Koronavirusdan oʻlim darajasini ancha pasaytiradigan vitamin nomi oshkor qilindi

    Salomatlik 27 Sentabr 2020 861

    Maʼlum boʻlishicha, qonida D vitamini yetarli boʻlgan COVID-19ga chalingan bemorlarda klinik noqulay yakunlar - ogʻir asoratlarning rivojlanishi yoki oʻlim holati - ancha kam uchraydi.

    Amerikalik olimlarning aniqlashlaricha, COVID-19ga chalingan ammo qonida D vitamini boʻlgan bemorlar orasida ogʻir holatlar va oʻlim holatlari ushbu vitamin tanqisligi qayd etilgan bemorlarga qaraganda ancha past ekan.

    Tadqiqot natijalari PLOS ONE jurnalida chop etilgan.

    Boston universiteti Tibbiyot maktabi olimlari qondagi D vitamini darajasi COVID-19da kasallik murakkab kechishi jarayoni va oʻlim koʻrsatkichiga qay darajada taʼsir koʻrsatishini tahlil etganlar.

    Tadqiqotchilar 235 bemordan ular kasalxonaga olib kelingan vaqtda qon namunalarini olib, zardobda 25-gidroksivitamin D - yaʼni D vitamini darajasini belgilovchi markerlarni oʻlchashgan.

    Soʻngra bu bemorlarda infeksiyaning klinik ogʻir kechishi va kasallik yakuni, shuningdek, ogʻir simptomlar - hushdan ketish, nafas olish ogʻirlashishi va gipoksiya singari jarayonlar qayd qilib borilgan.

    Shundan soʻng tadqiqotchilar qonida D vitamini yetishmovchiligi boʻlgan va qonida D yetarli miqdorda boʻlgan bemorlardagi parametrlarni taqqoslashgan.

    Maʼlum boʻlishicha, qonida D vitamini yetarli boʻlgan COVID-19ga chalingan bemorlarda klinik noqulay yakunlar - ogʻir asoratlarning rivojlanishi yoki oʻlim holati - ancha kam uchraydi.

    Mualliflarning xulosalariga koʻra, yoshi 40dan oshgan qonida D vitamini darajasi yetarli boʻlgan bemorlarda ushbu vitamin yetishmovchiligi kuzatilganlarga nisbatan infeksiya qurboniga aylanish ehtimoli 51,5 foizga pastroq ekan.

    Olimlarning qayd etishicha, qonda D vitaminining yetarli miqdorda boʻlishi koronavirusga chalinish xavfini 54 foizga kamaytiradi, shuningdek, D vitamini nafaqat koronavirus, balki yuqori nafas yoʻllari kasalliklari, shu jumladan mavsumiy gripp kasalligini keltirib chiqaruvchi boshqa viruslarga qarshi kurashishga ham yordam beradi.

    Mutaxassislarning fikricha, gripp va koronavirus infeksiyasining birlashuvi gospitalizatsiyalar sonini ancha koʻpaytirishi, kasallik kechishini ogʻirlashtirishi va oʻlim darajasi xavfini ham oshirishi mumkin. Shu bois, COVID- 19 va grippdan yuzaga kelishi mumkin kasalliklarning ogʻir asoratlarini va uni yuqtirib olish xavfini pasaytirish uchun D vitamini mavjud qoʻshimchalarni qabul qilish lozim. Ayniqsa, qish mavsumida, sababi, quyosh nurining yetishmovchiligi organizmda ushbu modda tanqisligini keltirib chiqaradi.