Libos — inson ziynati

    Odamning shaklu shamoyili, bo'y-basti, ko'rinishi, jussasi, tusi, ko'z qarashlari, ovozi, tarovati, xullas, ichki va tashqi dunyosi u tavallud topgan, unib-o'sgan va kamolotga etgan joyga monand bo'ladi. Etti iqlim kishilari etti xildir. Demak, odam o'z vatanining bir zarrasidir. Bizning har birimiz o'z yurtimizning bir zarrasimiz. Biz qaerda bo'lmaylik, o'zbekligimizni o'z tashqi qiyofamiz, so'zimiz bilan ifoda etamiz. Sрunday ekan, bizning kiyinish madaniyatimiz ma'naviyatimiz ko'zgusidir.

    O'rta Osiyo hududida to'qimachilikning paydo bo'lishi neolit davriga to'g'ri kelib, uning asosiy xomashyosi jun edi. Keyinroq paxta ekilishi mintaqada to'qimachilik rivojlanishiga katta ta'sir qilgan, qator qadimiy arxeologik yodgorliklardan topilgan surmatosh, taroq, mis oyna va turli zeb-ziynat buyumlari mintaqada kiyinish madaniyati qadimdan o'ziga oro berish vositalari bilan umumiylikda shakllanganini ko'rsatadi. Gerodotning “Tarix” asaridan kelib chiqib, miloddan avvalgi IX-VIII asrlarda SHarq xalqlarining alohida etnik belgilarini namoyon qiluvchi mukammal liboslarning shakllanish jarayoni tugab bo'lgan, deb aytish mumkin. Xususan, Gerodot forslar, midiyaliklar, ossuriyaliklar, vavilonliklar, arablar, hindlar, baqtriyaliklar, skiflar, saklar, massagetlar (shuningdek, yunonlar va boshqalar)ning bir-biridan farqli va o'xshash kiyim-kechaklarini tasvirlab beradi. Bu O'rta Osiyo­ning qadimgi aholisi baqtriyalik­lar, saklar, massagetlar uchun ham xosdir.

    Amudaryo xazinasidan topilgan haykalchalarda ham kiyimlardagi farqlar yaqqol ko'zga tashlanadi. etnik guruhlarning liboslaridagi farqlar ilk o'rta asrlarga mansub Afrosiyob, Bolaliktepa, Panjikent, Varaxsha kabi saroy xarobalari devorlaridagi suratlarda (so'g'd, eftalit, turk va boshqa) ham ko'zga tashlanadi. Lekin bu davrga kelib mahalliy matolarning ham sifati yaxshi bo'lganini ko'rish mumkin. Buyuk ipak yo'li doirasida eron, Vizantiya, Xitoy bilan savdo aloqalari jarayonida ularning bu sohadagi tajribalari, to'qimachilik texnikasi, kiyimlar bichimi, bezaklari mahalliy ishlab chiqarishga muayyan ma'noda ta'sir qilgan. Ayniqsa, VI asrda So'g'dda yuzaga kelgan zandana ipak matolari mahalliy ipakchilikning ancha rivojlanganini ko'rsatadi. O'sha davrga mansub zandana namunalari hozir Sankt-­Peterburg, Parij, London, Berlin, Dehli kabi shaharlarning mashhur muzeylari va shaxsiy kollektsiyalarda saqlanadi. O'rta Osiyoda, xususan, o'troq madaniyat rivoj topgan So'g'd, Baqtriyada to'qimachilikning rivojlanishi bilan xorijiy matolarga talab to'xtab qolmagan. Bu esa mahalliy kiyim-kechaklar, matolar kollektsiyasining yanada boyishiga olib kelgan.

    XIV asrning 50-60-yillarida ­Movarounnahr ancha murakkab davrni boshdan kechirdi. XIV asrning ikkinchi yarmi — XV asrning boshlarida Amir Temur o'zining katta imperiya­siga asos soldi va ­Samarqandni bu imperiyaning poytaxti qilib belgiladi. Buning natijasida Samarqandning qiyofasi ham tamoman o'zgarib, Sharqning eng go'zal shaharlaridan biriga aylandi. Temuriylar davrida davlat ikkiga ajratilib, Movarounnahr va Xurosonda idora etildi. ­Samarqand va Hirot ularning markazi bo'lib xizmat qildi. Hindiston, eron, Balx, Rossiya va boshqa mamlakatlardan katta savdo karvonlari kira bosh­ladi.

