Telefon muloqoti avvalida davlat rahbarlari butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lmish Qurbon hayiti – Iyd al-Adho bilan bir-birini dildan qutlab, ikki mamlakat xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va barqaror taraqqiyot tiladilar.
Samarqandda o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqqani va aniq mazmun bilan boyitgani haqida yakdil fikr bildirildi.
Yetakchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda qabul qilingan qo‘shma qarorlar ijrosining borishini ko‘rib chiqdilar. “Yashil” energetika, moliya, infratuzilma, transport va logistika, qurilish va boshqa tarmoqlardagi loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibining eng dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.