2020-yil bilan taqqoslaganda sudga yuborilgan jinoyat ishlar soni 2 ming 621 taga, javobgarlikka tortilgan shaxslar soni esa 3 ming 760 taga yoki 218 foizga koʻpaygan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2020-yilda 500 milliard 102 million soʻmlik moddiy zarar yetkazilgan. Shundan 355 milliard soʻm yoki 71 foizi undirilgan.
2021-yildagi moddiy zarar miqdori 1 trillion 282 milliard soʻmni tashkil etib, shundan 887 milliard soʻmi yoki 69,1 foizi undirilgan.
Bu raqamlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisida Jamoatchilik kengashi oldidagi hisobotiga bagʻishlangan matbuot ajumanida tilga olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov korrupsiyaga oid jinoyatlar tahliliga toʻxtalish bilan birga agentlikka kelib tushayotgan murojaatlar natijalari haqida ham axborot berdi.
2021-yilda jami 4 ming 901 ta (493 tasi dublikat) murojaat kelib tushgan boʻlib, barcha murojaatlar belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan. Shundan, 107 murojaat agentlik rahbariyati tomonidan tashkil etilgan shaxsiy va sayyor qabullarda kelib tushgan.
Murojaatlarning 258 tasi ijobiy hal etilgan. 1 ming 163 murojaatga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berish orqali qanoatlantirilgan. 117 murojaat anonim deb topilgan, 43 murojaat maʼlumot uchun qabul qilingan, 158 takroriy murojaat koʻrib chiqilishi belgilangan tartibda tugatilgan, 3 ming 158 murojaat taalluqliligi boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga yoʻnaltirilgan.
Maʼlum qilinishicha, 2021-yilda agentlik tomonidan “Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz hudud” loyihalari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlar va sohalar kesimida 50 dan ortiq oʻrganishlar oʻtkazildi.
Qurilish sohasidagi jami 461,3 milliard soʻmlik qiymatdagi davlat xaridlari yuzasidan 59 qurilish obyektida oʻrganish oʻtkazilgan. Aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinishi orqali jami 49 jinoyat ishi va 24 maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar qoʻzgʻatilishi taʼminlangan.
Davlat xaridlari sohasida 2021-yilda oʻtkazilgan masofaviy monitoringda byudjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 145,3 milliard soʻmlik 452 tanlovda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi va “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunlarning talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan. Korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilishga qaratilgan 372 taqdimnoma kiritilgani natidasida tanlovlar bekor qilinib, byudjet mablagʻlarining maqsadsiz sarflanishining oldi olingan.
Maʼlum qilinishicha, bugungi kunga kelib, 88 ta davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari joriy etilgan boʻlsa, 52 tasida toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan.
Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi va korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tashkil etishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan 34 taqdimnoma kiritilgan.