Koronavirusga qarshi emlashga vaqtinchalik va doimiy monelik qiluvchi holatlar belgilandi

    Salomatlik 25 Avgust 2021 1972

    Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi bilan ommaviy vaksinatsiya jarayonlarida amal qilinishi kerak boʻlgan asosiy qoidalar yana bir bor oʻrganilib, emlashga vaqtinchalik yoki doimiy tibbiy cheklovlarga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan taqdirda amalga oshiriladigan ishlar belgilandi.

    Maʼlumki, emlanishi lozim boʻlgan aholi vakillari shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birlamchi tibbiy-sanitariya boʻgʻini muassasalarining roʻyxatxonasiga murojaat qiladi va oilaviy shifokor tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, uning xulosasi fuqaroning tibbiy kartasida qayd qilinadi.

    SOVID-19 ga qarshi emlashda birinchi navbatda emlanuvchi fuqaroning sogʻligi tekshiriladi, emlashga boʻlgan moneliklar, jumladan, allergik reaksiya bor yoki yoʻqligi oʻrganiladi va emlashga boʻlgan moneliklar kuzatilmagan holatda emlashga ruxsat beriladi.

    Qarshi tibbiy koʻrsatma mavjud boʻlsa, u holda emlashga vaqtinchalik yoki doimiy tibbiy cheklov qoʻyiladi. Shu oʻrinda, xoʻsh uning tartibi qanday boʻladi, degan savol tugʻilishi tabiiy.

    Vaqtinchalik yoki doimiy tibbiy cheklovlar faqat davolash-profilaktika muassasalari rahbariyati tomonidan tasdiqlangan maxsus komissiya tomonidan belgilanadi.

    SOVID-19 vaksinatsiyasiga qarshi koʻrsatmalar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining oilaviy shifokori tomonidan aniqlanadi va cheklov toʻgʻrisida xulosa berish maqsadida maxsus komissiyaga yuboriladi.

    Jahon sogʻlikni saqlash tashkilotining tavsiyalariga va vaksinalarning yoʻriqnomalariga asoslangan holda emlashdagi interval 21 kundan 12 haftagacha belgilanadi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan mamlakatimizdagi ommaviy emlashlar jadvaliga koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tartibi yuzasidan kiritilgan qoʻshimchalarga asosan:

    - 2021-yil 1-sentyabrgacha 18 yoshdan katta boʻlgan bir necha toifa yoki guruhdagi aholi qatlami koronavirus infeksiyasiga qarshi 1-doza vaksinalari;

    - 1-oktyabrgacha 2-doza vaksinalari;

    - 1-noyabrgacha 3-doza vaksinalari bilan ommaviy emlanishi koʻzda tutilgan edi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.