Bu jarayonda iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, sanoat, infratuzilma va boshqa sohalarda amalga oshirilgan o‘zgarishlar qatori davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida yuz bergan institutsional islohotlar ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Davlat mustaqilligining muhim ko‘rsatkichlaridan biri hokimiyatning xalq nomidan qanday shakllanishi, fuqarolarning manfaatlari davlat boshqaruvining qaysi bo‘g‘inlarida va qanday mexanizmlar orqali ifodalanishidir. Shu ma’noda xalq deputatlari Kengashlarining 35 yillik taraqqiyot yo‘li O‘zbekistonning mustaqillik davridagi davlat qurilishi jarayonining muhim tarkibiy qismidir.
Bugungi xalq deputatlari Kengashi 1990-yillar boshidagi mahalliy vakillik organining aynan o‘zi emas. Nom va umumiy vakillik tabiati jihatidan uzviylik mavjud bo‘lsa-da, uning huquqiy maqomi, shakllanish tartibi, deputatlikka nomzod ko‘rsatish mexanizmi, saylovlarni tashkil etish tizimi, hududiy qamrovi, ijro hokimiyati bilan munosabatlari va nazorat vakolatlari yillar davomida sezilarli darajada takomillashdi. Bu o‘zgarishlar bir vaqtning o‘zida emas, balki mustaqillikning 35 yillik taraqqiyot yo‘li davomida bosqichma-bosqich shakllandi.
1991-yilda O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishganida mamlakatdagi mahalliy boshqaruv tizimi sobiq ittifoq davridan meros bo‘lib qolgan boshqaruv institutlari asosida faoliyat yuritardi. Mustaqillikning dastlabki yillarida asosiy vazifalardan biri mavjud tizimni yangi davlatning siyosiy, huquqiy va institutsional ehtiyojlariga moslashtirish, mahalliy darajada milliy davlatchilik talablariga javob beradigan boshqaruv tizimini yaratishdan iborat bo‘ldi.
1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi ushbu jarayonda fundamental huquqiy asosni yaratdi. Konstitutsiyada mahalliy davlat hokimiyati tizimining konstitutsiyaviy asoslari belgilandi, xalq deputatlari Kengashlari mahalliy darajadagi vakillik organlari sifatida mustahkamlandi. 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonun esa mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqiy maqomi, vakolatlari va faoliyatining tashkiliy asoslarini yanada aniqlashtirdi.
Shu tariqa mustaqillikning dastlabki bosqichida asosiy vazifa Kengashlarning qanchalik kuchli ekanini emas, balki mustaqil O‘zbekiston sharoitida mahalliy vakillik hokimiyatining huquqiy va tashkiliy asoslarini yaratishdan iborat bo‘ldi. Bu davr davlat mustaqilligi bilan birga yangi davlat institutlarini shakllantirish bosqichi sifatida tarixiy ahamiyatga ega.
Mahalliy vakillik organining rivojlanishini uning vakolatlari bilangina baholab bo‘lmaydi. Kengash kimlardan tarkib topishi, deputatlikka nomzodlar qanday shakllanishi va fuqarolarning vakillik jarayonida qanday ishtirok etishi ham muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu sababli xalq deputatlari Kengashlariga saylovlarda nomzod ko‘rsatish institutining rivojlanishi ham mahalliy vakillik tizimining evolyutsiyasini ko‘rsatadigan muhim yo‘nalishlardan biridir.
Mustaqillikning dastlabki yillarida nomzod ko‘rsatish mexanizmi bugungi tizimdan kengroq bo‘lgan. 1994-yilda qabul qilingan “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning dastlabki tahririda viloyat Kengashlari deputatligiga nomzodlarni siyosiy partiyalar ko‘rsatishi, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarni esa siyosiy partiyalar bilan bir qatorda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham ko‘rsatishi mumkin edi. Keyingi davrlarda saylovchilar tashabbuskor guruhlarining nomzod ko‘rsatishdagi ishtiroki ham qonunchilikda o‘z aksini topdi.
Bu holat mahalliy vakillik institutining dastlabki shakllanish bosqichida deputatlikka olib boradigan siyosiy yo‘l birgina kanal bilan cheklanmaganini ko‘rsatadi. Vaqt o‘tishi bilan siyosiy partiyalarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni kuchaydi, saylov qonunchiligi takomillashdi va deputatlikka nomzod ko‘rsatishning institutsional mexanizmlari qayta shakllandi. Bugungi kunda xalq deputatlari Kengashlariga deputatlikka nomzod ko‘rsatish siyosiy partiyalar orqali amalga oshiriladi. Amaldagi Saylov kodeksining 37-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqiga ega.
Demak, 35 yil davomida “deputat qanday shakllanadi?” degan savolga beriladigan javob ham o‘zgardi. Dastlabki bosqichlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va keyingi davrlarda tashabbuskor guruhlari ishtirok etgan mexanizmlardan bugungi siyosiy partiyalar orqali shakllantiriladigan tizimga o‘tildi. Bu jarayon mahalliy vakillikning asta-sekin institutsional va siyosiy jihatdan takomillashib borganini ko‘rsatadi.
