Mazkur jarayon Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Lokomotivlarni sotib olish yoʻli bilan lokomotivlar parkini yangilash” loyihasi doirasida amalga oshirilyapti.

Hammasi boʻlib mamlakatimizga 30ta zamonaviy elektrovozlar va ular uchun kerakli boʻlgan ehtiyot qismlarni olib kelish rejalashtirilgan. Yangi olib kelinayotgan lokomotivlar yoʻlovchilar va yuklarni tashish uchun moʻljallangan boʻlib, shu jumladan murakkab togʻli hududlarda ogʻir yuklarni tashish quvvatiga ham ega. Elektrovozlar ekologik xavfsizlik jihatidan xalqaro talablarga javob beradi va asinxron tortish elektr dvigatellari bilan jihozlangan. Lokomotivlarda qoʻllaniladigan zamonaviy texnologiyalar elektr energiyasini tejash bilan birga yoqilgʻi sarfini kamaytirish imkonini beradi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasidagi hamkorlik dasturi doirasida “Lokomotiv parkini yangilash” loyihasini amalga oshirish maʼqullandi. 2019-yil 30-avgustda OTB bilan loyiha uchun 170 million dollar miqdorida kredit shartnomasi imzolandi.

Shu kunlarda loyihada belgilangan elektrovozlarning birinchi partiyasi, yaʼni 3ta yuk va 1ta yuk-yoʻlovchi lokomotivi hamda ularning ehtiyot qismlari olib kelindi. Joriy yil 9-dekabrda ularning biri (ikki seksiyali yuk lokomotivi)da tegishli sozlash ishlari yakunlangach, sinov ishlari boshlandi. Yaqin kunlarda yangi elektrovozlarning 2-partiyasida yana 5 dona (3 yuk va 2 yuk-yoʻlovchi) elektrovozlarini olib kelish rejalashtirilgan. 2020-yil oxiriga qadar elektrovozlarning 3-partiyasini, yaʼni 3 ta yuk elektrovozlarni olib kelish rejalashtirilgan. 2021-yilda esa, shartnoma belgilangan qolgan 13ta yuk va 5ta yuk-yoʻlovchi elektrovozlar olib kelinadi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning lokomotiv parkida mavjud boʻlgan lokomotivlarning 50 foizdan ortigʻi yangilangan, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.