Kurash xalqimizning qadimiy milliy sport turlaridan biridir. Soʻnggi yillarda ushbu milliy sport turini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirish, bu boradagi xalqimizning qadimiy anʼanalarini targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2020-yil 4-noyabrda “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturiamal boʻlmoqda.
Qarorda belgilanganidek, kurash boʻyicha nufuzli xalqaro musobaqalarni tashkil qilish, aholining barcha qatlamlarini kurash bilan shugʻullanishga keng jalb qilish hamda Oʻzbekistonda kurashni umumxalq sport turiga aylantirish borasida keng qamrovli ishlar oilb borilmoqda. Shuningdek, kurashni ommalashtirish, uning jahon sporti durdonasiga aylanishiga va pirovardida Xalqaro olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilishiga erishish asosiy mezonlardan biri qilib belgilangan.
Shu maʼnoda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi tashabbusi bilan yurtimizda “Polvonlari koʻp yurt qudratli boʻlur!”, “Biz Prezident polvonlarimiz!”, “Biz Prezident barchinoylarimiz!” shiorlari ostida umumxalq kurash musobaqalariga start berilgan. Fevral oyida boshlab yuborilgan tadbirlar har bir mahallalarga kirib borgani oʻgʻil-qizlarni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hozirga qadar 70 ziyod mahallalarda musobaqalar oʻtkazildi va ishtirokchilar soni 5000 dan ziyod boʻldi. Bu musobaqalardan asosiy maqsad mahallalarda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, kurash sport turini yoshlar orasida ommalashtirish, sizu-bizning sportimiz, qadriyatimiz boʻlgan kurashni har bir oilaga olib kirishdir.
Yuqoridagi qaror ijrosini bajarish maqsadida Respublikamiz boʻylab har kuni turli kurash musobaqalari oʻtkazilmoqda. Oʻtgan 3 oy sarhisob qilinganda 500 dan ziyod musobaqalar oʻtkazildi.
Hozirga qadar Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda 200 dan ortiq umumtaʼlim maktablariga kurash gilamlari taqdim etildi. Bu ham oʻz oʻrnida yosh polvonlar sonini oshishiga, kurashimizni yanada jadal rivojlanishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Darhaqiqat, zamonaviy kurash asoschisi, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Komil Yusupov tomonidan kurash xalqaro qoidalarining yaratilishi kurash sporti choʻqqilarga koʻtarilishiga asos boʻldi. Bu qoidalar asosida nafaqat yurtimizda, balki, butun dunyoda musobaqalar oʻtkazib kelinmoqda.