Kutilayotgan issiq ob-havo sharoitida qishloq xoʻjaligi ekinlarini parvarishlash boʻyicha muhim tavsiyalar berildi

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi ayni kunlarda respublikamizda kuzatilayotgan jazirama issiqning stressli taʼsirini yumshatish uchun agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda oʻtkazish zarurligini eslatib oʻtdi.

    Avvalo, fermerlar va dehqonlarga daladagi ishlarni ertalab soat 10:00 gacha bajarish, soat 10:00 dan 16:00 gacha boʻlgan issiq vaqt oraligʻida esa ishlarni toʻxtatish, dala sharoitida ishlayotganlar uchun quyoshda qolgan plastik idishlardagi suvdan foydalanmaslik, tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilmaslik tavsiya etildi.

    Paxtachilikda:

    • Gʻoʻzani jazirama issiq va suv tanqisligiga chidamliligini oshirish uchun biostimulyatorlar, suspenziyalar, ammiakli selitra bilan oziqlantirish, tomchilatib sugʻorish, va qator oralariga mahalliy oʻgʻitlar bilan mulchalash tavsiya etiladi. Biostimulyatorlar va suyuq oʻgʻitlar (bor, molibden, rux, mis, temir, marganes, kobalt, azot, fosfor) bilan bargdan oziqlantirish, shuningdek, zararkunandalarga qarshi maxsus preparatlar qoʻllash zarur.
    • Dala chetidagi ariq, zovur, tut daraxtlari atroflari begona oʻtlardan tozalanib, 2-3% ISO qaynatmasi bilan ishlov berilishi kerak. Suv sepish mashinalari yordamida dala atrofida mikroiqlim yaratish hamda zararli hasharotlarning koʻchishini oldini olish muhim.
    • Egatlab sugʻoriladigan maydonlarda oʻgʻitlar 2-4 chinbarg holatida 50 kg/ga azotli, shonalash davrida esa 75 kg/ga azotli va 50 kg/ga kaliyli oʻgʻitlar bilan oziqlantirish tavsiya qilinadi. Tunda sugʻorish, tuproq namligini saqlash va suvning behuda bugʻlanishini kamaytirishga yordam beradi. Intensiv texnologiyada parvarishlanayotgan gʻoʻza maydonlarida tomchilatib sugʻorish 3-4 soat davomida 100-120 m³/ga miqdorida tez-tez amalga oshirilishi kerak.

    Gʻallachilikda:

    • Markaziy va shimoliy hududlarda gʻallaning oʻrtapishar va kechpishar navlarini ekilgan maydonlarni tunda sharbat usulida sugʻorish tavsiya etiladi. Togʻ va togʻ oldi hududlarida esa, havo harorati 30°C dan oshmagan paytlarda, ertalab soat 10:00 gacha yoki kechqurun 17:00 dan keyin biostimulyatorlar orqali bargdan suspenziya usulida oziqlantirish zarur.

    Sholichilikda:

    • Harorat 38–40°C dan oshganda tuproqni doimiy nam holda saqlash, yaʼni suv sathi 5–10 sm atrofida boʻlishi lozim. Suv resurslarini tejash maqsadida rotatsion sugʻorish va tik quduq, zovur suvlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

    Shuningdek, oʻgʻitlash va stressga chidamli moddalardan foydalanish muhim:

    • Silikatli oʻgʻitlar (kaliy-silikat) sholini issiqqa chidamli qiladi va oʻsimlik hujayralarini mustahkamlaydi.
    • Biostimulyatorlar (epin, tsirkon, megafol) oʻsimlik stressini kamaytiradi.
    • Kompleks mikrooʻgʻitlar (bor, marganets, rux) fotosintezni qoʻllab-quvvatlaydi va oʻsishni ragʻbatlantiradi.

    Sabzavotchilikda:

    • Sabzavotlarning oʻsishi va rivojlanishi havo-tuproq haroratiga, fotosintez intensivligiga bogʻliq. Harorat 25–35°C gacha koʻtarilganda fotosintez jarayoni kuchayadi, lekin 40–50°C ga yetganda butunlay toʻxtaydi. Pomidor, qalampir, baqlajon, bodring kabi issiqsevar oʻsimliklar uchun 20–30°C harorat eng qulay hisoblanadi, ammo ular oʻta issiqlikka chidamli emas. Qovun, tarvuz, qovoq, makkajoʻxori va loviya kabi ekinlar esa 30°C da yuqori assimilyatsiyaga erishadi, lekin 40-45°C dan yuqori haroratda oʻsish uchun qulay muhit boʻlmaydi.

    Jazirama issiqlikdan himoya qilish uchun tavsiyalar:

    • Tunda sugʻorish: Oʻsimlikni tunda sugʻorish, namlikka boʻlgan talabni toʻla qondirish.
    • Quyosh nuridan himoya qilish: Oʻsimliklarni quyosh nurlaridan himoya qilish va sunʼiy salqinlik tashkil etish.
    • Agrotexnik tadbirlarni toʻgʻri vaqtga joylashtirish: Kun isigan davrida chopiq, begona oʻtlardan tozalash kabi tadbirlarni amalga oshirmaslik.

    Issiqlik stressi sharoitida oʻsimliklarning yetarli ozuqa moddalari bilan taʼminlanishi muhimdir. Kaliy, fosfor va azot bilan barg orqali oziqlantirish oʻsimliklarning sogʻlom, tez va samarali oʻsishiga yordam beradi.

    Uzun muddatli yuqori harorat meva-uzum navlarining oʻsishini va hosildorligini kamaytirishi mumkin. Bunday sharoitda, tomchilatib sugʻorish usuli oʻsimliklar uchun eng samarali usul hisoblanadi, chunki bu suvni aniq va samarali taqsimlash, tuproqda namlik balansini saqlashga yordam beradi.

    Tavsiya etilgan choralar:

    • Tomchilatib sugʻorish: Bu usul suvning samarali taqsimlanishini taʼminlab, oʻsimliklar stressini kamaytiradi.
    • Yomgʻirlatib sugʻorish: Mevali bogʻlarda yomgʻirlatib sugʻorish usuli, suvni yerdan bir tekis taqsimlash va mineral oʻgʻitlarni erigan holda berish imkonini beradi.
    • Sugʻorish vaqtlarini belgilash: Sugʻorish kunning issiq vaqtlarida emas, balki ertalab yoki kechqurun amalga oshirilishi, har 3-5 kunda har bir tup daraxtga 15–25 litr suv berilishi tavsiya etiladi.

    Qoʻshimcha himoya usullari:

    • Soyabonlar (agrovolokno, toʻrlar): Oʻsimliklarni ultrabinafsha nurlardan himoya qilish va haroratni pasaytirish uchun soyabonlardan foydalanish mumkin.
    • Mineral oʻgʻitlar: Fosfor va kaliyga boy oʻgʻitlar oʻsimlikning issiqqa chidamliligini oshiradi va stressga qarshi kurashishga yordam beradi.
    • Barg orqali oziqlantirish: Epin, sirkon kabi biooʻgʻitlar bilan barglardan oziqlantirish oʻsimliklarni stressga qarshi mustahkamlaydi.

    Meva yigʻish vaqti:

    • Erta tongda yigʻish: Mevalarni erta tongdagi salqin davrda yigʻib-terib olish tavsiya etiladi.