AQSHning kasallikni nazorat qilish va uning oldini olish markazining aytishicha, koronavirusga chalinganlarni 14 kunlik karantinga olishning hojati yoʻq.

Markaz yaqinda olib borilgan tadqiqot natijalariga asoslanib, ushbu xulosaga kelgan boʻlib, mazkur tadqiqotda koronavirusning yengil va oʻrta formasiga chalingan bemorlarning oʻzlarida kasallik alomatlari boshlanganidan 10 kun oʻtib uni boshqalarga yuqtirishlari xavfi boʻlmaydi.

Aynan shuning uchun bunday bemorlar kasalxonadan chiqish uchun qaytadan test topshirishi shart emas.

“Bizdagi maʼlumotlar shuni koʻrsatmoqdaki, COVID-19 ning yengil va oʻrta shaklini boshidan oʻtkazayotgan bemorlar oʻzlarida virus alomatlari sezila boshlaganidan 10 kun oʻtib uni boshqalarga yuqtirmaydilar” deb yozgan AQSHning kasallikni nazorat qilish va uning oldini olish markazi oʻz saytida.

Ushbu markazning 10 kunlik izolyatsiya yetarli ekani borasidagi maslahatlari infeksiyani boshqalarga yuqtirish davri tugagan va virusni yengil hamda oʻrta darajada oʻtkazayotgan bemorlarga qaratilgandir.

Bu maslahatlar COVID-19 ning ogʻir shaklidan aziyat chekayotgan odamlarga taalluqli emas. Chunki, bunday kasallar oʻzlarida virus alomatlarini sezganlaridan boshlab 20 kungacha uni boshqalarga yuqtirishlari mumkin.

Eʼtibor qilinishi kerak boʻlgan tomoni shundaki, AQSHning kasallikni nazorat qilish va uning oldini olish markazining bu maslahati faqat koronavirusni yuqtirib olganlar uchungina amal qiladi. Yaʼni, koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda boʻlganlar uchun hamon ikki haftalik karantin tavsiya qilinadi.