Shanxay Materiya instituti tomonidan yaratilgan COVID-19 virusiga qarshi VV116 (“Remindevir”) preparati haqida maʼlumot berildi. Shanxay Materiya instituti professori Shen Jingshan ushbu preparatning kimyoviy va tibbiy xususiyatlari haqida taqdimot oʻtkazdi va dori vositasining samaradorligi toʻgʻrisida maʼlumot almashildi. Xitoy olimlari tomonidan yaratilgan “Remindevir” preparati hozirda inyeksiya shaklida ishlatiladigan “Remdesivir” preparatining yangi shakli boʻlib, nojoʻya taʼsirlarining kamligi va tabletka shaklida ekanligi bilan diqqatga sazovordir. Hozirda ushbu preparat klinik sinovlari oʻtkazish bosqichida boʻlib, tadqiqotlar yakunlangach Navoiy erkin iqtisodiy zonasida Shanxay farmakologiya instituti bilan hamkorlikda quriladigan dori preparatlari substansiyalari sintezi zavodida ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
– Navoiy viloyati Karmana tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan mazkur farmatsevtika zavodi dori preparatlarini substansiyalarini kimyoviy sintezini amalga oshiruvchi Oʻzbekistondagi ilk korxona boʻladi, –dedi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Oʻzbekistonda iqtidorli malakali kimyogarlar koʻp, ular shu paytgacha substansiyalar sintezini faqatgina ilmiy-tadqiqot institutlari qoshidagi laboratoriyalarda amalga oshirib kelganlar, lekin bu substansiyalarning sintezi sanoat darajasiga olib chiqilmagan. Bu zavodning tashkil etilishi ilmdan kapital olish imkonini beradi, yangi ishchi oʻrinlar yaratish, raqobatbardosh yuqori texnologiyali maxsulotlar ishlab chiqarishga sharoit yaratadi.
Uchrashuv davomida tomonlar Navoiy viloyatida dorivor moddalar sintez qilish boʻyicha Oʻzbekiston–Xitoy tibbiyot texnologiyalari parkini yaratish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish boʻyicha fikr almashdilar, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.