The New York Times nashri koronavirus bilan bogʻliq yana bir maʼlumotni taqdim etdi. Nashrda yozilishicha, Honkong universiteti olimlari koronavirus infeksiyasiga bir marta chalingan odam uni qayta yuqtirishi holati birinchi bor oʻz tasdigʻini topganini maʼlum qilishgan.
Manbada shuningdek, 33 yoshli erkakning COVID-19ʻdan sogʻayib chiqqandan toʻrt oy oʻtib, yana shu unga yoʻliqqani aytilgan. Kasallikka birinchi marta chalingan paytida bemorda kuzatilgan yengil belgilar ikkinchi safar kuzatilmagan, yaʼni simptomlarsiz kechgani aytilgan.
Holatni oʻrgangan olimlarning aytishiga qaraganda, bu bemor Ispaniyadan qaytib kelganidan soʻng unda yangi infeksiya borligi aniqlangan. Oʻtkazilgan tekshirishlardan soʻng, uning shtammi oʻsha erkak birinchi bor yuqtirib olgan virusdan sezilarli farq qilishi, koʻproq iyul-avgust oylarida Yevropada kuzatilgan COVID-19ga oʻxshab ketishi maʼlum boʻldi.