Biroq hayotda shunday kutilmagan burilishlar borki, hatto toʻlov intizomi yuqori boʻlgan odam ham muayyan muddatga toʻlovlarni kechiktirishga majbur boʻlib qoladi.
Ana shunday vaziyatlarda bank mijozga qanday munosabatda boʻlishi kerak? U darhol qarzdorni “muammoli” toifaga kiritadimi? Yoki insonning ogʻir holatini hisobga oladimi?
Shu savollarga javob sifatida Markaziy bank boshqaruvining 2025-yil 5-dekabrdagi 31/10-qarori qabul qilinib, tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash hamda ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi rezervlar shakllantirish boʻyicha nizomga muhim oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Bu qaror bir qarashda moliya sohasiga oid texnik hujjatdek tuyulishi mumkin. Aslida esa minglab oilalarning moliyaviy barqarorligi, ijtimoiy himoyasi va kredit madaniyati uchun muhim ahamiyatga ega.
Markaziy bank qarori markazida bir fikr turadi: agar toʻlov kechikishiga hayotdagi ogʻir vaziyat sabab boʻlsa, birinchi marta toʻlov muddati kechiktirilganda kreditning sifati avtomatik tarzda yomonlashmasligi lozim. Bu kredit munosabatlarida insonparvarlik tamoyilining mustahkamlanishi demakdir.
Shu paytgacha koʻp hollarda toʻlov jadvali oʻzgarishi bilan kredit “qayta koʻrib chiqilgan aktiv” sifatida baholanib, mijozning moliyaviy obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatar edi. Yangi qaror esa hayotiy haqiqatni inobatga oldi: qarzdorlik har doim ham masʼuliyatsizlik belgisi emas.
Haqiqat shundaki, qarzdorlik har doim ham eʼtiborsizlik, masʼuliyatsizlik yoki firibgarlikni bildirmaydi. Baʼzan inson hayotida kutilmagan vaziyatlar boʻladi. Hatto eng intizomli kishi ham toʻlov jadvalini saqlay olmay qolishi ehtimoli bor. Bunga sabab sifatida ogʻir kasallik, ishdan boʻshash, oilaviy masala, tabiiy ofat, nogironlik holati, homiladorlik va tugʻuruq taʼtilini keltirish mumkin.
Bu holatlarning barchasi insonning birdan daromadini pasaytiradi, xarajatini oshiradi va moliyaviy rejasini izdan chiqaradi. Ana shunday paytda bank tizimi ham “insoniy omil”ni hisobga olishi talab etiladi.
Markaziy bank qarorining mohiyati esa kredit munosabatlarini faqat iqtisodiy emas, ijtimoiy adolat nuqtayi nazaridan ham tartibga solishdir.
Banklarda “aktiv sifati” degani nima? Oddiy qilib aytganda, bank uchun berilgan kredit aktiv hisoblanadi. Chunki bank pulni qaytarib olish orqali daromad qiladi.
Lekin har bir aktivning sifati turlicha: standart aktiv — xavfi past, toʻlovlar oʻz vaqtida, substandart — xavf belgilari paydo boʻlgan, shubhali — toʻlov kechikishlari kuchaygan, umidsiz — qaytarilishi ehtimoli juda past.
Nima uchun bu tasnif muhim? Sababi bank har bir xavfli aktiv uchun zaxira (rezerv) shakllantirishi shart. Yaʼni agar kredit qaytmay qolsa, bank zarar koʻradi. Ana shu zararni oldindan yumshatish uchun bank oʻz foydasidan muayyan mablagʻni jamgʻarma sifatida ajratadi. Shu — zaxira.
Demak, kreditni “muammoli”ga chiqarish bank uchun ham ogʻir. Zaxira koʻpayishi kerak. Hisobotda muammo koʻrinadi, kapitalga bosim ortadi, bankning umumiy barqarorligiga xavf paydo boʻladi.
