Koronavirusni davolashda gormon va antibiotiklarni notoʻgʻri qoʻllash jiddiy asoratlarga olib keladimi?

    Salomatlik 2 Iyul 2022 1006

    SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga tibbiyot fanlari doktori, professor Botir Tojiyev javob berdi:

    — Esingizda boʻlsa, COVID-19 infeksiyasi avj olgan va odamlar orasida tarqala boshlagan ilk yillarda soha oldida “ushbu xavfli kasallikni qanday davolash mumkin?" degan muhim masala turgan edi. Oʻsha paytda har bir mamlakat, xususan, yurtimizda ham mazkur virusning oldini olish boʻyicha maxsus protokollar ishlab chiqildi.

    Biroq ayrim bemorlarning uy sharoitida belgilangan dori vositalaridan oʻzboshimchalik bilan foydalanishi, ayniqsa, antibiotik, gormon preparatlari va tomchi ukollarni palapartish qoʻllash ularda turli asoratlarga olib keldi. Bu holat esa mana 2022-yilga kelib, asta-sekin namoyon boʻlyapti.

    Xususan, bugun aholi orasida uchrayotgan bir qancha yuqumli kasalliklar, travatologik, endokrinologik, yurak-qon tomir va koʻz xastaliklariga aynan oʻsha paytda mazkur dori vositalarini toʻgʻri qoʻllamaslik sabab boʻlgani soha mutaxassislari tomonidan taʼkidlanmoqda.

    Xoʻsh, shunday ekan koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda ushbu dori vositalarinidan qachon va qanday hollarda foydalanish mumkin?

    Misol uchun, tomchi ukollar COVID-19 ga chalingan bemorlarning oʻrta ogʻir va ogʻir darajasida, reanimatsiya boʻlimiga yotqizilganda va intoksikatsiya yoki zaharlanish kuchli boʻlgandagina tavsiya etiladi.

    Qolaversa, bu yil koronavirus infeksiyasi bolalarda loringospazm yoki xalq tili bilan aytganda boʻgʻilish holatlari bilan yuzaga kelmoqda. Demak, bu vaziyatda bemorga kasallikni davolash uchun emas, balki loringospazmning oldini olish uchungina gormon preparati belgilangan sxema boʻyicha beriladi.

    Shunda ham faqat bemor reanimatsiya boʻlimiga yotqizilganda hamda hamroh xastaliklari borligi va kasallikning ogʻirlik darajasiga qarab, hayotiy zarurat tugʻilsagina buyuriladi.

    Shuningdek, antibiotiklarni qoʻllashning ham oʻziga yarasha tartibi bor. Yaʼni, bu dori vositasi kasallikka chalingan kattalar va bolalarda pnevmoniya belgilari namoyon boʻlganda va balgʻam surtkiga olinib, ularning antibiotiklarga chidamligi aniqlanganda statsionar sharoitdagina tavsiya etiladi.

    Boshqa hollarda esa ushbu dori vositalaridan oʻzboshimchalik bilan foydalanish jiddiy asoratlarga olib kelishini unutmaslik lozim.