Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan ochiq muloqotida kreativ industriya parklari hududlarda ham tashkil qilinishi borasidagi soʻzlarini eshitib togʻamga telefon qildim. Yangilikni eshitib, boshi koʻkka yetdi. Agar bizning viloyatda ochilsa, xabarini ayt, birinchi oʻzim borib koʻraman, keyin esa jiyanlaringni yuboraman, deya tayinladi. Aytgancha, bu yangilikni togʻam bilan boʻlishishimning oʻziga xos tarixi bor. Gap shundaki, oʻtgan yili endi oʻqishga kirgan oʻgʻlini qoralab kelganida ikkalamiz uning universitetiga borgandik. Togʻam undan qiynalmayapsanmi, oʻqishlaring yaxshimi, degan savollariga javob olgach va dars jarayonlarini kuzatib, koʻngli bir oz taskin topdi.
Soʻng togʻam vaqting boʻlsa, meni bir saroyga olib bor, deb qoldi. Dastavval qayerligini bilmay, qanaqa saroyligini soʻradim. Keyin jiyaning har safar telefon qilganimda saroydaman, dars qilyapman, deydi. Oʻsha yerga borsak, yaxshi boʻlardi. Yana togʻam gapini izohlab: bolalar saroyimi, yoshlar saroyimi, der edi-da, sen u joyni bilasanmi, deb soʻradi. Ha, Yoshlar ijod saroyimi, bilaman, ketdik, dedim. Ochigʻi, oʻzimning ham u yerga bormaganimga ancha boʻlgan edi.
Borib, bu yerda yoshlarning kitob mutolaa qilishi, dars tayyorlashi, qolaversa, ijodiy qobiliyatini namoyon qilishi uchun kreativ industriya parki tashkil etilganini bildim. Yoshlar ijod saroyi men bilgan, ilgari huvillab yotgan joy emas, yoshlar bilan gavjum sevimli maskanga aylanibdi.
Saroydagi kreativ industriya parki negizida “Ijod”, “Kitoblar olami” singari doʻkonlar faoliyati yoʻlga qoʻyilibdi. Shuningdek, oʻgʻil-qizlarning mutolaa qilishi, kompyuter va boshqa jihozlardan foydalanib, dars tayyorlashi uchun qulay, bir-biridan ajoyib dizaynga ega oʻrindiqlar joylashtirilibdi. Oʻzgarishlarni koʻrib, ochigʻi, hayratlandim. Togʻam kitoblardan birini varaqlab, oʻrindiqqa oʻtirdi. Soʻng bolasini tergagandek, atrofdagi yigit-qizlarni soʻroqqa tuta boshladi.
— Sen nima ish qilasan, bu yerda nima qilyapsan?
— Oʻzim ishlayman, hozir bu yerda SMM menejerlikni oʻrganyapman.
— Qayerda ishlaysan?
— Supermarketda sotuvchilik qilaman. Tushgacha shu yerda dars tayyorlayman. Soʻng “Ijod” kafesida ovqatlanib, ishga boraman. Bu yerda kerakli kitoblar bor. Internet bepul. Bir yoʻla bilimimni ham mustahkamlayapman.
— Anavi menejerligingni oʻrganib ish topa olasanmi oʻzi?
— Ha, oʻzim savdo qiladigan supermarket oziq-ovqat savdosi bilan shugʻullanadigan doʻkonlar tarmogʻiga ega, nasib qilsa, oʻsha yerda SMM menejer boʻlib ishlayman.
— Ha, yaxshi, omadingni bersin, bolam. Sen-chi? Sen nimani oʻqiyapsan, qizim?
— Ingliz tilini oʻrganyapman. Oʻzim universitet talabasiman.
— Universitetlaringda biblioteka yoʻqmi?
— Bor, ammo bu yer qulay. Xorijiy til boʻyicha turli mashgʻulotlar ham boʻlib turadi. Kitoblardan muammo yoʻq.
— Ha, kitob koʻp ekan.
Togʻam oʻrnidan turarkan, boʻsh joyning oʻzi yoʻq, bekor oʻtirgan biror bolani uchratmadim, deya shivirladi. Soʻng kreativ industrial parkda faoliyat yuritadigan “Animatsiya maktabi”, “Shaxmat maktabi”, “Ibrat akademiyasi”, “Kulollik akademiyasi”, Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi faoliyati bilan tanishdik.