    Temuriylar davrida Kamoliddin Behzod, Muhammad Chag'riy, Muassin Abdullo, Muhammad Murod Samarqandiy kabi rassomlar o'z miniatyuralarida shu davrdagi aholining barcha tabaqalari, turmush tarzi, tashqi ko'rinishi, kiygan liboslarini yuksak mahorat bilan tasvirlashgan. Ammo kiyimlar bilan miniatyura orqali tanishganda tasvirlarning shartliligiga ahamiyat berish kerak. Matolarning rangi aslida va rasmda har xil bo'lishi mumkin, chunki rasm va matoni bo'yash uchun bo'yoqlar boshqa-boshqa ishla­tilgan.

    Miniatyuradagi tasvirlarga ko'ra, ayollar libosining nomlari, turlari, shakli, bichimi, bezagi erkaklarnikiga o'xshash bo'lgan. Ichki kiyim tunikasimon bichimli, uzun engli oq ko'ylak — kurta edi. Uning yoqa o'mizi gorizontal yoki chuqur bo'lgan. Ichki ko'ylak ustidan boshqa rangli, tunikasimon bichimli ko'ylak — piroxanni kiyishgan. Piroxan uzun yoki kalta engli bo'lib, ichki ko'ylagidan kaltaroq (tizzagacha) edi va beliga yopishib turardi. Ayollarning ustki kiyimi jo'ma, qabo, faraji, mursak, yopinchoq va kaltachadan iborat edi. Ko'ylaklar ustidan oldi ochiq kiyim — qaboni kiyishgan. Uning engi uzun (qo'lidan uzunroq) yoki kalta (tirsagigacha) bo'lardi. Chopon jo'ma ob-havo injiqliklaridan saqlardi. Ipak yoki kimxobdan qilingan, uzunligi ergacha, juda uzun engli (etagigacha) bashang chopon — farajini tantanali marosimlarda kiyishgandi. Uni elkaga tashlab yurishar yoki bitta qo'lga kiyib, elkaga tashlashardi.

    Ulardan tashqari, miniatyuralarda ustki kiyim sifatida oldi ochiq, uzun yoki kalta engli kiyim — kaltacha ham tasvirlangan. Qabo, jo'ma, faraji va kaltachaning astari boshqa rangli matodan qilinardi. Aslzodalar ustki kiyimi astari ipakdan, faraji esa olmaxon, tulki va suvsar mo'ynasidan tayyorlanardi. erkaklarnikiga nisbatan ayollar kiyimi tanaga yopishib turishi, bosh kiyimlari va zargarlik buyumlari bilan farqlanar edi. Ijtimoiy farqlar baravar kiyilgan kiyimlar soni va qo'llangan matolar bilan belgilanardi. erkak­larda bo'lmagan, ayollarning o'ziga xos ustki choponi mursak (munisak) edi. Uning yoqa o'mizi chuqur qilinardi, qo'ltig'ining ostidan yonlari ser- burmalanardi, englari, bichimi tunikasimon bo'lgan. Shunday choponni O'rta Osiyoda XIX asrgacha kiyishgan, XX asrda u dafn marosimiga kiyiladigan kiyimga aylandi. Mursak qaboning ustidan kiyilgan. Ayollarning o'ziga xos kiyimlarining ikkinchi turi yoping'ichlar va paranjilar edi. Ko'cha kiyimi sifatida ayollar yoping'ich kiyishgan. U keng, to'g'ri to'rtburchak shaklli matodan tayyorlanib, gavdani berkitardi. Yoping'ichni boshga yoki elkaga tashlab yurishgan, uchlarini esa qo'l bilan ushlab turishgan. Yuzi ochiq qolar, ammo kerakli payt­da yuzni ko'zgacha berkitishar edi. Shunday yoping'ichlar noqulay bo'lgani uchun ayollar ko'chaga chiqqanda boshga choponni tashlab yuradigan bo'lishdi. XVI asrning oxiri va XVII asrning boshidagi miniatyurada shunday yoping'ichlar tasvirlangan. Choponni shu usulda kiyganda, eng­lari erkin osilib turar yoki bir qo'lga kiyilardi. XVII asrning ikkinchi yarmidagi miniatyuralarda paranji tasvirlangan. U yuqorida ta'riflangan chopon faraji edi. Ammo paranjida uzunligi ko'kragigacha tushadigan, ot qilidan yasalgan to'r — chashmband bo'lib, u bilan ayolning yuzi berkitilgandi. Paranji forscha faraji so'zidan olingan bo'lib, ko'ylak ma'nosini anglatgan. Ilk marta manbalarda IX asrdan keltirila boshlangan. XV-XVI asrlarda faraji erkaklar kiyimi hisoblanib, Zayniddin Mahmud Vasifiyning kitoblarida ham erkaklar, ham ayollar libosi sifatida tilga olinadi. Faraji qadimgi So'g'diyona hududida Anaxita zardo'shtiylik ma'budasiga bag'ishlab o'tkazilgan diniy marosim kiyimi hisoblangan. Shuningdek, bu marosim kiyimi qadimdan kelinlar libosi bo'lgan.

