Nufuzi jihatidan Xalqaro olimpiya qo'mitasidan keyingi o'rinda turadigan tashkilotning eng muhim anjumanida dunyoning barcha milliy olimpiya qo'mitalari vakillari, Xalqaro Olimpiya qo'mitasi a'zolari va xalqaro sport o'yinlari tashkiliy qo'mitalari rahbarlari ishtirok etdi. Jumladan, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashi Osiyo o'yinlari bosh direktori, Olimpiya o'yinlari bo'yicha ANOC ishchi guruhi a'zosi Haydar Farmon va Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ziyoviddin Hojiniyazovlar qatnashdi.

Ular ishtirokida kurash sport turini dunyo bo'yicha keng ommalashtirish bo'yicha uchrashuvlar o'tkazildi. eng muhim uchrashuvlardan biri Afrika milliy Olimpiya qo'mitalari assotsiatsiyasi prezidenti Mustafa Berraf bilan bo'lib o'tdi. Muhokamalar yakunida tomonlar kurashni Afrika o'yinlari dasturiga kiritish bo'yicha amalga oshirish lozim bo'lgan vazifalarni kelishib oldi. Bu sevimli sportimiz kurashni Afrika qit'asida ham keng rivojlantirish yo'lida tarixiy voqeadir.

Mustafa Berraf qit'a sportida o'ziga xos transformatsiya jarayonlari ketayotganini ta'kidladi. Kurash sporti Afrikadagi o'zgarishlarning bir qismi bo'lishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv davomida Evropa olimpiya qo'mitasi a'zolari bilan ham muzokaralar olib boriladi. Kurashni Evropa yoshlari o'yinlariga dasturiga kiritish bo'yicha dastlabki kelishuvlar amalga oshirildi.

Mazkur masala bo'yicha muzokaralarning amaliy bosqichi davom etmoqda. Qayd etib o'tish lozimki, qit'aviy o'yinlar Olimpiya o'yinlaridan keyingi o'rinda turadigan nufuzli sport bayramidir. Kurashning qit'aviy o'yinlar dasturidan rasman o'rin olishi kelgusida Olimpiya o'yinlari dasturiga kiritilishida muhim ahamiyatga egadir.

IKA rahbariyati tomonidan kurash 2018-yili Indoneziyada bo'lib o'tgan yozgi Osiyo o'yinlari dasturiga kiritilgan edi. 2023-yil Xitoyning Xanjou shahrida bo'lib o'tadigan navbatdagi yozgi Osiyo o'yinlarida ham kurash bo'yicha rasmiy bellashuvlar bo'lib o'tadi.