseptik vositalardan foydalanish kabi talab va qoidalarga amal qilish, eng muhimi, emlanish orqali avvalo, oʻzini, oilasi va yaqinlarini ushbu xavfli kasallikdan himoya qilgan boʻladi.