Koronavirusni to‘liq zararsizlantiruvchi modda topildi

    Salomatlik 15 Sentabr 2020 1896

    AQShdagi Pittsburg universiteti olimlari hatto eng kam dozasi ham koronavirusni neytrallashtira oladigan (zararsizlantiruvchi) oqsilni aniqlashdi.

    Ushbu tadqiqot-maqola 14-sentabr kuni «Cell» jurnalida e'lon qilindi.

    Bu yerda gap to‘laqonli antitanachadan 10 baravar kichik, «COVID-19»ga qarshi «Ab8» dorisini yaratish uchun qo‘llanilgan oqsilli birikma haqida bormoqda.

    «Molekulyar o‘lchamli bu birikma to‘qimalarga yaxshi diffuziyalanadi (singadi). Bu xususiyat virusni zararsizlantirish hamda dorini ingalyatsion yo‘l bilan qabul imkoniyatlarini oshiradi. Birikma inson to‘qimalari bilan bog‘lanmasligi esa uning organizmga salbiy oqibatlarini pasaytirish imkonini beradi», — deyiladi tadqiqotda.

    Ushbu modda 100 milliarddan ziyod potentsial molekulalar orasidan koronavirusning S-oqsili bilan aloqaga kira oluvchisini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan izlanishlarda topildi. Aynan u orqali patogen organizmga kiradi.

    Olimlarga ko‘ra, «Ab8» ushbu oqsilli birikmaning immunoglobulin bilan birlashishidan hosil qilinadi.