B.T.ni vatanga qaytarish amaliyoti Oʻzbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi, Migratsiya agentligi hamda Kemerovo viloyati — Kuzbassdagi vatandoshlar milliy tashkiloti koʻmagida amalga oshirildi.

Vatandoshimiz milliy aviakompaniyaning Novosibirsk — Toshkent yoʻnalishi boʻyicha yurtimizga olib kelindi. Toshkent xalqaro aeroportida uni shifokorlar va tez tibbiy yordam mashinasi kutib oldi. Bemor zarur tibbiy yordamni koʻrsatish uchun darhol Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetkazildi.

B.T. Kemerovo viloyati — Kuzbassning Leninsk-Kuzneskiy shahridagi Kuzbass shaxtyorlar sogʻligʻini saqlash klinik markazining intensiv neyroxirurgiya boʻlimida davolanayotgan edi.

Uning xorijda davolanishi davrida Oʻzbekistonning Bosh konsulxonasi, Migratsiya agentligining Novosibirskdagi vakolatxonasi va Kemerovo shahridagi vatandoshlar tashkiloti tomonidan zarur yordam koʻrsatildi. Xususan, B.T. davolanish, dori-darmon va oziq-ovqat bilan taʼminlandi, unga har kunlik qarab turish va parvarish qilish tashkil etildi.

Shuningdek, B.T.ni Leninsk-Kuzneskiy shahridagi klinikadan Novosibirskdagi “Tolmachyovo” aeroportigacha olib borish uchun ham qulay sharoitlar yaratildi.

Olingan jarohatlar oqibatida B.T. mustaqil harakatlana olmagani inobatga olinib, Migratsiya agentligi tomonidan uni yotgan holda transportirovka qilish imkonini beruvchi aviachiptalar xarid qilindi.

Shu tariqa, vatandoshimiz xorijdagi davolanishidan soʻng tibbiy yordamni Oʻzbekistonda davom ettirish imkoniga ega boʻldi.

B.T. xorijdagi vatandoshlar taqdiriga koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.