Korrupsiya – jamiyatning rivojlanishi va demokratik davlat qurish yo‘lidagi eng katta to‘siq. U davlat va jamiyatning barcha sohalarini o‘z iskanjasiga olishi mumkin. Masalan, iqtisodiyot, huquq-tartibot, ta’lim, shuningdek, davlatning har qanday sohasi korrupsiya natijasida ishdan chiqadi.
Bilamizki, xalq davlatning birdan bir manbaidir. Bu borada davlat o‘z oldiga qo‘ygan oliy maqsadlarini amalga oshirish uchun yaxlit mexanizmdan tashkil topgan. Ushbu mexanizmning har bir detali to‘g‘ri ishlagan taqdirdagina, davlat har tomonlama rivojlana oladi. Biroq, korrupsiya ushbu mexanizmni ishdan chiqishiga olib keladigan eng yomon illatdir. Ushbu illatning eng nozik qurbonlaridan biri, shubhasiz, demokratiyadir. Demokratik davlatda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishi, inson oliy qadriyat darajasiga chiqishi lozim. Korrupsiya esa kuchli demokratik davlat qurish yo‘lidagi eng asosiy to‘siqlardan biri hisoblanadi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, korrupsiya har qachon dunyo davlatlari taraqqiyoti kushandasi bo‘lib kelgan. Tarixiy ma’lumotlardan ma’lumki, korrupsiyaning paydo bo‘lishi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Tarixda qabila a’zolarining ma’lum bir mavqega ega bo‘lish uchun qabila sardoriga turli xil qimmatbaho sovg‘alar berishi bilan boshlangan deb taxmin qilinadi. Shu bois korrupsiyaning kelib chiqishida ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashni asos sifatida keltirishimiz mumkin. Yuqorida keltirgan misolimizdan ko‘rinib turibdiki, pora berayotgan shaxs o‘zi erishishni xohlayotgan mavqega amalda ko‘pincha noloyiq bo‘ladi. Hamma gap mana shunda, ya’ni shaxs amalda loyiq bo‘lmagan lavozimiga pora berish orqali o‘tishi natijasida davlat organi o‘z funksiyasini lozim darajada amalga oshirolmaydi va bu davlat mexanizmining ishdan chiqishiga olib keladi. Bu korrupsiyaning bir ko‘rinishi xolos. Uning bir qancha turlari mavjud. Biroq korrupsiyaning mohiyati va oqibati uning har qanday turida bir xil. Ya’ni davlat mansabini suiiste’mol qilish oqibatida o‘sha tizimning ishdan chiqishi bilan yakunlanadi.
O‘ylashimizcha, korrupsiyani birgina islohot yoki qadam bilan yo‘q qilish yo‘li mavjud emas. Unga qarshi kurash bir qancha islohotlar va tizimli chora-tadbirlar natijasida samara berishi mumkin. Umuman olganda, korrupsiya keng qamrovli jinoyat hisoblanadi. Uning ko‘lankasi ostida qolgan har qanday davlat zavolga yuz tutadi. Bugungi kunda korrupsiyaga oid jazo choralari keskin kuchaytirilmoqda. Yangi qonun loyihasiga muvofiq, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi nazarda tutilgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra esa bu muddat 15 yil qilib belgilangan. Jazoni kuchaytirish ko‘pchilikning fikri bo‘yicha unchalik ham to‘g‘ri qaror emas, lekin, fikrimizcha, jazoning kuchaytirilishi aholiga korrupsiyaning qanchalik xavfli jinoyat ekanligini ko‘rsatuvchi ko‘zgu sifatida xizmat qilishi mumkin.
Muqoyasa qilinsa, O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksi 97-moddasida qasddan odam o‘ldirish uchun 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Ijtimoiy xavflilik darajasi bo‘yicha taqqoslaydigan bo‘lsak, korrupsiya davlatga xoinlik jinoyati bilan deyarli bir xil. Shuning uchun ham bu borada jazoni keskin kuchaytirish foydali bo‘lishi mumkin. Lekin jazo og‘irlashtirilgani bilan, javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanib qolmaydi. Aynan shu mazmunda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri ham ahamiyatga molik va asosli fikr bildirgan. Umuman olganda, korrupsiyaga qarshi barcha chora-tadbirlar shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish muhim hisoblanadi. Bizningcha, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha qilinishi mumkin bo‘lgan eng asosiy ish – bu normativ-huquqiy hujjatlar va qonun hujjatlarida hech qanday kolliziyalar qoldirmaslik. Bu orqali qonunlarni turli xil talqin qilishlarning va buning natijasida korrupsiya sodir etilishining oldi olinishi mumkin. Korrupsiya noto‘g‘ri o‘tkazilgan islohotlar natijasida sodir etilishi mumkinligi xalqaro tajribalarda isbotlangan. To‘g‘ri, qonun har qanday jinoyatga qarshi eng kuchli qurol, unda qandaydir qonun orqali jamiyat uchun xavfli bo‘lgan qilmishlarni jazo qo‘llash tahdidi bilan cheklab qo‘yish mumkin. Lekin ushbu qonunlarning ijrosi va jazoning muqarrarligini ta’minlash unchalik ham oson kechmasligi mumkin. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, korrupsiyaga qarshi birgina “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida” gi Qonunning yuqori darajadagi ijrosi orqali ham samarali kurashish mumkin.