    O'rta Osiyo ayollari kiyimining beli bog'lanmasdi. Bu davrda ayollarning kiyimiga hind, mo'g'ul, eron, xitoy kiyimlarining ta'siri liboslar to'rida qo'llangan matolarida va bezaklarda sezilardi.

    Keksa ayollarning kiyimi yoshlarnikiga nisbatan, avvalo, baravar kiyilgan kiyimlar soni bilan farqlanardi. Ular ko'pincha juda keng kalta (bilagigacha) engli, uchburchak yoqa o'muzli ko'ylakni kiyishgan.

    Ularning yana bir farqlanadigan belgisi — ustki kiyimning beli bog'lanardi. Motam kiyimi qora va to'q ko'k rangli, oldi yirtilgan choponlar bo'lgan. YAna bir narsaga e'tibor berish kerak — motam ki­yimida belbog' bo'lmagan, u XVIII yoki XIX asrda yuzaga kelgan, chunki XVII asrdagi miniatyuralarda belbog' tas­virlanmagan.

    Bosh kiyimlari ro'mol, mo'yna bilan chekkasi bezalgan do'ppisimon qalpoqlar, peshonabandlar va bosh­qalar bo'lgan. Peshonaband eshilgan ro'moldan yoki yupqa oq tasmadan qilingan. Peshonabandning ustidan ro'mol o'rashardi. Sochlari harakat qilganda oldiga tushmasligi uchun ro'mol ostidan boshga sochpopuk — kulta va chochkap kiyishardi. Keksa ayollar qozoqlarnikiga o'xshash bosh kiyim — kimishek kiyishgan. Motam marosimida bosh yalang bo'lishgan. Malikalar, xonlarning xotinlari, xon avlodlari toj kiyishar edi. erkak va ayol tojlari o'zaro farq­lanardi.

    Miniatyuralarda zargarlik buyumlari kam tasvirlangan, chunki ular kiyimning ostida bo'lgan. Yozma ma'lumotlar va tasvirlarga qaraganda, zargarlik buyumlaridan zebigardon, haykal, tumor, zirak, uzuk, bilaguzuk, buloqilar bo'lgan. Shu narsaga e'tibor berish kerakki, ayollar motam marosimlarida taqinchoqlarni echmasdi. Ayollar libosini oyoq kiyimlar yakunlaydi. Miniatyuralarda yosh ayollar va qizlar etik, mahsi, nimetik — nimchakme, baland qo'njli poshnali etik — chakma va charm tufli (kavush)da tasvirlangan. Poyabzal, asosan, qora, ba'zan oq va sariq rangli bo'lgan. Keksa ayollar qora, uchli kavushlarni yalang oyoqqa kiyishgan, yoshlar esa etikning ustidan kiyishardi. Muxtasar aytganda, miniatyuralarda kiyimlarga alohida e'tibor berilgan, chunki ular ijtimoiy va etnik mansublikni belgilovchi omil hisoblangan.

    Qaysi davr bo'lmasin, mahalliy aholi kiyimlari va kiyinish madaniyatida mahalliylik elementlari saqlanib kelinganki, uning ayrim izlari bugungi hayotimizda ham sezilib turadi.

    Hilola NAZIROVA,
    O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kichik ilmiy xodimi