баннер
18 Mar 2025
11:36

    Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim. Ushbu tamoyilni tatbiq etishning zarurati va ahamiyati nimada?

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda hokimlarning vakillik hokimiyatiga boshchilik qilishiga barham berildi. Bu bir kichik oʻzgartirishga oʻxshasa-da, aslida, mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyat faoliyatida salmoqli oʻzgarishdir.

    Ushbu oʻzgarish natijasi mahalliy miqyosdagi ikki organning mustaqilligi, faoliyati samaradorligini taʼminlovchi muhim omil boʻldi.

    Yangilangan Bosh qonunimizdan soʻng qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, Konstitutsiya normalarini hayotga toʻla tatbiq etish choralari belgilandi. Bu borada Prezidentimizning 2024-yil 2-fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni alohida ahamiyatga ega. Unga koʻra, kengash raisi lavozimi joriy etilishi, bu orqali hokimning vakillik organiga boshchilik qilishiga barham berilishi hokimiyatlar boʻlinishiga oid konstitutsiyaviy prinsipning mahalliy darajada ijrosini taʼminlashda muhim qadam boʻldi.

    Hozirgi sharoit va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar, mahalliy davlat hokimiyati organlarini xalqning haqiqiy ovoziga aylantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini transformatsiya qilish asosida mahalliy boshqaruvni “aholi manfaatiga xizmat qilish” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyish talab etilmoqda.

    Farmon bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etish yuzasidan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Oʻzbekistonda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

    Hujjatga muvofiq, mahalliy kengashlar faoliyatiga har qanday davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining aralashuviga yoʻl qoʻymaslik, mahalliy kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqat qonun hujjatlari bilan yuklanishi tartibi oʻrnatilishi kengashlar mavqeini yuqori darajaga koʻtarmoqda.

    Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish, ularni Prezident farmonida koʻrsatilgan maqomga koʻtarish, nazorat funksiyasini kuchaytirish masalasi 2024-yil 17-oktyabrdagi “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunda oʻz ifodasini topdi. Shu asosda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunga jiddiy oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Natijada qonun normalari takomillashtirildi va yangi normalar vujudga keldi.

    Xususan, qonunda uzoq vaqt ishlamay kelgan, “hokim deputatlar orasidan saylanadi (tayinlanadi)” degan qoida olib tashlanib, uning oʻrniga “hokim xalq deputatlari kengashi deputati etib saylanishi mumkin” va “hokim nomzodi koʻrib chiqilayotgan vaqtda u hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolga moʻljallangan dasturini taqdim etadi”, “ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman va shahar hokimi etib tayinlanishi mumkin emas” degan qoidalar kiritildi.

    Kengash va hokim qarorlari (hokim farmoyishi)ni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishda yagona elektron tizimdan foydalanish belgilanganini qonundagi muhim yangiliklardan biri sifatida aytish lozim. Kengash hamda hokim qabul qilgan hujjatlarda boshqacha holat koʻrsatilmagan boʻlsa, elektron tizimda roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan kuchga kirishi, yagona elektron tizimda roʻyxatdan oʻtkazilmagan hujjatlar, qonunda nazarda tutilgan holatlardan tashqari yuridik kuchga ega boʻlmasligi mustahkamlandi. Shuningdek, qonunda qonuniy asosda yaroqsiz deb topilgan mulklarni buzib tashlash, yer uchastkalarini foydalanish uchun berish kabi kengash vakolatlari aniq belgilandi.

    Takomillashtirilgan qonunda mutlaqo yangi holat kengash raislariga taalluqli. Chunki bu yangi institut. Endi qonunga asosan xalq deputatlari kengashlarining barcha boʻgʻinlariga kengash deputatlari orasidan, kengash vakolat muddatiga saylanadigan kengash raisi boshchilik qiladi.

    2024-yil 27-oktyabrda oʻtkazilgan saylovlar orqali shakllantirilgan xalq deputatlari kengashlari tizimida viloyat va Toshkent shahri kengashlarida kengash raisi saylandi va hozir faoliyat koʻrsatmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini kuchga kiritishga doir qonunchiligimizga muvofiq, tuman va shahar kengashlarida 2026-yildan kengash raisi saylanadi.

    Qonunchiligimizga asosan, hokim lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida kengash raisi etib saylanmaydi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq bir viloyat, tuman, shahar kengashi raisi etib saylanishi mumkin emas (bunday qoida hokimlarga nisbatan ham oʻrnatildi). Kengash raisi raislik vazifasini bajarish davrida siyosiy partiyalarga aʼzolikni toʻxtatib turadi. Shuningdek, doimiy komissiyalar va partiyalar, partiya guruhlari tarkibiga kirishi mumkin emas.

