Koronavirusni shifokor maslahatisiz davolasa boʻladimi?

    Salomatlik 17 Iyul 2021 2929

    Koronavirus infeksiyasi tarqalganiga bir yildan oshganiga qaramasdan, dunyo tibbiyotida kasallikni davolash haqidagi maʼlumotlar turlicha. Shuning uchun kasallikka qarshi kurashda mutaxassislar tavsiyalariga amal qilish muhim. Kasallik belgilari namoyon boʻlganda shifokorga murojaat qilmay, boshqa bemorlar yoki mutaxassis boʻlmagan kishilar bergan tavsiyalarga koʻra davolanish oqibatida ayrim bemorlarning umumiy ahvoliga salbiy taʼsiri kuzatilyapti.

    Koronavirusni davolash hamda davolanish haqidagi savolga Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov javob berdi:

    — Ayrim bemorlar oʻzida koronavirus xastaligi belgilari paydo boʻlganda, undan hadiksiragani yoki oʻz salomatligiga loqaydligi tufayli kasallikni boshlangʻich vaqtida uy sharoitida notoʻgʻri davo taktikalarini qoʻllash natijasida bemor umumiy ahvoli oʻta ogʻir holatga kelib, statsionar davolanishga majbur boʻlyapti.

    Koronavirusning bugungi kunda besh xil turli darajalari mavjud:

    — Simptomsiz

    — Yengil

    — Oʻrta ogʻir

    — Ogʻir

    — Oʻta ogʻir

    1. Simptomsiz daraja. Bunda xastalik sezilarsiz belgilar bilan kechadi. Masalan, kunida bir-ikki marotaba umumiy holsizlik, toliqish yoki tana haroratining 37 darajagacha koʻtarilishi holati kuzatilishi mumkin. Ammo ushbu holatda PZR tekshiruvidan oʻtganda unda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlanishi mumkin.

    2. Yengil daraja. Haroratning 38 darajagacha koʻtarilishi, tomoqning qichishi, vaqti-vaqti bilan yoʻtal hamda organizmdagi holsizlik, boʻgʻimlar qaqshashi kuzatiladi.

    Qayd etilgan ushbu ikki bosqichda uy sharoitida oilaviy poliklinika shifokori bilan hamkorlikda, yaʼni ularning tavsiyalari asosida davolanish mumkin.

    3. Oʻrta ogʻir daraja. Bunda yuqorida qayd etilgan belgilar kuchaygani uchun bemorning shifoxonaga yotqizilishi tavsiya etiladi. Bunday bemorlarga qatʼiy tartibdagi davolanish choralari va doimiy mutaxassislar nazorati kerak boʻladi.

    Shuningdek, xavflilik darajasi yuqori boʻlgan kishilar: yaʼni bemorlarning yoshi 50-60 va undan katta boʻlganda yoki virusga chalingan kishining yondosh kasalliklari boʻlsa, homilador ayollarda koronavirus aniqlansa, ularga oʻrta ogʻir daraja belgilanib, statsionar davolash uslubi qoʻllaniladi.

    4. Ogʻir daraja. Bunda bemorlarda yuqoridagi belgilar yaqqol namoyon boʻlishi bilan birga nafasning oʻtkir yetishmovchiligi, ruhiyat oʻzgarishi, xususan, oʻlim talvasasi hamda barcha aʼzolarida kasallikning taʼsiri sezila boshlaydi. Tabiiyki, ushbu holatda ham, albatta, statsionarda davolash zarur.

    5. Oʻta ogʻir daraja. Bunda esa, bemorlar faqatgina shifoxonalarning jonlantirish boʻlimlarida davolanishi kerak boʻladi.

    Uy sharoitida koronavirusning zararli taʼsirini kamaytirish uchun xonalarni tez-tez shamollatib turilishi, uyning tozaligiga va undagi oziq-ovqat mahsulotlarining toʻgʻri saqlanishiga qattiq eʼtibor berilishi lozim.

    Shuningdek, uy sharoitida koronavirusdan davolanayotgan bemorlar oʻz yaqinlarining salomatliklarini oʻylagan holda, ulardan oʻzini iloji boricha izolyatsiyalashi kerak. Bemor turgan xonaga yosh bolalarning va keksa yoshli oila aʼzolarining kirishlari cheklanishi kerak. Bemorning ovqatlanish idishlari alohida boʻlishiga eʼtibor berish lozim. Iloji boricha koʻproq suyuqlik isteʼmol qilish tavsiya qilinadi.

    COVID-19ning yangi shtammlari avvalgilaridan koʻra yuquvchanligi bilan farq qilmoqda. Shuning uchun ham tibbiy niqob va antiseptik har bir insonning doimiy hamrohi boʻlishi kerak.

    Uy sharoitida davolanayotgan bemorga oʻzboshimchalik bilan davo muolajalari qilish taqiqlanadi. Koronavirusning yengil shtammini oʻtkazayotgan bemorlarning holidan hududdagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi xodimlari xabar olib turishadi. Ularning ahvoli ogʻirlashgudek boʻlsa yoki biror maslahat zarur boʻlsa, oilaviy shifokor bilan maslahatlashish zarur.

    “Vitamin S”, “vitamin D” va “Sink” kabi dori vositalarini kasallikni boshdan oʻtkazayotgan bemorlargina emas, u bilan birga yashayotgan oila aʼzolari ham profilaktika maqsadida qabul qilishlari mumkin. Bunda albatta, oilaviy shifokor tavsiyasiga amal qilish shart.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.