Shu nuqtayi nazardan, Markaziy bank qarori banklar uchun faqat ijtimoiy emas, iqtisodiy jihatdan ham oqilona.
Mazmun bunday: aktiv shartlari qayta koʻrib chiqilgan (restrukturizatsiya qilingan) deb hisoblanadigan holatlar keltiriladi, lekin 338-bandda koʻzda tutilgan holatlar bundan mustasno. Yaʼni oldin kredit toʻlov jadvali kechiktirilsa yoki muddati uzaytirilsa, koʻp hollarda bank tizimida bu “kredit qayta koʻrib chiqildi” deb qabul qilinardi. Bu esa kreditning sifatiga salbiy taʼsir qilar edi.
Endi esa yangi qoidaga koʻra, agar toʻlovni kechiktirish yoki uzaytirish 338-banddagi ijtimoiy-hayotiy sabablar bilan bogʻliq boʻlsa, kredit avtomatik ravishda restrukturizatsiya qilingan aktiv sifatida yozilmaydi.
Bu nima degani? Fuqaro bankka murojaat qilib, haqiqiy ogʻir holatini isbotlasa, bank unga nisbatan chora koʻrmasligi, kredit “sifati tushib ketmasligi” kerak.
Qaysi hollarda kredit sifati oʻzgarmaydi? Qarz oluvchining murojaatiga koʻra, bank tomonidan kredit shartnomasi davomida toʻlovlar birinchi marotaba kechiktirilsa yoki uzaytirilsa, kredit tasnifi oʻzgarmaydi va u qayta koʻrib chiqilgan aktiv deb tasniflanmaydi.
Lekin bu “har qanday sabab bilan kechiktirsa boʻlaveradi”, degani emas. Qatʼiy roʻyxat berilgan. Unga qarz oluvchining 2 oydan ortiq mehnatga layoqatsiz boʻlib qolishi, mehnat shartnomasi bekor qilinib, ish qidirayotgan sifatida roʻyxatga olinishi, qarz oluvchining turmush oʻrtogʻi (u birgalikda qarz oluvchi yoki kafil boʻlgan) vafot etishi, qarz oluvchining qaramogʻida I yoki II guruh nogironligi bor shaxs paydo boʻlishi yoki soni ortishi, qarz oluvchiga I yoki II guruh nogironligi belgilanishi, tabiiy yoki texnogen favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi, qarz oluvchining homiladorlik va tugʻish taʼtiliga chiqishi kiradi. Bu ijtimoiy davlat siyosati nuqtayi nazaridan ham juda muhim.
Daromad 30 foiz kamayishi talabi nega kiritildi? Agar ishdan boʻshash yoki turmush oʻrtoq vafoti bilan bogʻliq vaziyat boʻlsa, bankka murojaat qilishdan oldingi ikki oy davomida qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadi oxirgi 12 oylik oʻrtacha daromadga nisbatan kamida 30 foiz kamaygan boʻlishi kerak.
Bu talab ikki tomonlama vazifani bajaradi, yaʼni himoya va tartib oʻrtasidagi muvozanatni saqlaydi. Bir tomondan u adolatli “filtr” vazifasini oʻtaydi. Haqiqatan ham moliyaviy mushkul ahvolga tushgan, daromadi keskin pasaygan odamlargina ushbu yengillikdan foydalana oladi. Yaʼni imtiyoz ehtiyojmandga, imkon haqiqatan qiynalganga beriladi.
Ikkinchi tomondan esa bu meʼyor suiisteʼmolning oldini oladi. Hayot haqiqati shundan iboratki, baʼzan “sabab bor” degan bahonalar ortida moliyaviy qudrat ham yashirin boʻlishi mumkin. “Sabab bor, lekin daromadim yaxshi” qabilidagi holatlar bank tizimida intizomni boʻshashtirib, adolat meʼyorlariga putur yetkazishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun ham ushbu talab tizimni himoya qiluvchi qalqon vazifasini oʻtaydi.
