Tekshiruvda “A.S.” oilaviy korxonasi va “CH.S.” MCHJ norasmiy rahbarlari Yo.E. va O.T.lar oʻzaro til biriktirib, avtoservis xizmati va mebel ishlab chiqarishni tashkil etish uchun bank filialidan jami 450 mln soʻm imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, talon-toroj qilganliklari, shuningdek bank filiali masʼul shaxslari aslida olib kelinmagan jihozlarni olib kelinganligi haqida dastlabki monitoring dalolatnomalarni tuzganligi oqibatida, kredit mablagʻlari oʻz vaqtida qaytarilmasdan bank manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilganligi aniqlanib, tekshiruv davomida yetkazilgan zararning 30 mln soʻmi undirilishi taʼminlangan.

Shu kabi, Denov tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.S.” xususiy korxonasi rahbari A.T. “Non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish” uchun hududiy bank filialidan ajratilgan 300 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻi evaziga xarid qilingan ishlab chiqarish uskunalarini sotib yuborib, kredit mablagʻini talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Qibray tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “I.G.” MCHJni norasmiy boshqarib kelgan Sh.J. ATB “Mikrokreditbank” Toshkent viloyati filiali kredit boʻlimi boshligʻi Oʻ.M. bilan oʻzaro til biriktirib, MCHJ rahbari Sh.ning xabardorligisiz qalbaki hujjatlar asosida ushbu bank filialidan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun 1 mlrd soʻm kredit ajratilishiga erishib,  kredit mablagʻini talon-toroj qilib, bank manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 189-moddasi (savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.