Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonida “Kozguashyo” XK taʼsischisi Q.Abidovning murojaati oʻrganib chiqildi. Murojaatda Toshkent shahar hokimligi tomonidan davlat va jamoat ehtiyoji uchun olingan mulki oʻrniga kompensatsiya toʻlovi toʻlab berilmayotganidan norozi ekanligi bildirilgan.
Aniqlanganidek, jamiyatga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan Sergeli tumani, Sputnik-4 mavzesidagi yer uchastkasida joylashgan, umumiy maydoni 43 kv. metrga teng dorixona binosi Toshkent shahar hokimining 2016-yil 30-sentyabrdagi 895-sonli qaroriga asosan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olingan. Biroq, tadbirkorga yetkazilgan zarar va buzilgan bino hamda inshoot oʻrniga belgilangan tartibda kompensatsiya toʻlovlari amalga oshirilmagan.
Ushbu noturar bino “Dinvest Consult” MCHJ baholovchi tashkilot tomonidan baholangan va tegishli baholash hisoboti tuzilgan. Oʻtkazilgan baholash hisoboti natijasiga koʻra, jamiyatga tegishli yer va bino-inshootlarning bozor qiymati 249 168 000 soʻm etib belgilangan. Jamiyatning egaligida boʻlgan yer uchastkasini olib qoʻyilganligi va imorat buzilganligi uchun teng miqdorda kompensatsiya taqdim qilishni soʻrab, Toshkent shahar hokimiyatiga bir necha bor murojaatlar yuborilgan.
Murojaatdagi eʼtirozlar asosli ekanligi tasdigʻini topgach, vakil devoni tomonidan “Kozguashyo” xususiy korxonasi foydasiga buzilgan bino-inshooti uchun 249 168 000 soʻm kompensatsiya toʻlovini undirish boʻyicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo ariza kiritilgan. Amaldagi huquqiy tartiblar asosida sud idorasi tomonidan murojaat koʻrib chiqilib, daʼvo arizasi qanoatlantirilgan.
D.Maxmudov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining yetakchi inspektori