    2024-yil 17-oktyabrda qabul qilingan qonun bilan kengash raisining 12 banddan iborat vakolatlari belgilab qoʻyildi. Ular, asosan, xalq deputatlari kengashlari sessiyalarini chaqirish, unga tayyorgarlik koʻrish, sessiyalarni oʻtkazish (raislik qilish), sessiyalarda qabul qilingan hujjatlarni imzolash, kengash komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, deputatlar faoliyatiga koʻmaklashishdan iborat.

    Kengash raisi kengash faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlaydi, Kengash faoliyatining tashkiliy, axboriy, moddiy-texnik taʼminotini tashkil etadi. Kengashning yordamchi organi — kotibiyat mudiri, xodimlarni lavozimga tayinlaydi, lavozimdan ozod qiladi, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi.

    Bu bilan avval hokimlar zimmasidagi koʻplab vazifalar kengash raisiga oʻtkazildi va ular endi barcha faoliyatini hududni idora etishga qaratadi. Ijro organlariga tegishli ishlar bilan shugʻullanadi.

    Prezidentimizning 2024-yil 2-fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida kengashlarni “xalq ovoziga” aylantirish masalasi qoʻyilgan. Kengash shu yerdagi aholi ehtiyoji, muammolarini aniq bilishi va buning uchun aholi bilan yaqindan, doimiy muloqotda boʻlishi kerak. Bu ishning asosiy yechimi aholini qabul qilishni toʻgʻri tashkil etishdir. Shuning uchun kengash raislariga fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish, murojaatlarini koʻrib chiqish vakolati ham berildi.

    Avvalgi qonunda sessiya zaruratga qarab, lekin yilda kamida 2-marta chaqiriladi, degan qoida oʻrniga sessiya zaruratga qarab, lekin har chorakda bir marta chaqirilishi belgilanganini ijobiy jihat sifatida baholash mumkin. Qonunda navbatdan tashqari sessiya chaqirish tashabbusiga ega subyektlar ham koʻrsatib qoʻyildi.

    Qonunning yana bir muhim jihati kengashlarning nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorligi alohida moddada belgilab qoʻyilganidadir.

    Yangi tahrirdagi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunda mahalliy ijro etuvchi hokimiyatga katta oʻrin ajratildi. Uning diqqatga sazovor tomonlaridan biri shu vaqtgacha qoʻllab kelingan “ijroiya hokimiyat” atamasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan kelib chiqib, “ijro etuvchi hokimiyat” deb oʻzgartirildi. Hokimning viloyat, tuman va shaharda ijro etuvchi ­hokimiyatga boshchilik qilishi mustahkamlab qoʻyildi. Hokimning vakolatlari 21-moddada 21 bandda belgilandi. 1993-yil 2-sentyabrdagi qonunda esa hokimlar vakolatlari 25-moddada 12 bandda belgilangan edi.

    Hozirgi sharoitda asosiy masala ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va xalq farovonligini oshirish ekanidan kelib chiqib, qonunga binoan hokimlarga quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berildi:

    — hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

    — viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar byudjetidan, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorini byudjet soʻrovini tuzish uchun koʻrib chiqish va taqsimlash;

    — xalq deputatlari kengashlari sessiyalarida ishtirok etish;

    — kengashga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng muhim va dolzarb masalalari boʻyicha hisobotlar taqdim etish;

    — kengashning qonunchilikka zid qarorlarini bekor qilish uchun Oliy Majlis Senati yoki sudga murojaat qilish;

    — viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga navbatdagi yil uchun mahalliy byudjetlar loyihasini koʻrib chiqish hamda tegishli xulosa taqdim etish, oʻtgan moliya yili uchun mahalliy byudjetlarning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tashqi auditdan oʻtkazish hamda baholash uchun yuborish.

    Bular, oʻz navbatida, hokimlarning vakolatlari avvalgi qonunchilikka nisbatan ancha koʻpaygani va aniqlashtirilganini koʻrsatadi.

    Xuddi shuningdek, qonunda xalq deputatlari kengashlarining vakolatlari ham aniqlashtirildi va sezilarli darajada koʻpaytirildi. Kengashga qoʻshimcha:

    — Prezident xalq qabulxonalarining hududdagi davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari faoliyati hamda murojaatlar bilan ishlash holati toʻgʻrisidagi axborotini har chorakda eshitish;

    — yoshlar muammolarini oʻrganish va hal etishga koʻmaklashish, yosh avlodning ­isteʼdodi va qobiliyatini rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoit yaratish choralarini koʻrishga qaratilgan ishlar toʻgʻrisida Yoshlar ishlari agentligi hududiy rahbarlarining hisobotini har 6 oyda eshitish;

    — zarurat boʻlganda ijro etuvchi hokimiyat boʻlimlari, boshqarmalari, boshqa tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining hisoboti, jumladan, qonunlarga rioya etilishi, tegishli kengashlar qarorlari va doimiy komissiyalar tavsiyalarining bajarilishi yuzasidan hisobotlarini eshitish;

    — prokurorning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni eshitish;

    — kengash soʻrovini yuborish toʻgʻrisidagi taklifni koʻrib chiqish, kengash tekshiruvini oʻtkazish, deputat soʻrovini yuborish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;

    — hokimning kengashning qonunchilikka zid qarorlarini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi taqdimnomasiga asosan kengash qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish;

    — hokimning va quyi kengashning qonunchilikka zid qarorlarini bekor qilish belgilandi.

