“Kvars” 90 foiz aksiyalar paketi sotildi

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Kvars” AJ ustav kapitalidagi 89,78 foiz aksiyalar paketini 265,0 mlrd. so‘mga “Quvasoysement” AJga sotish bo‘yicha kelishuvga erishilganligini ma’lum qiladi.

    Bunda xaridor tomonidan korxonaning 47,2 mln.yevro miqdoridagi kredit majburiyatini to‘liq qoplash inobatga olingan.

    Korxona aksiya paketini xususiylashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro jarayon natijalari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma’qullangan.

    Bunda “UzAssets investisiya kompaniyasi” AJ (UzAssets) tomonidan eng maqbul takliflarni tanlab olish asosida "Deloitte" xalqaro konsalting kompaniyasi xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida jalb etilgan va Dentons xalqaro yuridik kompaniyasi huquqiy masalalarda ko‘maklashgan.

    Konsultant va "UzAssets" tomonidan xususiylashtirish jarayoni doirasida ham mahalliy, ham xalqaro darajada keng ko‘lamli marketing ishlari amalga oshirilgan, jumladan investisiya tizerlari konsultantning xalqaro tarmog‘i orqali turli xorijiy investorlarga yuborilgan.

    Natijada investorlardan sotib olish bo‘yicha qiziqish to‘g‘risidagi 3 ta talabgordan arizalar (Express of Interest) kelib tushgan. Talabgorlar xususiylashtirish jarayonida ishtirok etishini ta’qiqlashi mumkin bo‘lgan ma’muriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yo‘qligi hamda Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmaganligi yuzasidan o‘rganilgan.

    Bundan tashqari, Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni tayyorlash doirasida, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmaganligi yuzasidan tanlab olingan investorlarga Korxonani o‘zlari tomonidan kompleks tahlil o‘tkazish, shuningdek Konsultant tomonidan tayyorlangan hamda virtual ma’lumotlar xonasiga joylangan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan tahliliy hisobotlar bilan tanishish imkoniyati berildi.

    Eng yaxshi majburiyatga ega bo‘lgan taklif “Quvasoysement” AJ tomonidan taqdim etilgan va uning narx taklifi Konsultant tomonidan hisoblangan Korxonaning indikativ narxlar parametrlari oralig‘ida joylashgan hamda Korxonaning baholangan qiymatidan yuqori.

    Ta’kidlash joizki, 2018-2021 yillarda 47,2 mln. yevro miqdoridagi bank kreditlari hisobiga “Kvars” AJda yillik quvvati 22,2 mln. kvadrat metr float-oyna ishlab chiqarish bo‘yicha investisiya loyihasi amalga oshirilgan. Loyihani amalga oshirish doirasida jalb etilgan kredit mablag‘lari 2026 yil yakuniga qadar so‘ndirilishi belgilangan bo‘lib, Xaridor ushbu aksiyalar paketini sotib olish kelishuvi shartlarida Jamiyatning kredit majburiyatlari bilan qabul qilgan.

    Ma’lumot uchun:

    “Quvasoysement” AJ yuqori sifatli mineral qo‘shimchali portlandsement, tarkibida gips va ohakli birlashtiruvchi aralashmalar, qovurg‘ali asbest syement listlar, keramik cherepisalarni ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi bozoriga yuqori sifatli qurilish materiallarining yetakchi va yirik yetkazib beruvchilaridan biri bo‘lib, Kompaniyada sifat menejmenti tizimiga qo‘yiladigan talablarni tartibga soluvchi xalqaro ISO 9001-2000 standarti joriy etilgan.