Litsenziyasi yo'q universitetga qabul e'lon qilindi. Vazirlik ogohlantirdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Xalqlar do'stligi universiteti (“Universitet drujbi narodov” MCHJ) nomi ostida 2023/2024-o'quv yili qabuli davom etayotganligi to'g'risida e'lonlar tarqalmoqda.

    Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu xabar hech qanday asosga ega emasligini bildirib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini fake (yolg'on, asossiz) xabarlarga ishonmaslikka chaqiradi.

    Ma'lum qilinishicha, “Universitet drujbi narodov” MCHJ (“Xalqlar do'stligi universiteti”) oliy ta'lim xizmatlarini ko'rsatish uchun tasdiqlangan litsenziyaga ega emasligi hamda litsenziya olish uchun vazirlikga “Litsenziya” axborot tizimi orqali belgilangan tartibda biron marotaba ham ariza bilan murojaat qilmagan.

    "Hurmatli fuqarolar, qadrli abiturientlar va ularning ota-onalari, nodavlat ta'lim muassasalariga o'qishga hujjat topshirayotganda, ushbu xizmatni ko'rsatishi uchun uning litsenziyasi mavjudligini tekshiringiz tavsiya etiladi. Tasdiqlangan litsenziya asosida faoliyat ko'rsatuvchi oliy ta'lim tashkilotlari haqida vazirlikning rasmiy stat.edu.uz platformasi hamda 1006 Ishonch raqamlari orqali bilib olishingiz mumkin.

    SHuningdek, amaldagi tartibga ko'ra respublikada faoliyat yurituvchi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta'lim tashkilotlari hamda ularning filiallari bakalavriati va magistraturasiga qabul bir o'quv yilida bir marta (iyun — sentyabr oylari oralig'ida) amalga oshiriladi. Ushbu muddatdan tashqari talabalarni qabul qilish noqonuniy hisoblanishini eslatib o'tamiz", - deyiladi xabarda.