Korporativ boshqaruvchi malaka attestatini berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatiladi

    Raqamlashtirish 30 Noyabr 2022 1543

    Hukumat qarori (679–son, 29.11.2022-y.) bilan Korporativ boshqaruvchi malaka attestatini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

    Reglamentga koʻra, korporativ boshqaruvchi malaka attestati Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan korporativ boshqaruv sohasida malaka mavjudligini tasdiqlash uchun beriladi.

    Talabgor quyidagi asosiy malaka talablariga mos kelishi kerak:

    Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining “Korporativ boshqaruvning zamonaviy amaliyoti va tamoyillari” boʻyicha oʻquv kursini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi sertifikatiga ega boʻlishi;

    Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining “Biznesni boshqarish”, “Kapital bozori va birja ishi” va “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik (“Biznes innovatsiyalar va tadbirkorlik”) magistratura mutaxassisliklari boʻyicha korporativ boshqaruv fanini 86 ball va undan yuqori darajalarda oʻzlashtirgan, shuningdek xorijiy mamlakatlarning oliy oʻquv yurtlari va Biznes maktablarida tahsil olgan va ilmiy darajalarga ega boʻlgan hamda korporativ boshqaruv fani boʻyicha eng yuqori baho yoki ball olgan boʻlishi kerak.

    Davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun BHMning 1 baravari (300 ming soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi (my.gov.uz orqali murojaat qilinganda yigʻim miqdori 270 ming soʻmni tashkil etadi).

    Malaka attestatining amal kilish muddati 5 yilni tashkil etadi hamda uzaytirilmaydi.