Unga koʻra koʻtarish qurilmasi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaganligi va foydalanishga qabul qilinmaganligi aniqlandi.
Shuningdek, liftda tegishli tartibda davriy sinov ishlari amalga oshirilmagan. Mazkur liftga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha maxsus tashkilot bilan shartnoma tuzilmagan hamda liftni soz holatda saqlash, uni bexatar ishlatish boʻyicha javobgar shaxs tayinlanmagan.
2020-yilda ishlab chiqarilgan, koʻtarish ogʻirligi 1 000 kg boʻlgan lift qurilmasiga belgilangan tartibda texnik xizmat koʻrsatilmaganligi sababli shaxta kabinasi eshiklarining kontaktlari boʻshab qolgan. Ushbu lift harakatda vaqtida kimdir liftning tashqi eshiklarini qoʻl yordamida ochishga uringan.
Natijada xavfsizlik moslamasi ishga tushgan va lift oʻzini-oʻzi toʻxtatish vazifasini bajara boshlagan.
Oʻrganish davomida lift tushib ketmagani, aksincha tegishli xavfsizlik qurilmasi ishga tushgan holda toʻxtagani aniqlandi. Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan liftdagi kamchiliklarni bartaraf etish va voqea tafsilotlarini chuqur oʻrganish ishlari amalga oshirilmoqda. Hodisadan hech kim jabrlanmagan.
Liftlarda mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida joriy yilning avgust oyidan boshlab Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan roʻyxatga olinmagan lift uskunalarini foydalanishga qabul qilish toʻxtatilgan.









