Kuchli yoʻtal bilan kechuvchi kasallik yoxud bronxit nimasi bilan xavfli?

    Ayni kunlarda yurtimizda qish fasli hukmronlik qilmoqda. Tabiiyki, bu paytda koʻpchilik insonlarda nafas yoʻllari bilan bogʻliq xastaliklar koʻp kuzatiladi. Shulardan biri bronxitdir.

    Xoʻsh, ushbu kasallik kelib chiqishining eng asosiy omillari nimalardan iborat? Uning qanday belgilari bor?

    Mazkur savollarga oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarov batafsil javob berdi.

    — Bronxlarning yalligʻlanishi (bronxit) yuqori nafas yoʻllarining eng koʻp uchraydigan xastaligi, — deydi mutaxassis. — Uning oʻtkir va surunkali turlari farqlanadi.

    Koʻpincha ob-havoning oʻzgarishi, immun tizimining susayishi, yomon odatlarga (ichkilikbozlik, kashandalik) ruju qoʻyish hamda turli zararli moddalar (gaz, chang, kuchli efir moylari)ni nafas orqali ichga yutish kabi holatlar halqum, hiqildoq yoki traxeyani zararlab, oʻpka tomon tarqaladi. Oqibatda bronxit va zotiljam kelib chiqadi.

    Kasallikning oʻtkir turida bemor holsizlanadi, mushaklari qaqshaydi. Yoʻtal paydo boʻladi. Koʻkrak sohasi qisilib, ogʻriydi. Biroz oʻtib, unga tumov ham qoʻshiladi, baʼzi hollarda esa tana harorati koʻtarilishi mumkin.

    Qolaversa, bemorni muntazam ravishda yoʻtal tutib, yiring aralash balgʻam ajraladi. Bronxit toʻliq davolanmasa, kasallik choʻzilib, surunkali tusga oʻtadi va oʻzidan ogʻir asoratlar qoldiradi.

    Gaymorit, otit va zotiljam xastaliklari aksariyat hollarda bronxit qaytalashi oqibatida kelib chiqadi. Yurak-qon tomir tizimida jiddiy muammo boʻlgan va quvvatdan qolgan bemorlarda bronxit tufayli mayda bronxlar ham zararlanadi.

    Kasallik rivojlanganda bemor isitmasi baland boʻladi, havo yetishmaydi, hansiraydi. Shuningdek, labi koʻkaradi, tez-tez yoʻtalib, tinka-madori quriydi. Yiringli balgʻam tashlab, koʻkragida ogʻriq turadi. Hatto, oʻpkasida mayda pufakchali nam, quruq xirillashlar eshitiladi.

    Qolaversa, nafas sustlashadi, tomir urishi tezlashib, yurak tovushi boʻgʻiq eshitiladi. Hatto, bronxlar devori va atrofidagi toʻqimalar zararlanadi. Bunday vaqtda bemorlarni zudlik bilan shifoxonaga yotqizish lozim.