Binodan chiqar ekanmiz, togʻam menga qarab, saroymisan, saroy ekan-a, deb qoʻydi. Ana endi jiyaningdan koʻnglim toʻq, deya chuqur nafas oldi. Uzoq joy, yomon bolalar, odatlarga oʻralashib qolmasin-da deb qoʻrqqandim. Universitetini koʻrdim, bu joy bilan tanishdim, oʻgʻlimiz ishonchli qoʻllarda ekaniga amin boʻldim. Qaniydi qishlogʻimizda ham shunaqasi boʻlsa, deya ortiga entikib qaragancha eshikdan chiqdi.
Men ham oʻshanda kreativ industriya parkidagi yoshlarning shijoati, oldiga qoʻygan aniq maqsad va rejalariga qarab intilishini koʻrib taʼsirlandim. Ularning ilm olish yoʻlida bir-biriga doʻst, hamroh, ustozu shogird boʻlib harakat qilishiga havasim keldi. Bir paytlar ustozimning uyushgan va uyushmagan yoshlarga bergan taʼrifi yodimga tushdi. Uyushmagan yoshlarning fikr va maqsadi boʻlmaydi, dunyoqarashi haminqadar. Uyushgan yoshlar esa oʻrmonga oʻxshaydi. Daraxtlar birlashib, keng oʻrmonni hosil qiladi. Ammo alohida olganda ham terak, qayin, chinor kabi oʻz nomi, oʻziga xos xususiyatlari bor, degan edi.
Ustozim taʼrifini keltirgan uyushgan yoshlarni shu yerda uchratdim. Ular mamlakatimiz kelajagini yaratadigan, yangi Oʻzbekistonni yangi marralar sari olib chiqadigan kelajak tayanchlari ekaniga amin boʻldim.
Voqeani oʻqib, kreativ industriya parkining kutubxona, oʻquv markazi, oliy oʻquv yurtlaridan asosiy farqi nimada ekanini payqamagandirsiz. Ushbu ziyo maskanining boshqalaridan ajralib turadigan jihati bu yerda talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb egalari: raqamli marketolog, grafik dizayner, piar menejer va targeting boʻyicha mutaxassis, videograf (yoki mobilograf), SMM menejer, 3D dizayner kabi mutaxassislar tayyorlanishidir.
Masalan, poytaxtimizdagi kreativ parkning aksariyat loyihalari ayni shu yoʻnalishga qaratilgan. Xususan, “Ustoz AI” mobil ilovasi orqali masofadan turib ham yuqoridagi kasblar boʻyicha taʼlim olish mumkin. Bu kasblarni egallagach, ish topish masalasi qanday boʻladi, degan savol koʻpchilik uchun qiziq. Bugun qaysi sohada biznes yuritmang, oʻz faoliyatingizni, albatta, internet va ijtimoiy tarmoqlarda reklama, targʻib qilishingizga toʻgʻri keladi. Bu borada esa sizga marketolog, piar menejer va targeting boʻyicha mutaxassis, SMM menejer yordam beradi. Shu bois, turli doʻkon, restoran egalaridan tortib, qurilish kompaniyalari, ishlab chiqarish sexlari, korxonalarda ham ushbu kasb egalariga talab mavjud. Raqobat kuchayib borayotgan bir davrda esa mahsulot dizayni muhim ahamiyat kasb etadi. 3D dizayner, grafik dizaynerlari bu masalada tadbirkorlarning ogʻirini yengil qiladi.
Fikrimga ishonch hosil qilish uchun ish oʻrinlari haqida eʼlon joylashtiradigan sayt va ijtimoiy tarmoq kanallariga kirib koʻring. U yerdagi har uchtadan bitta boʻsh ish oʻrni yuqoridagi kasb egalari uchun moʻljallangan.
Kreativ industriya parklarining hududlarda ham tashkil etilishi yoshlar bandligini taʼminlashda qoʻl keladi. Ularning dunyoqarashi kengayishi, ijodkorlik qobiliyati ortishi uchun katta imkoniyat yaratiladi, degani. Yuqoridagi zamonaviy kasb egalariga boʻlgan talab shu yoʻsinda bartaraf etiladi.