    Yangi tahrirdagi qonunda viloyat va Toshkent shahri kengashlarigagina taalluqli vakolatlar ham alohida belgilandi. Jumladan:

    — viloyat hamda Toshkent shahrining shahar byudjetidan tumanlar va shaharlar byudjetida ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorini koʻrib chiqadi hamda tasdiqlaydi;

    — jismoniy va yuridik shaxslarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli yer uchastkalari yoki ularning qismlari kompensatsiyasi evaziga jamoat ehtiyoji uchun olib qoʻyish va olib qoʻyilgan yer uchastkalarida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarini qonunda belgilangan holat va tartibda buzib tashlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;

    — Ombudsman va Bolalar ombudsmani hududiy vakilining maʼruzasini har yili eshitish;

    — tegishli hududga mahalliy ahamiyatga molik monumental yodgorliklarni qonunchilikda belgilangan tartibda oʻrnatish, buzish (koʻchirish) toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish.

    Shuningdek, qonunda hokimlarning yil yakuni boʻyicha hisoboti qachon eshitilishi kerakligi, viloyatlar, Toshkent shahri IIB boshliqlarining qanday muddatda hisobot berish tartibi hamda bunday sessiyalarning oshkora oʻtishi belgilab qoʻyildi. Bu bilan ichki ishlar organlari faoliyati ustidan vakillik hokimiyati hamda jamoatchilik nazorati mexanizmlari kuchaytirildi. Qonunning muhim yangiliklaridan yana biri — “kengash soʻrovi,” “kengash tekshiruvi” kabi mutlaqo yangi institutlar taʼsis etildi.

    Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga 2020-yildagi Murojaatnomasida “Ayni vaqtda farmonlar, qarorlar, konsepsiya va strategiyalarda belgilangan indikatorlar va maqsadli parametrlarning ijrosi boʻyicha hokimlar oʻz hududlaridagi ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka muntazam axborot berib borishlari kerak boʻladi.

    Ishning samarasini oshirish maqsadida mahalliy vakillik organlari faoliyatida kengash soʻrovi institutini joriy etishni taklif qilaman”, degandi. Ayni tashabbus mazkur qonunda oʻz oʻrnini topdi.

    Qonunning “kengash soʻrovi” deb nomlangan moddasiga asosan, “kengash soʻrovi” tegishli hududda joylashgan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga javob berish shart boʻlgan talabidir. Qonunda soʻrovni shakllantirish, soʻrovni bayon qilish, unga javob berish shakli va muddatlari, uning huquqiy oqibati, “kengash soʻrovi” qanday masalalarga tatbiq qilinmasligi aniq belgilab qoʻyildi. Qisqa va loʻnda aytganda, kengash soʻrovi hamda nazorati kuchli, taʼsirli mexanizmdir.

    Ana shunday mexanizmlardan yana biri kengash tekshiruvidir. Kengash tekshiruvi tegishli hudud xavfsizligiga, barqaror rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan (toʻsqinlik qiluvchi), inson huquqlari va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soladigan faktlar hamda voqealarni oʻrganish maqsadida oʻtkazilishi mumkin. Bu haqdagi qaror deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. “Kengash soʻrovi” kabi “kengash tekshiruvi” qanday obyektlarga qaratilmasligi ham qonunda belgilab qoʻyildi. Bu turdagi tekshiruv kengash tuzgan komissiya tomonidan oʻtkaziladi. Uning vakolatlari ham qonunda aniq belgilab qoʻyilgan.

    Yangilangan qonun mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini, vakillik va ijro etuvchi organlar munosabatini yangicha tashkil qilish, oʻzaro tiyib turish mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Lekin bu bilan maqsadga erishilmaydi. Mahalliy davlat hokimiyatini yanada rivojlantirish, mavqeini oshirish doimiy jarayonga aylanishi kerak. Zero, davlatimiz rahbari yangi saylangan parlament majlisida soʻzlagan nutqida qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun boʻyicha ularning fikrini olish amaliyotini yoʻlga qoʻyish, qonunlarni parlament qoʻmitalarida koʻrib chiqishga vazirlik va idoralar vakillarini emas, mahalliy kengash deputatlarini jalb etish, mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashish Senatning ustuvor vazifasi boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

    Ozod HUSANOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

    Davlat boshqaruvi akademiyasi professori,

    yuridik fanlar doktori

    Telegram kanalimiz
    Text to speech