Qisqacha aytganda, davlat va Markaziy bank bu yerda juda muhim tamoyilni ushlab turibdi: “insonni himoya qilamiz, ammo moliyaviy tizimni ham asraymiz”.
Shuningdek, qarorda yana bir aniq chegara belgilangan. Yengillikka asos boʻlgan holatlar bankka murojaatdan oldingi 4 oyda sodir boʻlgan boʻlishi shart. Bu talab ham beqiyos ahamiyatga ega.
Chunki hayotda bunday holatlar uchraydi: inson bir yil avval ishdan boʻshagan, keyin qayta ishga kirgan, daromadi tiklangan. Ammo baribir oʻtmishdagi holatni sabab qilib koʻrsatib, “ishdan boʻshaganman”, deya toʻlovni kechiktirishni soʻrashi mumkin. Agar bunday amaliyot kengaysa, qarorning gumanitar ruhi suiisteʼmol qurboniga aylanib qoladi.
Qaror qogʻozdagi imtiyoz emas, real hayotda dolzarb mushkul vaziyatga uchragan inson uchun amaliy qoʻllab-quvvatlash mexanizmidir.
Markaziy bank qarorining eng hayotiy nuqtalaridan biri toʻlovni kechiktirish muddati aniq belgilab qoʻyilganidir. Bu yerda “kechiktirsa boʻlaveradi” degan sust meʼyor yoʻq. Hamma narsa hisob-kitob bilan.
Kasallik, ishdan boʻshash, nogironlik, favqulodda holat kabi vaziyatlarda toʻlovni kechiktirish 6 oydan oshmasligi belgilandi. Chunki odatda inson shu muddatda oʻzini tiklab oladi: yangi ish topiladi, hayot izga tushadi.
Biroq homiladorlik va tugʻish taʼtili boshqa jarayon. Bu yerda ham “bir oy-ikki oy” degan hisob oʻtmaydi. Shu bois, mazkur holatda toʻlov muddati 10 oygacha uzaytirilishi mumkin.
Qarorning yana bir muhim jihati, insonga ishonch bildirish bilan birga tizimni himoya qilish mexanizmi ham aniq belgilanganidir.
Ha, bank qarz oluvchidan tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishi mumkin. Faqat talab qilishi emas, tekshirishi shart. Qarorda ochiq aytilyapti: bank maʼlumotlarning haqqoniyligini aniqlash choralarini koʻrishi lozim.
Bu nima degani? Demak, hech kim ogʻir holatni bahona qilib, imtiyozni suiisteʼmol qilishga haqli emas. Chunki suiisteʼmol — adolatning dushmani.
Shuning uchun talab ham aniq: kasallik boʻlsa — tibbiy maʼlumotnoma, ishdan boʻshash boʻlsa — rasmiy hujjat, ish qidirilayotgan boʻlsa — bandlik boʻlimi roʻyxati, nogironlik boʻlsa — tasdiqlovchi maʼlumot, ofat boʻlsa — FVV yoki mahalliy hokimlik xabari.
Qarorning 361-bandiga kiritilgan oʻzgarish bir qarashda oddiy texnik tartibdek tuyuladi. Ammo amalda u bank tizimining moliyaviy barqarorligiga daxldor muhim qadamdir.
Endi standart aktivlar boʻyicha zaxiralar har oy yakuniga qadar aktiv qaysi valyutada paydo boʻlgan boʻlsa, oʻsha valyutada yoki milliy valyutada shakllantirilishi shart.
Bu nima degani? Bu “raqamlar orasidagi tartib” emas, balki barqarorlik garovi. Chunki valyutada kredit koʻpaygani sari bank uchun asosiy savol ham keskinlashadi: riskni qaysi valyutada hisoblaymiz? Zaxirani qaysi pulda toʻplaymiz? Hisobotda qanday aks ettiramiz?