Darhaqiqat, qonun korrupsiyaga qarshi kurashishda unga qarshi kurashuvchi subyektlarga katta kuch bera oladi. Qonun himoyachilari deganda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar va davlat organlari, balki fuqarolarni ham bu kurashga jamoatchilik nazoratini qonun kuchi bilan yana-da mustahkamlagan holda jalb qilish mumkin. Bu orqali Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali yo‘lidan borgan bo‘lamiz. Bundan tashqari korrupsiyaga qarshi kurash borasida jamoatchilik nazorati dunyoning rivojlangan demokratik davlatlari tomonidan tan olingan va amalda ishlab kelayotgan samarali usullardan hisoblanadi. Uning natijasida davlat organlari mansabdor shaxslari qabul qilayotgan qarorlari yuzasidan mas’uliyatli bo‘lishadi. Shuningdek, jamoatchilik nazorati jamiyat a’zolariga o‘zlariga ta’sir qiladigan qarorlarga ta’sir qilish huquqini beradi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini qonun kuchi bilan yana-da mustahkamlash va uning ijrosini ta’minlash orqali mamlakatda faoliyatda shaffoflik darajasining sezilarli darajada o‘sishiga erishish mumkin.
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash har qachongidan ham ahamiyatliligi bilan alohida e’tiborimizni tortadi. Masalan, Adliya vazirligi aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish yo‘lida ijtimoiy tarmoqlarda huquqiy axborot kanali orqali respublikamizda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar haqida muntazam ma’lumot berib bormoqda. Buni yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash borasida kichkina bo‘lsa-da hayotiy misol sifatida olishimiz mumkin. Normativ huquqiy-hujjatlarni tahlil qilish borasida adliya vazirligi o‘z faoliyatini olib bormoqda. Bu esa aholi o‘rtasida normativ-huquqiy hujjatlarning asl ma’nosini bir xilda tushunilishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonunida ushbu qonunning amaldagi ijrochilari aniq belgilab qo‘yildi. Bunda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi, birinchi navbatda, korrupsiyaga qarshi kurashni amalga oshiruvchi organ sifatida vakolatli qilib belgilanganini ta’kidlab o‘tishimiz lozim. Bu sohada bevosita shug‘ullanuvchi organning mavjudligi va unga ko‘plab vakolatlar berilganligi korrupsiyaga qarshi kurashish tizimida o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatishini kutib qolamiz.
Bundan tashqari, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha eng samarali yo‘l sifatida xalqaro e’tirof etilgan jamoatchilik nazorati ham yildan yilga faol qo‘llanilmoqda. Xalq qabulxonalari, prezident portali va shu kabi ko‘plab vositalar orqali jamoatchilik nazorati sezilarli darajada o‘sib bormoqda. Bu borada, ayniqsa, blogerlarning o‘rni katta. Ular jamiyatda mavjud muammolarni ijtimoiy tarmoqlarda olib chiqish orqali ushbu muammolarning yechimi uchun mas’ul shaxslarni hushyorlikka chaqirmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashda qonun eng kuchli qurol bo‘lib xizmat qila oladi. U o‘z himoyachilariga yetarli darajada huquq va imtiyozlar berish orqali har qanday muammoga qarshi kurashishga imkon beradi. Qonunning ijrochilari safini kengaytirish, jamiyat hayotining barcha sohalarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shu bilan birga, yurtimizda istiqomat qiluvchi barcha fuqarolarning korrupsiya haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘lib, bunga jazo muqarrar ekanligini chuqur anglab yetishlari uchun targ‘ibot ishlarini kuchaytirish ham yuqori samara beradi, deb hisoblaymiz.
Otabek Shodiyev,
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali talabasi