Mahalliy vakillik tizimining rivojlanishida Toshkent shahri alohida o‘rin tutadi. Poytaxt tumanlarida xalq tomonidan saylanadigan tuman Kengashlarining tashkil etilishi mustaqillikning ilk yillarida emas, keyingi bosqichda amalga oshirildi. Uzoq vaqt davomida Toshkent shahrining tumanlarida aholining bevosita saylovi orqali shakllanadigan xalq deputatlari tuman Kengashlari mavjud emas edi. Bu holat tuman darajasidagi vakillik mexanizmlarining to‘liq ishlashiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
2017-yilda ushbu masalani hal etish bo‘yicha muhim huquqiy va tashkiliy qadam tashlandi. 2017-yil 30-avgustda Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. 2017-yil 24-dekabrda esa Toshkent shahrining 11 ta tumanida ilk bor xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovlar o‘tkazildi.
Bu voqea poytaxtdagi mahalliy vakillik tizimining rivojlanishida muhim bosqich bo‘ldi. Tuman aholisi o‘z hududining mahalliy masalalarini saylangan vakillari orqali muhokama qilish, hududiy muammolarni Kengash darajasiga olib chiqish va mahalliy boshqaruv jarayonida bevosita vakillik orqali ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu tariqa vakillik instituti aholiga yanada yaqinlashtirildi.
Kengashlarning rivojlanish tarixida yana bir muhim yo‘nalish — saylovlarni tashkil etuvchi komissiyalar tizimining takomillashuvidir. Deputatlik mandati faqat saylov natijasi emas, balki ushbu saylovning qonuniy, ochiq va belgilangan tartibda tashkil etilishi bilan ham bog‘liq. Shu sababli mustaqillik yillarida saylov komissiyalarining huquqiy maqomi, vakolatlari va faoliyat tartibi ham bosqichma-bosqich takomillashtirildi.
Dastlab asosiy e’tibor saylovni tashkil etuvchi organlarni shakllantirish va ularning vakolatlarini belgilashga qaratilgan bo‘lsa, keyingi davrlarda saylov jarayonlarini yagona standartlar asosida tashkil etish, komissiyalar a’zolarining tayyorgarligini oshirish, saylov jarayonlarining tashkiliy va protsessual jihatlarini aniq belgilashga e’tibor kuchaydi.
2019-yil 25-iyunda Saylov kodeksining qabul qilinishi ushbu jarayonning muhim bosqichlaridan biri bo‘ldi. U mamlakatdagi turli saylovlarga oid normalarni yagona huquqiy tizimga birlashtirdi va mahalliy Kengashlar saylovlarini tashkil etish mexanizmlarini ham tizimlashtirdi. Markaziy saylov komissiyasining saylov komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning a’zolarini o‘qitish va saylov jarayonining yagona standartlarini ta’minlash borasidagi vakolatlari ham saylov tizimining institutsional rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.
Mahalliy Kengashlarning rivojlanishida 2016-yildan keyingi davr alohida bosqich sifatida namoyon bo‘ladi. Bu davrda davlat boshqaruvida aholining muammolarini joyida o‘rganish, davlat organlarining ochiqligi va hisobdorligini oshirish, hududlarning real ehtiyojlariga asoslangan boshqaruvni kuchaytirishga e’tibor ortdi. Mazkur jarayon mahalliy vakillik organlariga bo‘lgan talabni ham o‘zgartirdi.
Deputat endilikda faqat sessiyada qatnashuvchi vakil sifatida emas, balki hududdagi muammolarni aniqlaydigan, ularni tegishli davlat organlari oldiga qo‘yadigan va ijrosi yuzasidan savol beradigan vakil sifatida faolroq namoyon bo‘la boshladi. Deputatlik so‘rovlari, doimiy komissiyalar faoliyati, hududlarni o‘rganish, mahalliy budjet va hududiy dasturlar ijrosini muhokama qilish kabi mexanizmlarning amaliy ahamiyati oshdi.
Shu tariqa Kengashning mazmuni ham o‘zgara boshladi. U faqat masalani ko‘rib chiqadigan organ emas, balki hududdagi muammoni ko‘taradigan, ijrodan javob talab qiladigan va natijani nazorat qilishga intiladigan vakillik instituti sifatida shakllandi.
Aynan shu jarayon keyingi konstitutsiyaviy islohotlar uchun ham muhim zamin yaratdi.
2023-yilgi konstitutsiyaviy islohot xalq deputatlari Kengashlari tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 120-moddasida viloyatlar, tumanlar va shaharlarda xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyati vakillik organlari sifatida mustahkamlandi. Eng muhim yangiliklardan biri esa viloyat, tuman va shahar hokimi bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi konstitutsiyaviy qoidadir.
Bu shunchaki lavozimlar almashinuvi emas, balki mahalliy hokimiyat tizimining institutsional tuzilishidagi muhim o‘zgarishdir. Avvalgi modelda hokim ijro hokimiyati rahbari bo‘lishi bilan birga Kengashga ham raislik qilgan bo‘lsa, yangi modelda bu ikki vazifa ajratildi. Kengash vakillik organi sifatida o‘z raisiga ega bo‘ldi, hokim esa ijro etuvchi hokimiyat rahbari sifatida faoliyat yuritadigan bo‘ldi.
