Bunday maʼlumotlarni Manchester universiteti audiologlari oʻzlarining tadqiqotidan soʻng American Journal of Otolaryngology nashrida eʼlon qilganlar.
Shifokorlar Uaytenshou klinikasida koronavirusdan davolangan 121 nafar bemorni kuzatganlar. 16 nafar bemor shifoxonadan sogʻayib chiqqanidan ikki oy oʻtib, qulogʻi yomon eshita boshlagani haqida shikoyat qilganlar, deb xabar beradi Rossiyskaya gazeta.
— Sakkiz bemorimiz yomon eshitayotgani haqida, yana sakkiz nafari esa qulogʻida shovqin paydo boʻlgani haqida xabar berganlar, — deb taʼkidladi tadqiqotning yetakchi muallifi professor Kevin Manro.
Olimning soʻzlariga qaraganda, yangi koronavirus infeksiyasining inson eshitish tizimiga taʼsiri oldindan taxmin qilingandi, chunki qizamiq, epidemik parotit, meningit kabi viruslar ham aynan ushbu sohada muammo keltirib chiqarishi mumkin edi.
Manroning taʼkidlashicha, ehtimol, gap eshitish nevropatiyasi haqida ketyapti. Bunday holda eshitish nervi orqali signallarning miyaga oʻtkazilishi buziladi.
COVID-19ning bunday asoratlari haqida shikoyat qilgan bemorlarning oʻrtacha yoshi 64ni tashkil etadi. Ulardan baʼzilarining eshitish tizimidagi muammolar avvaldan boshlangan va kasal yuqtirgandan keyin kuchaygan, koʻpchiligining esa ilgari bunday muammolari boʻlmagan.
Tadqiqotchining soʻzlariga qaraganda, yangi koronavirusning eshitish tizimiga taʼsiri haqida hali xulosa qilishga erta. Chunki bir qator omillar mavjudki, eshitish tizimini ishdan chiqaradigan. Bu — stress, patogenga qarshi qoʻllaniladigan dori vositalari taʼsiri, hatto yuzga taqiladigan niqob ham boʻlishi mumkin. Lekin shunga qaramay, COVID-19ning inson sezgi organlarining biriga uzoq yillar asorat qoldiruvchi taʼsir oʻtkazishi haqida dalillar bor.