Korporativ boshqaruv tizimini baholashning yangi vositalari joriy etiladi

    Raqamlashtirish 10 Oktabr 2022 3781

    “Oʻzbekneftgaz” AJ iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish Dasturini texnik qoʻllab-quvvatlash mexanizmi doirasida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ishlab chiqilgan baholash kartasi orqali korporativ boshqaruv tizimini har yili baholab borish joriy etiladi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Korporativ boshqaruvini baholash mexanizmi (baholash kartasi) korporativ boshqaruv tizimining eng muhim xalqaro boshqaruv standartlariga (shu jumladan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti va Bazel qoʻmitasi) va tegishli mahalliy standartlarga muvofiqligini oʻrnatishga xizmat qiladi.

    Baholash kartasini joriy etishdan asosiy maqsad korxona boshqaruvi sifatini baholash, ilgʻor amaliyot standartlari bilan solishtirganda kamchiliklarni aniqlash, shuningdek korxonani isloh qilish boʻyicha chora tadbirlar rejalarini ishlab chiqishda qarorlar qabul qilishni qoʻllab-quvvatlash, korxonaning samaradorligini oshirishdan iboratdir.

    Baholashda quyidagi 5 toifaga boʻlingan, guruhlangan 58 ta koʻrsatkichlar qoʻllaniladi:

    - Aksiyadorlarning huquqlari va himoya qilish (10 ta koʻrsatkich).

    - Kuzatuv kengashi (20 ta koʻrsatkich).

    - Shaffoflik va hisobdorlik (15 ta koʻrsatkich).

    - Nazorat muhiti (7 ta koʻrsatkich).

    - Manfaatdor tomonlar (6 ta koʻrsatkich).

    Baholash natijalari har yili Kuzatuv kengashiga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.