Joriy yilning 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizimni joriy etib, ushbu masalaga jamoatchilik, parlament va fuqarolik jamiyati institutlarini keng safarbar etish maqsadida qaror qilaman:
1. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 2025 yil 5 martda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va amaliy chora-tadbirlar dasturi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlariga mazkur Farmon va uning ilovalarida belgilangan vazifalarni sifatli, o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
2. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash har yili hududlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, prokurorlar va ichki ishlar organlari boshliqlari bilan birgalikda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha “yo‘l xarita”sini tasdiqlab, ijrosi ustidan nazoratni ta’minlasin.
3. Korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashishda parlamentning rolini tubdan oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalariga quyidagilar tavsiya etilsin:
a) har yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan uchtavazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish;
b) vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartibni qonun hujjatlarida belgilash;
v) xalqaro tajribani o‘rganib, kibermakonda korrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
g) mas’ul idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzgan holda “jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaligi” davomida har oyning 1-5 sanalarida reja asosida “qizil” toifadagi mahallalarga tushib, jinoyatlarningkelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish, tuman (shahar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari va ichki ishlar organlari boshliqlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berish hamda tuman (shahar) va mahallalarda ilgari surilgan xalqchil tashabbuslar asosida qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
4. Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati quyidagicha yangi tartib asosida yo‘lga qo‘yilsin:
a) prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari sektorlar faoliyati bo‘yicha yuklatilgan vazifalardan ozod etiladi;
b) sektorlar ishiga Bosh vazir o‘rinbosarlari va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari mas’ul etib belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda sektorlarning yangi tartib asosida faoliyat yuritishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.
5. Iqtisodiyotda korrupsiyaviy omillarning oldini olish maqsadida belgilansinki:
a) davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi hamda uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan chegarasidan chetga chiqqan holda xaridlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi;
b) 2025 yilning 1 iyulidan yirik investitsiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi;
v) “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda – “Shaffof qurilish” tizimi) qamrovi yanada oshirilib, bosqichma-bosqich xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy qilinadi.
6. Mazkur Farmonning 5-bandida belgilangan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida:
a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda:
1) davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi bo‘yicha belgilangan talablarni buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, kiritsin;
2) Hisob palatasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablarni kuchaytirsin;
3) Hisob palatasi bilan birgalikda davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlarini kamida ikki karra qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin;
b) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar asosida baholash hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o‘tkazish tartib-taomillarini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) 2025 yil yakuniga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi xalqaro moliya tashkilotlar bilan birgalikda xalqaro tender ob’ektlari bo‘yicha subpudratchilarni “Shaffof qurilish” tizimi orqalijalb qilish, qiymati 2 million AQSH dollarigacha bo‘lgan xalqaro moliya tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlarni “Shaffof qurilish” tizimida o‘tkazish hamda xalqaro tenderlar bo‘yicha jalb qilingan chet el pudrat tashkilotlari shartnoma qiymatining kamida 60 foizini o‘z kuchi bilan bajarish tartibini joriy etish choralarini ko‘rsin;
g) Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi “Shaffof qurilish” tizimini xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy etish uchun ushbu tizimda tegishli imkoniyatlarni yaratsin.
7. Vazirlar Mahkamasi 2026 yil 1 yanvarga qadar vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining o‘zi baholaydigan tizimni joriy etsin.
Bunda aholi tomonidan “qoniqarsiz” deb baholangan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vazirlik, idora rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimlarining shaxsiy javobgarligi belgilansin.
8. Adliya vazirligi:
a) bir oy muddatda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda sun’iy intellekt asosida aholining kundalik hayotida uchraydigan savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish imkoniyatini beradigan onlayn плaтформaни ishga tushirsin;
b) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining o‘zi baholaydigan yangi tizimni joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) uch oy muddatda Advokatlar palatasi bilan birgalikda fuqarolarga sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishida advokatlar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Mazkur Farmonda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari D.B.Kadirov va R.Q.Davletovlar zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2025 yil 21 aprel