KXDR yetakchisi mamlakat armiyasi yadro qurolidan foydalanishga tayyor bo'lishi kerakligini aytdi

    Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In 9-sentabr kuni respublika tashkil etilganining 76 yilligi munosabati bilan mamlakat qurolli kuchlari xavfsizlik manfaatlarini himoya qilish uchun istalgan vaqtda yadroviy imkoniyatlardan foydalanishga tayyor turishi kerakligini aytdi.

    Koreya markaziy axborot agentligi uning so'zlaridan iqtibos keltirdi, deb xabar beradi tass.ru.

    KXDR rahbari xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat Pxenyandan harbiy qudratni rivojlantirishni talab qilishini ta'kidladi. “Aniq xulosa shuki, KXDRning yadroviy salohiyati ehtiyotkorlik bilan ta'minlanishi va davlatning xavfsizlik huquqlarini himoya qilish uchun istalgan vaqtda foydalanishga tayyor bo'lishi kerak”, dedi u.

    Kim Chen Inning qo'shimcha qilishicha, uning mamlakati hozirda “yadroviy kallaklar sonini geometrik progressiya tarzida ko'paytirish” siyosatini olib bormoqda. Uning so'zlariga ko'ra, KXDR mas'uliyatli yadroviy davlatdir. Siyosatchi ta'kidlaganidek, yadro quroli o'zini himoya qilish uchun ishlatiladi va boshqalarga xavf tug'dirmaydi.

    Uning so'zlariga ko'ra, Shimoliy Koreyaning yadroviy qurollarini xavf deb ataydigan kuchlarning o'zlari Pxenyanga nisbatan dushmanlik kayfiyatida, jumladan, yadroviy zarba berish niyatida.