Koronavirus toʻliq yangi kuch bilan qaytmoqda...mi?

    ISMI mutaxassisi: Yevropa Ittifoqi koronavirusning yangi toʻlqiniga qarshi kurashishni boshladi.

    Yevropa mamlakatlarida qattiq karantin choralari bekor qilinganidan keyin yana koronavirus yuqtirganlar soni koʻpaymoqda, deya xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (ISMI) maʼlumotlariga tayanib.

    ISMI bosh ilmiy xodimi Sharif Ahmedov taʼkidlaganidek, JSST maʼlumotlariga koʻra, ushbu holat global tendensiyaga toʻliq mos keladi.

    Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 6 hafta ichida dunyoda infeksiya yuqtirganlar soni ikki baravarga koʻpaydi va kuniga koronavirus bilan zararlanganlar soni butun pandemiya uchun maksimal koʻrsatkichlarga yetdi. Yaʼni 290 mingta odam COVID-19 ga chalindi. Ushbu fonda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning soʻzlariga koʻra, qitʼaning baʼzi hududlarida “pandemiyaning ikkinchi toʻlqini” alomatlari mavjud.

    Yetakchi yangiliklar agentliklari xabar berishicha, shu paytgacha koronavirusni nazorat ostida saqlab kelgan barcha Yevropa mamlakatlarida kasalliklarning koʻpayishi kuzatilgan. Germaniyada ushbu kasallik holatlari kuniga oʻrtacha 560 taga yetdi. Germaniya sogʻliqni saqlash idoralari taʼkidlashicha, yuqumli kasalliklar endi alohida holatlar bilan cheklanib qolmay, butun mamlakat boʻylab tarqalmoqda.

    Shunga oʻxshash manzara Ispaniyada ham paydo boʻldi, u yerda oʻtgan hafta yangi kundalik holatlar soni deyarli 2600taga yetgan. Kataloniya rahbari KimTorraning aytishicha, mintaqadagi vaziyat oʻta muhim boʻlib qolmoqda.

    Fransiyada esa kasallikning 500 faol “klasterlar”i mavjud. Har kuni yangi kasalliklarning soni doimiy ravishda oʻsib bormoqda. Bugungi kunda 1392 taga yetdi.

    Belgiyada oʻtgan haftada 952 ta yangi holat qayd etildi. Bu oldingi haftaga nisbatan 70 foizga koʻp.

    Yevropada kasalliklarning koʻpayishi koʻproq Ruminiyada kuzatilgan boʻlib, oʻtgan hafta davomida har kuni 1100 dan ortiq yangi holatlar qayd etilgan.

    Germaniyaning Merkur yangiliklar saytiga koʻra, “koronavirus toʻliq yangi kuch bilan qaytmoqda.”

    Amerikaning The Washington Post nashriga koʻra, qattiq cheklovlar olib tashlanganidan va chegaralar ochilganidan keyin Yevropa Ittifoqida kasalliklarning keskin koʻpayishi kuzatilgan.

    Mutaxassislar eʼtirofiga koʻra, cheklovlar yumshatilgach, odamlarda barqarorlik va xotirjamlik tuygʻularining jonlanishi eski turmush tarzini qaytarib bergan.

    Germaniyaning Deutsche Welle nashriga koʻra, virusologlar karantin choralarini bekor qilish muqarrar ravishda infeksiyaning koʻpayishiga olib kelishi bilan ogohlantirmoqdalar. Va pandemiyani yengish odamlarning karantin qoidalariga rioya qilishlariga bogʻliq. Biroq bu shart toʻliq bajarilmadi. Yevropa yangiliklari agentliklarining xabarlariga koʻra, Bryussel koʻchalarida niqoblar kamdan-kam hollarda taqilmoqda. Berlindagi ommaviy tantanalar, Ispaniyadagi tungi klublar va odamlar bilan gavjum plyajlar, Bolgariya va Serbiyadagi ommaviy norozilik namoyishlari pandemiyaning yana-da kuchayishiga sabab boʻldi.

    Arab milliy statistikasi Ispaniya va Italiyada yangi ochilgan bar va restoranlarda infeksiyani yuqtirgan 20 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar infeksiyaning yangi manbai boʻlishganini taʼkidlamoqda.

    Shu munosabatlar bilan Yevropa mamlakatlari hukumatlari avvalgi cheklovlarni qoʻllashmoqda. Shuningdek, turizm kelajakda pandemiya avj olishiga hissa qoʻshishi mumkinligini hisobga olib bir qator mamlakatlar (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Avstriya) hukumatlari xavf yuqori boʻlgan hududlardan kelganlar uchun 10 kundan 14 kungacha majburiy karantin joriy etishdi.

    Al-Jazira xabariga koʻra, Italiya hukumati mamlakatda favqulodda holat rejimini joriy yilning 15-oktyabriga qadar uzaytirdi. Ruminiyada hukumat yuqumli kasalliklarga chalingan odamlarni shifoxonalarda yoki uylarida 48 soat davomida izolyatsiya qilish, shuningdek, infeksiyaning tarqalishini har qanday holatda oldini olishga imkon beruvchi qonun qabul qildi.
    Umuman olganda, Yevropadagi epidemiologik vaziyat yomonlashmoqda. Shu bois Yevropa mamlakatlarining hokimiyati va sogʻliqni saqlash idoralari koronavirusga qarshi kurashish uchun yangi va samarali usullarni izlashmoqda.

    - Yevropa tajribasi shuni koʻrsatadiki, koronavirusga qarshi vaksina yoʻq boʻlgan hozirgi sharoitda kasallikka qarshi samarali kurashish nafaqat davolashning yangi usullariga, balki jamiyatdagi har bir insonning karantin qoidalariga nisbatan masʼuliyatli munosabatiga ham bogʻliqdir, - deydi ISMI eksperti Sharif Ahmedov.