Yangi tartib bu muammoga aniq javob berdi. Valyuta risklarini hisoblash imkoni kengaydi. Zaxira shakllantirishda aniqlik oshdi. “Dollardagi aktiv — soʻmdagi zaxira” masalasidagi ixtiloflar kesildi. Hisobot tizimi ravshanlashdi.
Ayniqsa, tashqi moliyalashtirish, import shartnomalari, valyuta kreditlari kuchayayotgan bugungi sharoitda bu norma banklar uchun “moliyaviy xavfsizlik kamari” vazifasini oʻtaydi.
Iqtisodchi sifatida bu qarorda ikki ruhni koʻraman. Ikkisi ham davlat siyosati uchun muhim.
Birinchisi — ijtimoiy himoya. Qaror fuqaroga ochiq signal beryapti: hayotda ogʻir kunlar boʻladi. Ammo boshingga tashvish tushganda davlat seni qarzdorlik uchun darhol jazolamaydi. Bu ishonch moliyaviy munosabatlarda tinchlik demakdir. Qaror banklar uchun gumanitar standartni majburiy qilyapti. Insonga ehtiromni qonun darajasiga olib chiqyapti. Bu — ijtimoiy barqarorlik uchun katta kafolat.
Ikkinchisi — moliyaviy intizom. Chunki qarorda “kechiktirishga erkinlik” emas, qoidali yengillik bor. Faqat birinchi marta, faqat aniq sabablar bilan, faqat belgilangan muddatda, faqat hujjat asosida, faqat tekshiruv sharti bilan. Shuning uchun bu qaror “kechiktirish madaniyati”ni emas, balki haqiqiy qiynalgan insonni qoʻllashni maqsad qilgan.
Agar siz kredit olgan boʻlsangiz, hayotda ogʻir holatlar yuz bersa va bankka rasmiy murojaat qilib, hujjat bilan tasdiqlasangiz, sizga yangi imkoniyat ochiladi. Kreditingiz darhol “sifati tushgan” deb baholanmasligi va siz avtomatik ravishda “muammoli qarzdor”ga aylanib qolmasligingiz mumkin.
Qisqasi, bu qarorning ruhi bitta insonni qiyin kunda sindirmaslik, bank tizimida adolatni mustahkamlash va davlat siyosatida ijtimoiy masʼuliyatni kuchaytirishdir.
Bu qaror bank xodimlariga ham aniq signal beradi: kredit faqat raqam emas, uning ortida inson taqdiri turibdi. Endi mijoz bilan ishlashda ijtimoiy sabablar chetga surib qoʻyilmaydi, aksincha, hisobga olinadi.
Har bir murojaat boʻyicha talablar ravshan: qanday hujjat kerak, qaysi holatga qanday yondashiladi, qayerda kechiktirish mumkin, qayerda mumkin emas — barchasi cheklist tarzida belgilanmoqda.
Kredit tizimida sinovning eng ogʻiri inson qiynalganda boshlanadi. Chunki bank qogʻozida “qarzdor” degan soʻz turadi. Ammo hayotning oʻzidan qarasangiz, u “qarzdor” ota yoki ona, ishsiz qolgan inson yoki ogʻir kasal, nogiron shaxsni parvarishlovchi yoki homilador ayol...
Albatta, bank tizimi temir intizom bilan yashaydi. Ammo temir ham insoniylik bilan uygʻunlashsa, jamiyatda ishonch mustahkamlanadi. Ishonch boʻlsa, iqtisodiyot ham barqarorlashadi. Zero, moliyaviy tizimning eng katta kapitali pul emas, ishonch.
Bank tizimida haqiqiy barqarorlik kapital miqdori bilan emas, insonga munosabat bilan oʻlchanadi. Agar inson ogʻir kunlarda qonun doirasida qoʻllab-quvvatlansa, ertasi kuni yana iqtisodiyotga ishonch bilan qaytib keladi.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmita raisi,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor