Davlatimiz rahbarining 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida “...Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz boʻlsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erisha olmaymiz”, deb bejiz taʼkidlanmagandi.
Shu sababli yangi Oʻzbekistonda “inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish va faol jamiyatni shakllantirishga qaratilgan islohotlar doirasida barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish muhitini shakllantirish talab etiladi.
Bevosita Markaziy bank tizimida mazkur yoʻnalishda qilinayotgan ishlarga toʻxtalishdan avval Markaziy bank aholi va tadbirkorlik subyektlariga bevosita bank-moliya xizmatlarini koʻrsatish bilan shugʻullanmasligi sababli uning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlar, umuman olganda, past darajada ekanini taʼkidlash lozim.
Shundan kelib chiqib, Markaziy bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlarni tashkil etishda asosiy eʼtibor “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun, Prezidentning sohaga oid farmon va qarorlarida korrupsiyaning oldini olish, uni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilmoqda.
Jumladan, Markaziy bank markaziy apparati, hududiy bosh boshqarmalar va tasarrufdagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Markaziy bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan kelishilgan holda korrupsiyaga qarshi halqaro standart (ISO 37001: 2016) talablari asosida 13 ta ichki meʼyoriy hujjat ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Ushbu muhim hujjatlar qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, Markaziy bank xodimlari odob-axloqining qoidalari, Markaziy bank tizimida manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash va boshqarish toʻgʻrisidagi nizom, Markaziy bank tizimida aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar hamda manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va koʻrib chiqish reglamenti kabilarni keltirib oʻtish mumkin.
Markaziy bank tizimida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarning yana bir muhim yoʻnalishi sifatida xodimlarning huquqiy ongi va bilimini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik hujjatlari, Prezident farmon va qarorlari hamda ichki meʼyoriy hujjatlar talablari va mazmun-mohiyati yuzasidan joriy yilning oʻtgan davrida Markaziy bank tizimida jami 67 ta oʻquv seminari va davra suhbati tashkil etildi.
Shuningdek, Prezidentning 2021-yil 22-oktyabrdagi “Meʼyoriy-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2022-yilda 149 ta amaldagi va 110 ta yangi ishlab chiqilgan hamda joriy yilning oʻtgan davrida esa 31 ta yangi ishlab chiqilgan meʼyoriy-xuquqiy hujjat loyihalari korrupsion holatlarga olib keluvchi ehtimollardan saqlash maqsadlarida tegishli ekspertizadan oʻtkazildi.
Markaziy bankka ishga qabul qilish jarayonida korrupsiyaviy xavf-xatarlar oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimi joriy qilindi.
Mazkur tizim doirasida inson omili taʼsirini kamaytirish maqsadida boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha eʼlonlarning bank rasmiy veb saytida joylashtirilishi, nomzodlar hujjatlarini maxsus telegram bot orqali qabul qilinishi va tegishli test sinovlarining onlayn shaklda oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻz navbatida, xaridlar jarayoni shaffofligi va xolisligini taʼminlash yuzasidan Markaziy bank tizimidagi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan xaridlarni tender, tanlov va toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirishda ishtirokchilarda affillanganlik, manfaatlar toʻqnashuvi va boshqa korrupsiyaviy xatarlar oldini olishga qaratilgan oʻrganishlar oʻtkazish amaliyoti joriy qilingan. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida 91 ta xarid shartnomasi boʻyicha shunday oʻrganishlar oʻtkazildi.
Xalqaro tajriba koʻrsatmoqdaki, korrupsiyaning oldini olishning eng samarali mexanizmlaridan biri davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini raqamlashtirishdir. Mazkur mexanizm yuklatilgan vazifa va funksiyalar bajarilishida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni yuzaga keltiruvchi eng asosiy — inson omilining salbiy taʼsirini bartaraf etish (kamaytirish) imkonini beradi.
Bu borada ham Markaziy bank tomonidan qator ishlar qilingan. Jumladan, litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish toʻgʻrisidagi arizalarni, faoliyatni boshlaganlik va tugatganlik haqidagi xabarnomalarni qabul qilish hamda ularni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha tegishli hujjatlarni berish jarayoni toʻliq raqamlashtirilib, mazkur amaliyotlarni maxsus elektron platforma (https://cbu.uz/oz/services/support) orqali amalga oshirish yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, bank-moliya sohasida tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, litsenziyalash, ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida lombard va mikromoliya tashkilotlari faoliyati litsenziyalash tartibidan xabardor qilish va hisob roʻyxatdan oʻtkazish tartibiga, bank filiallari va mikromoliya tashkilotlari filiallarini tashkil etish ham ruxsat berish tartibidan xabardor qilish tartibiga oʻtkazildi.
Oʻz navbatida, Markaziy bank tavsiyalari asosida bank tizimida aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatilayotgan bank xizmatlarini raqamlashtirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada tijorat banklarining mobil ilovalari orqali omonat, kredit va boshqa bank xizmatlaridan foydalanish koʻlami yildan-yilga oshib bormoqda.
Jumladan, bank tizimida mijozlarga bank hisobvaraqlarini masofadan identifikatsiya qilish orqali ochish, bank va toʻlov xizmatlaridan onlayn rejimda bankka bormasdan masofaviy tarzda foydalanish imkonini beruvchi raqamli biometrik identifikatsiya qilish tizimi (Face ID) joriy qilindi.
Bugungi kunda mobil bank va toʻlov xizmatlarini koʻrsatishda mazkur texnologiyadan foydalanadigan tijorat banklari 26 tani, toʻlov tashkilotlari 13 tani, marketpleyslar soni esa 4 tani tashkil etmoqda. Bunda banklar va toʻlov tashkilotlarining mobil ilovalari orqali raqamli identifikatsiyadan oʻtgan mijozlar soni 3,5 milliontaga yetdi.
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari shaffofligini taʼminlash va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida yagona elektron platforma (oilakredit.uz) orqali onlayn imtiyozli kreditlar ajratish tartibi joriy qilindi.
Markaziy bank tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olishda uning kollegial organlari ahamiyatini alohida taʼkidlab oʻtish joiz.
Bugungi kunda qonunchilikda Markaziy bankka yuklatilgan vazifalar ijrosi boʻyicha, shu jumladan, banklar, toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimlari operatorlari faoliyatini litsenziyalash hamda ularning faoliyatini tartibga solish va nazorat, shuningdek, ishga qabul qilish hamda xaridlarni amalga oshirishga doir barcha qarorlar faqat kollegial tartibda Markaziy bank boshqaruvi, maxsus tashkil etilgan qoʻmita, komissiya va boshqa kollegial organlar yigʻilishlarida muhokama qilish yoʻli bilan qabul qilinadi.
Boshqacha aytganda, qarorlar qabul qilinishi biror yakka shaxsning emas, balki kollegial organlar aʼzolari ovoziga bogʻliq. Bu esa, oʻz navbatida, Markaziy bank faoliyatini tashkil etishda manfaatlar toʻqnashuvi, favoritizm va boshqa korrupsiyaviy holatlarning oldi olinishiga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yoʻnalish sifatida Markaziy bank tomonidan korrupsiyaga qarshi komplayens nazorat masalalari boʻyicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yil iyul oyida Markaziy bank ichki nazorat tuzilmasi mutaxassislarining korrupsiya darajasi boʻyicha xalqaro reytingda yuqori oʻrinlarda (2023-yilda 41 oʻrin) borayotgan Gruziya Milliy bankiga tajriba almashish tashrifi tashkil etildi.
Gruziya Milliy banki faoliyatining muhim jihati shundaki, u yerda bank tomonidan bajariladigan 800 dan ortiq vazifa, funksiya va amal (protsedura)ni qamrab oluvchi xatarlarni boshqarish tizimi joriy qilingan.
Aynan mana shu tizim doirasida Gruziya Milliy banki faoliyatidagi barcha, jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, yuzaga kelish ehtimoli va salbiy taʼsiri darajasini baholash hamda ularni bartaraf etish (taʼsirini kamaytirish) choralari koʻriladi.
Gruziya Milliy banki ijobiy tajribasini eʼtiborga olib, bugungi kunda Markaziy bankda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi texnik koʻmagini jalb qilgan holda xatarlarni boshqarish tizimini joriy qilish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Markaziy bank tizimida korrupsiyaning oldini olish choralarini koʻrish, uni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan sabab va shart-sharoitlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Mamarizo NURMURATOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi