Shaxsi maʼlum qilinmasligini iltimos qilgan saxovatpesha bir inson turmush sharoiti ogʻir va ehtiyojmand 100 ta oilaning har biriga 2,5 kg dan goʻsht hamda 1 mln. soʻm naqd pul tarqatdi.

Ulashilgan xayriyalardan jamoatchilik asosida mahallalarni obodonlashtirishga hissa qoʻshayotgan ishchi-xodimlar ham chetda qolishmadi. Ularga ham xuddi shunday tarzda goʻsht va pul ulashildi. Kutilmagan bunday saxovatdan xursand boʻlgan fuqarolar Yaratgandan yurtimiz boshiga kelgan ofatlarning tezroq daf boʻlishi hamda mamlakatimizda tinchlik, farovonlik doimo barqaror boʻlishini soʻrab, duoga qoʻl ochishdi.

Xalqimiz bagʻrikeng, saxovatpesha boʻlib, ogʻir kunlarda doimo bir-birini suyagan, zarur boʻlsa, bir mayizni qirq boʻlib, baham koʻrgan. Ayni bugungi ogʻir damlarda ham saxovatpesha insonlarimiz xayrli ishlarni amalga oshirib, koʻplab nochor, koʻngli yarim insonlarga quvonch baxsh etishmoqda.

Darvoqe, xalqimizda “Oʻng qoʻling berganini chap qoʻling bilmasin”, “Yaxshilik qil, uyingga aytma”, “Yaxshilik qilmasang, yomonlik ham qilma”, “Yaxshilik qilsang, yashir, yaxshilik koʻrsang, oshir” va “Yaxshilikni daryoga qil, biyobondan top” kabi maqollar bejiz aytilmagan.

Saxovatpesha insonga hamrohlik qilgan shahar hokimligi mutasaddilari ehtiyojmand oila vakillari bilan yaqindan suhbatda boʻlib, ehsonliklarni haqiqiy nochorlarga berilishi taʼminlandi.