Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish boʻyicha izchil choralar koʻrilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2021-yil 6-iyuldagi qaroriga asosan, davlat hokimiyati organlari va yirik xoʻjalik yurituvchi subyektlarda korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini koʻrish uchun masʼul boʻlgan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur tuzilmalarni joriy etish va samarali faoliyat yuritishini tashkillashtirish vazifasini amalga oshirib kelmoqda. Xususan, ushbu seminar-trening orqali ham nazorat tuzilmalari faoliyatiga amaliy yordam berish koʻzda tutilgan.

Hozirda 91 ta davlat tashkilotlarida alohida shtat birliklari doirasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mazkur tuzilmalar mustaqilligini taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan Adliya vazirligi bilan birgalikda Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati toʻgʻrisidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.

Unga koʻra, nazorat tuzilmalari hamda ularning xodimlariga nizom va boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan funksiyalarning yuklatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Yaʼni, ushbu tuzilmani turli tadbirlarga jalb qilish, vazifasiga kirmagan majburiyatlarni uning zimmasiga yuklash qatʼiyan taqiqlanadi. Ayni talabning davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tomonidan bajarilishini Agentlik qaʼtiy nazorat qilib boradi.

Tuzilmalar faoliyatini metodologik taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan BMT taraqqiyot dasturi va “KPMG” ekspertlari koʻmagida qator hujjatlar toʻplami ishlab chiqilib, barcha tashkilotlarga yetkazildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, manfaaatlar toʻqnashuvini boshqarish haqida nizom, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini monitoring va nazorat qilish uslubiyoti, rorrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti kabi hujjatlar shular jumlasidandir.

Agentlik tomonidan yaqinda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasi aksariyat davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligini koʻrsatdi.

Seminarda BMTTD loyihasi va “KPMG” halqaro auditorlik kompaniyasi ekspertlari ishtirok etib, oʻz maʼruzalarida bevosita Agentlik tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va tuzilma ishini toʻgʻri tashkil etish masalalariga alohida urgʻu berdi.

Seminar-treningning ishida navbatdagi muhim masala korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini amaliyotga tatbiq etish mavzusiga bagʻishlandi. Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etilmoqda.

Eʼtiborlisi, reyting baholash Agentlik tomonidan “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali tashkil etiladi. Bunda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratiladi.

Reyting baholash tizimi dastlab eksperiment tariqasida oʻz faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan 24 ta vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar faoliyatiga, 2022-yil 1-iyuldan boshlab esa barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga tatbiq etilishi belgilangan.

Eksperiment yakuniga koʻra, E-anticor.uz elektron platformani takomillashtirish va modernizatsiya qilish choralari koʻriladi.

Elektron platforma BMTTD Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda BMT Taraqqiyot dasturining Seul siyosat markazi hamda Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari boʻyicha komissiyasining texnik va maslahat koʻmagida ishlab chiqilgan. Seminar-treningda ushbu markaz maslahatchisi Djungo Sonni ham ishtirok etib, Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbuslarni baholash tizimi haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Seminar davomida ishtirokchilar “E-anticor.uz” elektron platformasida ishlash tartibi bilan batafsil tanishtirildi. Aytish joiz, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida Agentlik tomonidan bu boʻyicha maxsus qoʻllanma va videoqoʻllanma tayyorlangan boʻlib, ular elektron platformada joylashtirilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

axborot xizmati