Bunday ajratish mahalliy darajada vakillik va ijro hokimiyati o‘rtasidagi muvozanatni kuchaytirish uchun muhim huquqiy asos yaratdi. Chunki Kengash mahalliy budjetni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi, uning ijrosi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tasdiqlaydi, hokimning hisobotlarini eshitadi va qonunchilikda belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Shunday sharoitda Kengashning o‘z raisiga ega bo‘lishi uning vakillik va nazorat funksiyalarini mustaqilroq amalga oshirishiga xizmat qiluvchi institutsional mexanizm sifatida namoyon bo‘ladi. Ya’ni mahalliy hokimiyat tizimida “ijro etuvchi rahbar Kengashga ham rahbarlik qiladi” modelidan “Kengash va ijro hokimiyati o‘zining alohida institutsional rahbariga ega” modeliga o‘tish yuz berdi.
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar ham bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etildi. 2024-yilgi deputatlik saylovlaridan keyin viloyatlar va Toshkent shahrida hokimlarning Kengash raisligiga barham berildi. Tuman va shaharlarda esa ushbu tizim 2026-yil 1-yanvardan to‘liq kuchga kirdi.
Shu tariqa 2026-yilga kelib mahalliy davlat hokimiyati tizimida yangi konstitutsiyaviy modelning asosiy jihatlari amaliyotga kirdi. Endilikda Kengash — xalqning saylangan vakillik organi, Kengash raisi — deputatlar orasidan saylanadigan rahbar, hokim esa — ijro etuvchi hokimiyat rahbari sifatida faoliyat yuritadi.
1991-yilda mustaqillik bilan boshlangan davlat qurilishi jarayonida mahalliy vakillikning milliy huquqiy asoslari yaratildi. Keyingi yillarda uni shakllantirish va faoliyat yuritish mexanizmlari takomillashdi. 2017-yilda Toshkent shahrining 11 tumanida tuman Kengashlarining tashkil etilishi vakillik institutini fuqarolarga yanada yaqinlashtirdi. 2019-yilgi Saylov kodeksi saylov jarayonining huquqiy asoslarini tizimlashtirdi. 2016-yildan keyingi islohotlar Kengashlarning nazorat va vakillik funksiyalariga yangi mazmun olib kirdi. 2023-yilgi Konstitutsiya esa mahalliy hokimiyatning vakillik va ijro bo‘g‘inlari o‘rtasidagi munosabatlarni yangi konstitutsiyaviy asosga olib chiqdi.
Bugun mahalliy hokimiyat tizimida Kengash va hokim bir xil institut emas. Kengash — hudud aholisining saylangan vakillik organi. Hokim — ijro etuvchi hokimiyat rahbari. Kengash raisi esa deputatlar orasidan saylanadi. Ushbu institutsional ajratish mahalliy darajadagi hokimiyatlar bo‘linishi va o‘zaro tiyib turish mexanizmlarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyat yaratmoqda.
Biroq yangi konstitutsiyaviy modelning haqiqiy samarasi endi uning amaliy faoliyatida namoyon bo‘lishi kerak. Bugungi bosqichda masala Kengashga qancha vakolat berilganida emas, balki ushbu vakolatlar hudud aholisi manfaatlarini himoya qilishda qanchalik samarali ishlayotganidadir.
Kuchli Kengash, avvalo, aholi muammolarini eshitadigan, ularni davlat organlari oldiga qo‘ya oladigan, mahalliy budjet va hududiy dasturlar ijrosini muhokama qiladigan, ijro hokimiyatidan hisobdorlikni talab qiladigan va o‘z faoliyati yuzasidan fuqarolar oldida javob bera oladigan vakillik organidir.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi xalq deputatlari Kengashlari uchun ham muhim tarixiy sarhisob davridir. Bu davrda Kengashlarning shakli ham, huquqiy maqomi ham, ularni shakllantirish mexanizmlari ham, ijro hokimiyati bilan munosabatlari ham o‘zgardi.
Eng muhimi, mahalliy vakillik instituti shakllanish bosqichidan yangi konstitutsiyaviy va institutsional bosqichga qadam qo‘ydi.
Endigi vazifa esa ushbu evolyutsiyani amaliy natija bilan davom ettirishdir. Chunki xalq deputatlari Kengashlarining 35 yillik taraqqiyot yo‘lining navbatdagi mezoni ularning qonunchilikda belgilangan vakolatlari emas, balki ana shu vakolatlarni hudud aholisi manfaatlari yo‘lida qanchalik samarali amalga oshira olishidir.
Zero, kuchli Kengash — bu faqat keng vakolatga ega bo‘lgan Kengash emas. Kuchli Kengash — xalq ovozini qarorga, qarorni ijroga, ijroni esa aniq natijaga aylantira oladigan Kengashdir.
Hakimov Sunnat,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi o‘qituvchisi