Qonun bilan joriy etilayotgan asosiy yangiliklar va afzalliklar haqida muxbirimiz Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari Alisher KARIMOV bilan suhbatlashdi.
— Yangi tahrirda qabul qilingan qonunning qisqacha mazmun-mohiyati haqida toʻxtalib oʻtsangiz. U tadbirkorlik subyektlariga qanday qulayliklar yaratmoqda?
— Ushbu qonunni ishlab chiqish maqsadida tegishli mutaxassislar va xorijiy ekspertlardan iborat alohida ishchi guruh tashkil qilindi va uni qabul qilish jarayoni qariyb ikki yil davom etdi. U bilan litsenziya va tartibga solish sohasidagi maʼnan eskirgan va tarqoq holdagi amaldagi qonunchilik hujjatlari unifikatsiya qilindi va bu sohadagi mavjud barcha qonun va qonun osti hujjatlar bekor qilindi.
Masalan, qonun qabul qilinishi munosabati bilan ushbu sohaga oid 2 ta qonun, Oliy Majlisning bitta, Prezidentning ikkita, hukumatning yuzga yaqin qarori oʻz kuchini yoʻqotgan, deb topilmoqda.
Mazkur huquqiy hujjat bilan 49 ta litsenziya, 120 ta ruxsat berish hujjati hamda 33 ta xabarnomaning yakuniy roʻyxatlari tasdiqlanmoqda. Amalda boʻlgan litsenziyalar va ruxsat berish hujjatlari 30 foizgacha qisqartirildi. Yana bir ahamiyatli jihati, vakolatli organni xabardor etish orqali faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq mutlaqo yangi soddalashtirilgan mexanizm joriy etilmoqda. Bu, oʻz navbatida, tadbirkorlik subyektlariga katta qulaylik yaratib, vakolatli organni xabardor etish orqali faoliyatni boshlash imkoniyatini yaratadi.
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari toʻliq raqamlashtirilmoqda. Bu jarayonlar “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Yuridik shaxslar filiallariga alohida litsenziya yoki ruxsatnoma olish talabi bekor qilindi. Bunda yuridik shaxsning avval olingan litsenziyasi va ruxsatnomasida filialning manzili koʻrsatiladi hamda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi. Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar qaysi holatlarda sud tomonidan va qaysi holatlarda vakolatli organ tomonidan bekor qilinishining aniq chegaralari belgilandi.
— “Litsenziya” axborot tizimi haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsangiz.
— Qonunda nazarda tutilayotgan eng katta yangiliklardan biri litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillaridan oʻtish faqat “Litsenziya” axborot tizimi orqali elektron tarzda amalga oshirilishi boʻldi. Mazkur tizim talabgor tomonidan arizani topshirishdan boshlab tegishli hujjatni qabul qilib olgunigacha boʻlgan barcha jarayonni qamrab oladi. Shu oʻrinda qayd etishimiz kerakki, ushbu elektron tizim barcha uchun ochiq va shaffof boʻladi hamda barcha jarayonlarni bosqichma-bosqich kuzatib turish imkoniyati yaratiladi. Bu, oʻz navbatida, jismoniy va yuridik shaxslar vakolatli organlar bilan maʼmuriy munosabatlarga kirishishining oldini oladi va oʻz-oʻzidan amaliyotda uchrab kelayotgan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etadi.
Shuningdek, “Litsenziya” axborot tizimi joriy etilishi amaliyotda maxsus qogʻoz blankalardan foydalanishni cheklaydi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2019-yilda maxsus qogʻoz blankalar uchun 13 milliard soʻm sarflangan. Endi jarayonlar elektron tarzda kechishi natijasida davlat byudjetidan sarflanadigan mablagʻlar iqtisod qilinishiga erishiladi.
Mazkur elektron tizimning yana bir afzalligi shuki, endi dublikatni berish amaliyotiga chek qoʻyiladi. Yaʼni oʻsha litsenziya blankalari elektron tizimga kiritiladi va unda saqlanadi, jismoniy va yuridik shaxslar esa xohlagan payti uni chop etishi mumkin boʻladi.
— Qonun bilan litsenziya shartnomasini tuzish kabi amaliyotlarga chek qoʻyildi. Buni qanday izohlash mumkin?
— Litsenziya shartnomasini tuzish qoʻshimcha tartib-taomil, desak toʻgʻri boʻladi. Ilgarigi tartibga asosan, litsenziya talablari va shartlari qonun hamda faoliyatning oʻziga xosligidan kelib chiqib nizomlarda, shuningdek, litsenziya shartnomasida belgilanardi. Biroq amaliyotda vakolatli organlar tomonidan litsenziya shartnomasida, qonun hamda nizomlarda nazarda tutilmagan qoʻshimcha talab va shartlarni belgilagan holda tadbirkorlik subyektlariga asossiz va noqonuniy majburiyatlar yuklash holatlari kuzatilib kelingan. Endilikda bu muammolarga chek qoʻyiladi.
— Qonun bilan yangi “Litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni oʻzgartirish” instituti joriy etilmoqda. Faoliyatlarni qaysi holatlarda oʻzgartirish mumkinligini tushuntirib bersangiz?
— Litsenziyalar yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar litsenziatning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxsning arizasi asosida vakolatli organ tomonidan quyidagi hollarda oʻzgartirilishi mumkin:
birinchidan, litsenziya asosida amalga oshirilayotgan faoliyat turi litsenziyalanadigan faoliyat turining boshqa kichik turi bilan kengaytirilganda;
ikkinchidan, filiallar va vakolatxonalar tashkil etgan yuridik shaxslarga berilgan litsenziyaga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatga muvofiq ushbu filiallar va vakolatxonalar tomonidan faoliyatni amalga oshirish boshlanganda;
uchinchidan, yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektining faoliyatni amalga oshirish manzili oʻzgarganda, agar uning joylashgan yeriga nisbatan litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlari belgilangan boʻlsa.
— Endilikda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga doir talablar va shartlarga rioya etilishini tekshirish qay tartibda amalga oshiriladi?
— Qonun bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga doir talablar va shartlarga rioya etilishini tekshirish tartibi yana-da takomillashtirilmoqda. Bunda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga doir talablar va shartlarga rioya etilishini tekshirish “Litsenziya” axborot tizimi yordamida masofaviy nazorat, jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatini joyiga chiqqan holda tekshirish, ularning faoliyatiga oid statistik axborot va ulardan soʻrab olingan maʼlumotlarni tahlil qilish orqali, “xavfni tahlil etish” tizimi, jamoatchilik nazorati subyektlarining murojaatlari asosida amalga oshiriladi.
Bir soʻz bilan aytganda, bu qonunning kuchga kirishi tadbirkorlik rivoji uchun yana-da keng imkoniyat yaratdi. Buning natijasida aholi farovonligini oshirish, xalqimizning turmush darajasini yuksaltirishda muhim natijalarga erishiladi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Bahor XIDIROVA suhbatlashdi