Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Namangan xalqaro universiteti oʻrganilganda universitetning oliy taʼlim xizmatlarini litsenziyalash talablari va shartlariga rioya etishda qator qoʻpol qoidabuzarliklar qayd etildi. Xususan:
- talabalarni oʻqishga qabul qilish muddatlariga rioya etilmagani;
- vazirlikning HEMIS axborot tizimiga maʼlumotlar kiritilmagani;
- oʻqishni koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibiga amal qilinmagani;
- barcha taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha adabiyotlar yetishmasligi aniqlandi.
Litsenziya talabi boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun 35 foiz ilmiy salohiyat boʻlishi belgilanganiga qaramay, mazkur nodavlat oliy taʼlim tashkilotida 17 foizni tashkil etgan.
Bundan tashqari, oliy taʼlim tashkilotining hududi ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan taʼminlanmagani, aksariyat oʻquv auditoriyalari, kompyuter xonasi va kutubxona talabga javob bermasligi qayd etilgan. Talabalar turar joylari bilan taʼminlash holati ham qoniqarsiz deb topilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 23-avgustdagi hal qiluv qarori bilan “NAMXU OTM” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati uchun 2022-yil 10-fevralda berilgan litsenziyasi bekor qilingan. Umuman olganda, “NAMXU OTM” MCHJ va vazirlik oʻrtasida ish iqtisodiy sudning 3 ta va maʼmuriy sudlarning 3 ta, jami 6 ta instansiyasida koʻrib chiqilgan.
Biroq, shunga qaramay, universitet 2023/2024 oʻquv yilida 5600 nafardan ortiq talabalarni oʻqishga qabul qilgan, belgilangan talablarga javob bermaydigan hamda litsenziyaga kiritilmagan binoda oʻquv jarayonini tashkil etgan.
Shuningdek, «Valley innovative university» nodavlat oliy taʼlim muassasasini tekshirish jarayonida bir qator litsenziya talab va shartlari qoʻpol ravishda buzilgani aniqlangan.
Universitet litsenziyada koʻrsatilgan faoliyat manzilida emas, balki belgilangan talablarga javob bermaydigan va vakolatli organ tomonidan oliy taʼlim turi boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun xulosa berilmagan manzilda faoliyat yuritgan.
Muassisning bankdagi hisob varagʻida mavjud boʻlishi lozim boʻlgan mablagʻ toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etilmagan. Taʼlim jarayonini qonunchilik hujjatlari boʻyicha amalga oshirish yuzasidan universitetning ichki tartib-qoidalari hamda oʻqishni koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi ishlab chiqilmagan.
Universitetda tahsil beruvchi professor-oʻqituvchilar toʻgʻrisida maʼlumot mavjud boʻlmagan va taqdim etilmagan. Ilmiy darajaga va unvonga ega boʻlgan oʻqituvchilarning minimal talablari ham bajarilmagan. Kompyuter texnikasi bilan jihozlangan elektron kutubxona mavjud boʻlmagan, oʻquv adabiyotlari (darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari) bilan taʼminlanmagan, adabiyotlarning elektron variantlari umuman yetishmasligi aniqlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabarlarda Valley innovative university taʼsischisi vazirlikka aloqasi boʻlmagan shaxslar litsenziyasini bekor qilmaslik uchun katta miqdorda pora talab qilganini aytib oʻtgan.
Valley innovative university va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oʻrtasida iqtisodiy sudning 3 ta instansiyasida sud protsesslari boʻlib oʻtdi. Mazkur sud jarayonlarida taraflar oʻzlarining fikrlarini erkin bildirishdi, shuningdek, asosli dalillarni taqdim etishdi. Biroq Valley innovative university tomonidan sudda biror marta pora talab qilingani toʻgʻrisida maʼlumot berilmadi.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilab qoʻyilgan. Agar jismoniy va yuridik shaxslarga biror shaxs tomonidan pora talab qilinganda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga darhol xabar berish zarur.
Zero, qonunchilikda jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirganlik uchun javobgarlik choralari belgilab qoʻyilgan.
Va yana bir muhim jihat – litsenziyasi bekor qilingan oliy taʼlim muassasalarining talabalarini boshqa oliy taʼlim tashkilotiga koʻchirish uchun masʼuliyat Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi zimmasida boʻlib, talabalar oʻzlari istagan oliy taʼlim tashkilotiga tegishli tartibda koʻchiriladi. Birorta talabaning masalasi eʼtiborsiz qoldirilmaydi. Xususan, Namangan xalqaro universitetining HEMIS axborot tizimiga kiritilgan 5876 nafar talabasidan oʻqishga koʻchirish boʻyicha ariza olish jarayoni 16-fevraldan boshlandi. 19-fevral holatiga 5148 nafar talabadan arizalar olindi.
Shu oʻrinda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi jurnalistlar, blogerlar va barcha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ochiqligini maʼlum qiladi, shuningdek tekshirilmagan yoki oʻz tasdigʻini topmagan xabarlarni eʼlon qilish orqali aholiga notoʻgʻri maʼlumot bermaslikka chorlaydi.