Shuningdek, hududlarda kreativ industriya parklari ochilishi kreativ iqtisodiyot tarmogʻi taraqqiy etishiga xizmat qiladi. Qayd etish kerakki, bugun zamon talabiga moslashgan holda kreativ iqtisodiyotga asoslangan biznes loyihalari daromadi karrasiga ortib boryapti. Shuning uchun kreativ iqtisodiyot rivojiga davlat ham beeʼtibor emas. Oʻtgan yili qabul qilingan “Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida”gi qonun uning sohalarga tatbiq etilishini tartibga solib boradi.
Hujjatda “Kreativ iqtisodiyot — ijodiyot, intellektual qobiliyat, shuningdek, innovatsiyalarga hamda texnologiyalarga asoslangan inson salohiyati natijasida iqtisodiy qimmatga ega boʻlgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratishga qaratilgan iqtisodiyot tarmogʻi”, deya taʼrif berilgan. Uning mazmunini misollar bilan tushuntirishga harakat qilamiz.
Yaqinda “СNN” xalqaro nashri tomonidan eʼtirof etilgan, oʻzbek dasturchilari yaratgan sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan innovatsion platforma — ingliz tilini oʻrganuvchilarga moʻljallangan “Speaklish”dasturi kreativ iqtisodiyot namunasidir. Sababi dasturni yaratishda insonning dunyoqarashi, kreativ fikrlashi, ingliz tilini bilish darajasi asos boʻlib xizmat qiladi.
Xalqaro maydonda ham qiziqish ortib borayotgan dasturdan ayni paytda 50 mingdan ortiq kishi foydalanmoqda. Eʼtiborli jihati, ular orasida nafaqat yurtdoshlarimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlari, boshqa mamlakatlardan ham foydalanuvchilarning bor ekanidir.
Ushbu dastur “Microsoft” va “Google” singari kompaniyalarning startap grantlarini qoʻlga kiritgan. Uning ingliz tilini oʻrganishda qoʻllaniladigan boshqa dasturlardan ustunligi interaktiv va kreativ yondashuv asosida tayyorlanganidir. Kelgusida ushbu loyiha katta xalqaro bozorga chiqishni rejalashtirmoqda.
Aholi soni yil sayin ortib borayotgan Oʻzbekistonda kreativ iqtisodiyotni taraqqiy ettirish yaxshi samara beradi. Chunki uning asosiy manbai inson kapitali, kadrlarning bilim-salohiyati, ijodiy qobiliyatidir. Ilgari ilm-maʼrifat oʻchogʻi boʻlgan mamlakatimiz keyingi yillarda ham bu borada oʻzini namoyon etmoqda. Ushbu soha bilan koʻproq yoshlar shugʻullanishi ham Oʻzbekiston uchun ayni muddao.
Raqamli iqtisodiyotning adabiy ijod, arxitektura, loyihalash, audiovizual sanʼat, moda va dizayn, ijrochilik sanʼati, muzeylar, badiiy galereyalar (koʻrgazma), konsert-tomosha faoliyati hamda ommaviy-madaniy tadbirlar tashkil etish, tasviriy sanʼat, xalq amaliy sanʼati, hunarmandchilik kabi bir qator sohalarni qamrab olishi uning rivoji xalq madaniyati, dunyoqarashi oʻsishida ham muhim rol oʻynashini bildiradi. Jumladan, ayni shu sohalarga zamonaviy, kreativ uslub va texnologiyalarni joriy qilgan holda moddiy daromadni orttirish mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Turizm rivojlanishiga hissa qoʻshadi. Aholi vakillarining maʼnaviy dunyoqarashi kengayishi, oʻzlik hissi ortishiga xizmat qiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, kreativ iqtisodiyot taraqqiyoti rivojlanish zanjirini hosil qilib, barcha sohalarning oʻsishiga, davlat va jamiyat hayotining yangi bir bosqichga koʻtarilishiga zamin hozirlaydi.
Sanjar ESHMURODOV
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri